Navoiy armoni

Foto: Arxiv surat
Alisher Navoiy... Bu oʻlmas soʻz sanʼatkorining ijodini oʻrganish hamisha koʻngillar uyini ravshan qilib, qalblarga muhabbat va halovat bagʻishlaydi, insonni ezgulik, poklik, komillik sari yetaklaydi. Bu zot nafaqat asarlari, bunyodkorlik va ezgulikka yoʻgʻrilgan hayoti hamda faoliyati bilan ham barcha zamonlarda ibrat timsoli boʻla oladi.
Shu bois asrlar davomida jahon ahli ulugʻ shoirning koʻngil olamini, ijodiy merosini, hayotini oʻqib-oʻrganmoqda. Shoiru yozuvchilar, ilm-fan namoyandalari ulugʻ ustod haqida ilmiy, badiiy asarlar yaratmoqda.
Quyida taqdim qilinayotgan Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron qalamiga mansub hikoyatda ham Alisher Navoiyning soʻnggi kunlari, koʻngil tubida qolgan armoni haqida soʻz boradi.
Shahzoda Moʻmin mirzo oʻldirilgan hijriy toʻqqiz yuz uchinchi yilning safar oyida – 1497 sananing erta bahorida Mashhaddan Hirotga qaytayotganda shafqatsiz qatl xabarini eshitgan Mir Alisher bagʻoyat qattiq qaygʻurdi va unga peshvoz chiqqan yoru birodarlariga nadomat bilan: «Bir vaqtlar Shayx Majididdin Bagʻdodiyning oʻldirilishi oqibatda Chingizxon bosqinidan Movarounnahr va Xuroson qanday qirgʻinbarotga uchragan boʻlsa, Moʻmin mirzoning oʻldirilishi oqibati ham xuddi shunday falokatlardan darak beradur», – deb aytdi.
Mir Alisher bunday qabihona qotillik – boboning oʻz nabirasini oʻldirishga fatvo berishi saltanat inqirozining ibtidosi ekaniga ishora qilganini payqagan Sulton Husayn Boyqaro qattiq gʻazablandi. Ammo gʻazabini ichiga yutdi.
Sulton Husayn bu mashʼum voqeadan soʻng qariyb yarim asrlik qadrdoni boʻlmish Mir Alisher saltanat ishlaridan butunlay chetlashishga, bir umrlik orzusini amalga oshirishga ahd qilganidan bexabar edi. U, bu haqda eshitganda ham jiddiy eʼtibor bermadi, illo, Mir Alisher bunday qarorlarni oldin ham qilgan, ammo uning boshiga tashvish tushganda hech qachon qarab oʻtirmagan, xonanishinlikni tark etib albatta koʻmakka kelgan. Shoyadkim, bu gal ham shunday boʻlgay... Qolaversa, Mir Alisherni podshoh xonadoniga ipsiz bogʻlab qoʻygan bir kuch bor ediki, u ham boʻlsa, Sulton Husayn Boyqaro bilan birga kechgan bolaligu yoshlik yodi edi.
U, oʻttiz yildirki, saltanat ostonasida tuproq boʻldi. Doʻsti oʻtirgan taxt tinchini koʻzladi. Ota avlodi qariyb bir asr mobaynida sadoqat bilan xizmat qilgan temuriylar ravnaqi yoʻlida qoʻliga qilich olishgacha bordi. Bu xizmatlari evaziga podshoh unga koʻp iltifotlar qildi, oliy martabalar berdi. Baʼzan oʻz nazaridan chetlatdi, ammo yana huzuriga chorladi.
Podshohga doʻst kishining dushmani koʻp boʻladi. Oʻttiz yildir-ki, bu dushmanlar uni yomon koʻradilar, unga tuhmat qiladilar, boʻhton yogʻdiradilar. Ammo u pushaymonlik chekmaydi, zero, pushaymonligidan sud yoʻqtur. Yoʻq, yoʻq, u pushaymon emas, chekkan zahmatlaridan rozi. Illo, u har vaqt koʻngilni Tangri taolo yodidan gʻofil, musulmonlar dodidan otil qilmadi. Doʻstlar fikridan va dushmanlar makridan beparvo boʻlmadi.
Mana shu zahmatlari tufayli mamlakatda osoyishtalik qaror topdi. Mir Alisher sabab Sulton Husayn Boyqaro saroyida ahli fazl va benazir insonlar yigʻildilar. Mana endi farxunda zamon bugunga kelib – podshoh ham, oʻzi ham qariganda shikasta boʻladiganga oʻxshaydi. U umr boʻyi doʻstini adolatli podshoh boʻlishga daʼvat qildi. Zulm va adolatsizlik bois obod joylar vayron, kabutar oshyonlari boyqushga makon boʻlishini anglatdi. Podshohlar esa zulm va adolatsizlik qilishga koʻproq moyil boʻladilar. Nohaq qon toʻkmoqlik ularning hunari, muddao, toki joni bor odam undan qoʻrqsin. Podshohlarning nomaʼqulchiligi oʻzlariga yaxshi koʻrinadi. Qorani oq desa, – maʼqullamagan gunohkor, qora demaganlarning esa roʻzgʻori qaro boʻladi. Podshohlarga toʻgʻri soʻzni aytganlarning joni xatarda, ezgulikka undaganlarni jallodning qilichi kutadi. Ammo u doʻst sifatida ham, vazir sifatida ham podshoh qoshida toʻgʻri soʻzlashdan choʻchimadi. Inchunin, podshohning vaziri ham yomon, iymonsiz boʻlsa fuqaroning holiga voy.
Mir Alisher porso va pokdoman kishi edi. Ulugʻ martabalar koʻrgan boʻlsada, ularning havasiga uchmadi, tariqatga sodiq qoldi. Sulton Husayn mirzoning oʻzi bir gal uning porsoligi va tahoratini buzmasligi haqida gapirgan va «Bu hazrat dunyoga kelib hayot xilʼatini kiyganlaridan buyon etaklariga shahvat chirkini teggizmaganlar, futavvot va joʻmardlik yoqasi laʼli tugmasini xotinlar havoyu havasiga tutqizmaganlar», — deb aytgandi.
Mir Alisher yoshligidan boshlab, Mashhadda va Samarqandda saboq olganida ham, hamisha darveshlar suhbatini ixtiyor etdi, hidoyat yoʻlida rahnamo mashoyixlar ilmini oʻrgandi va har doim bu pokdamonlar guruhiga ixlos va muridlik qadami ila mulozamatda boʻldi. Astrobod voqealari tufayli podshoh bilan oʻrtalarida tushgan raxna sabab saroydan chetlashganda ham saltanat ishidan etak yigʻishtirib, ibodat va riyozat ahli bilan birla boʻldi, shu maqsadda Roboti Suhaylda xonanishinlik qildi. Faqirlik va fano yoʻlidan ketishga moyil edi, lekin, oradan koʻp vaqt oʻtmay, podshoh uni yana saroyga chorladi. Mir Alisher avvalida “Men yoʻlim faqirlikda” deb koʻnmadi. Oxiri bir kuni podshoh butun saroy ahli qoshida “Saltanat ishini tartibga solish sizning raʼyingizga qarab qoldi. Keling, doʻstim, qarorsiz qalamingizdan mamlakat barqaror boʻlsin”, deb aytdi. Nihoyat “Bir soatlik adolat oltmish yillik ibodatdan afzal”, degan soʻzga amal qilib Mir Alisher koʻnishga majbur boʻldi.
U uzoq vaqt saltanat tashvishlari bilan band boʻlsa ham, ammo hech qachon pok va ulugʻ Alloh taoloni unutmadi, ayilbotar soʻzlar bilan darveshlar dilini ranjitmadi, har bir ishda ixlos va imonni kasb etdi. Shu sababdan ham saltanat ishkalini tuzatish borasida podshohga maslahat berganda, imonni oʻrtaga qoʻyib soʻyladi. Yaratgan inoyati bois yoshlarga shafqat, doʻstlarga karam, kattalarga izzat koʻrsatish yoʻrigʻiga rioya qildi.
Unga podshoh koʻp yer-suv inʼom qildi. Ammo u boyishni hayoliga ham keltirmadi, oʻz mulkidan tushgan daromaddan xayrli binolar tiklash, madrasalar ahvolini yaxshilash, maʼrifiy kitoblardan nusxa koʻchirish, ilmu toliblarga nafaqa belgilash, muhtojlarga yordam koʻrsatishga, va hatto zarurat tugʻilganda podshohga, lashkarga sarfladi. Mir Alisherning bir kunlik daromadi oʻn sakkiz ming shohruhiy dinor edi va u ana shu daromadning hammasini saxovat va himmat ehsoniga aylantirishga urindi.
U hech qachon Haqdan qoʻrqishni esdan chiqarmadi, boshiga mashaqqatlar tushganda, sabr va chidam bilan Allohga sigʻindi. Boshqalarni ham shunga daʼvat etdi. Shu yoʻlda mashoyixu soʻfiylar zikrida va suluk yoʻllari bayonida «Nasoyim ul-Muhabbat», «Lison ut-tayr» kitoblarini bitdi. Fuqaroyu darvishlar, gʻaribu musofirlar gʻamida turli mavzelarda xonaqohlar, robotlar, hovuzlar, hammomlar va koʻpriklar tikladi. Birgina “Xolisiya” xonaqohida har kuni mingdan ziyod miskinga tomoq tarqatiladi, har yili muhtojlarga ikki mingga yaqin poʻstin, chakmon, koʻylak-ishton, taqiya va kovush ulashiladi. Bunaqa xonaqohlar esa necha-necha…
Bundan ikki yil muqaddam Nishopurga borganida, mashoyixlar, shu jumladan oʻzi eʼtiqod qoʻygan Shayx Farididdin Attor mozori xarobga aylanganini koʻrib, taʼmirlashni buyurdi, shayx qabri ustida yangi xonaqoh tiklatdi. Hirotdagi Margʻani bogʻida mahobatli bir masjid bino qilib, oʻz zamonining atoqli qorilaridan Xoja Hofiz Muhammad Sultonshohni imomlikka tayinladi va oʻzi ham u yerda besh vaqt namozga hozir boʻldi.
Mir Alisher Marvdan dorulsaltanatga qaytayotib, yoʻl boʻyi oʻylagani toʻgʻri chiqdi. Mamlakatda Badiuzzamon mirzo isyonidan soʻng boshlangan osoyishtalik uzoq choʻzilmadi, bor-yoʻgʻi bir yilga yetmay barham topdi. Bu safar Sulton Husayn mirzoning boshqa bir oʻgʻli – shahzoda Abulmuhsin mirzo gʻavgʻo boshladi. Sulton Husayn qoʻshin bilan yana Marv tomon otlandi.
Bu voqeadan bir muncha vaqt avval Mir Alisher podshohga qayta-qayta murojaat qilib, Kaʼba tavofiga ijozat olishga muvaffaq boʻlgan edi.
Sulton qoʻshini dorulsaltanani tark etgach, Mir Alisher muborak safarga chiqish mavridi kelganini, inchunin, endi bu saltanatda tinchlik, dunyo gʻavgʻolaridan xolilik hech qachon nasib etmasligi bildi. Shu sabab fursatni gʻanimat bilib yoʻlga chiqdi va bir necha kunlardan keyin Mashhadga yetdi. Shaharga yaqinlashib qolganda, yana bir karra podshohning hol-ahvolini surishtirmoq, qolaversa, ijozatni tagʻin ham mustahkamlamoq niyatida mavlono Abdulhay Tabibni Sulton Husayn Boyqaro huzuriga – Marvga joʻnatdi. Oʻzi boʻlsa bir kezlar Imom Rozi maqbarasi yonida yetim va qashshoqlarga tomoq ulashish uchun tiklatgan gʻalvurxonada qoʻnim topib, javob kutdi. Oradan koʻp oʻtmay, Mavlono Abulhay isyonchi shahzoda bilan jang qilib yurgan Sulton Husayn mirzo qoshidan yetib keldi va podshoh maktubini topshirdi.
Maktubni olgan kuni Mir Alisher mashhad ulugʻlari va yoʻldoshlari bilan maslahatlashdi. Ular saltanatning osoyishtaligi uchun Mir Alisherning Hajga borishini kechiktirishni lozim koʻrdilar. Buning ustiga mavlono Abdulhay shahzoda Abu Muhsin mirzo otasi bilan sulh tuzish uchun Mir Alisherning oʻrtada vakil boʻlishini shart qilib qoʻyganini aytdi. Podshoh bu gapni qogʻozga ishonmay, mavlonodan ayttirib yuborgan edi. Oqibatda Mir Alisher Marvga qarab joʻnadi. U tushgan karvon Mashhad bilan Marvning oʻrtasida joylashgan Saraxs kentiga yetganda, uni tugʻishgan inisi Darvishali kutib oldi. Ertasi kuni Sulton Husaynning ham shu manzilga yaqinlashayotgani maʼlum boʻldi. Podshoh bilan shoir Bozorgʻontepa oʻlangida suhbat qurdilar. Podshoh maktubida bitgan soʻzlarni yana, qayta takrorladi. Mir Alisher indamay tingladi va podshoh soʻzini tugatgach shunday dedi:
– Aʼlo hazrat, bir paytlar men podsholik ishlarini shugʻullanishdan qoʻl tortadigan boʻlsam, Shayx Najmiddin Kubro mozori yoki Xoja Abdulloh Ansoriy maqbarasi ostonasining joʻrubkashi boʻlaman, deb aytgan edilar.
– Shunday Alisherbek. – dedi Sulton Husayn mirzo xomush tortib, qariyb yigirma yil burun aytgan gapini doʻsti unutmaganiga, uning quvvai hofizasiga tahsin oʻqigan podshoh birdan sergak tortdi va Mir Alisher muddaosini bilish niyatida gapning davomini kutdi. – Oʻsha soʻzlaringiz sizga muyassar boʻlmogʻi bundan soʻng ham mushkul. Ammo shu niyatga yetmoqni istagan mahramingizga Hijoz safariga joʻnashga ijozat bermaysiz. Necha bor ruxsat tiladim, hatto soʻnggi marta ragʻbat qilganingizda ham koʻnglingizdan xohish alomatini tuymagan edim. Shu bois garchi ixtiyor teggan boʻlsada, sizning qoshingizga yana odam yubordim, yana maktub bitib, meni yoʻldan qaytardingiz.
Podshohning besaranjomlanganini koʻrib, Mir Alisher, buyogʻini eshiting, degandek, qoʻlini koʻksiga qoʻydi. – Bu gaplarni aytishdan maqsad, aʼlo hazratga taʼna soʻzini arz qilish emas. Illo, tilaganingizdek, maktub bitishingizdan murod safarni man etish ekan, degan xayolga borganim yoʻq. Bu gaplarni aytishdan maqsad yana ijozat tilash. Agar ruxsat bersalar, qolgan hayotimni Xoja Abdulloh Ansoriy mozori ostonasini supurishga sarflasam. Yana meni saltanat ishlaridan xoli etsangiz, bunday masʼuliyatdan ozod boʻlsam. Netayki, qarilik ham xudoning inoyati ekan, soʻngaklarim moʻrt, koʻzlarim benur, koʻngil esa farogʻat tilaydur…
– Qaridim, demang, Alisherbek, – dedi Sulton Husayn. – Mendan uch yil yoshsiz. Men qaridim desam boʻlar. Ammo, qarangki, qoʻlimda qilich, chopqillashib yururman. Siz boʻlsangiz…
– Qaridim, aʼlo hazrat, qaridim, – dedi Mir Alisher, – oldingi quvvatim yoʻq. Hijoz safari ham soʻnggi safarim boʻlmogʻini boʻynimga olgan edim.
– Mabodo siz Xurosonda qolar ekansiz, har qanday iltimosingizni bajarmoq men uchun farz, – dedi podshoh. Chunki, bilamizki, siz bu mulkni tark etsangiz, men yolgʻiz qolurman. Meni yolgʻiz qoldirmangiz. Yoshlikda, kuch-gʻayrat borida yonimda boʻldingiz, endi qariganda, bir-birimizni tark etsak, qandoq boʻlur?
Suhbat soʻngida Sulton Husayn Boyqaro keksa shoir ustiga oltin tugmali, avrasi zarbof qora qunduzi poʻstin va yana bir necha qimmatbaho toʻnlar yopdi. Bir necha kundan soʻng Mir Alisher ota ila oʻgʻilni yarashtirish ishlarini ado etgach, podshohning ijozati bilan dorulsaltanaga yoʻl oldi.
U Hirotga shaʼbon oyining oʻrtalarida yetib keldi. Malikulshuaroning qaytayotganidan xabar topgan poytaxt ahlining quvonchi behad, shahar darvozasidan to Unsiyagacha tumonat odam peshvoz chiqqan edi.
Qaytganiga bir hafta boʻlar-boʻlmas Mir Alisher Xoj Ansoriy mozori poyida katta yigʻin qilib, shahar ulugʻlarini chorladi va ulardan qutlugʻ dargoh joʻrubkashi boʻlishdek, moʻtabar vazifa uchun fotiha berishlarini tiladi. «Men mundin soʻng darvishlik va goʻshanishinlik bodasida istiqomat qilishni ixtiyor etdim», – dedi u.
Oʻsha kuni shunday ulugʻ majlis boʻldiki, saltanat boshida turgan Muboriziddin Muhammad Valibek kabi amirlar mozorda yigʻilgan ulamolar xizmatida oyoqda qoldilar. Yetmish qoʻy, yigirma besh ot soʻyildi va oʻttiz botmon qand va yana chandon noz-neʼmatlar oʻrtaga tortildi. Majlis soʻngida mashoyixlar Mir Alisherga fotiha berdilar.
Oʻsha majlisdan koʻp vaqt oʻtmay Mir Alisherni dorulsaltanatga joʻnatib, sher ovlash havasida Mozandaron tomonga yoʻllangan podshohdan farmon keldi. Farmon saltanat poytaxtida hukm yurgizgan Amir Valibek nomiga bitilib, unda tez orada Hirot va uning atrofidagi aholidan zarur xarajatlar uchun yuz ming dinor undirish buyurilgan edi. Amir Valibek talab qilingan mablagʻning yarmini shahar yon-tevaragidagi dehqonlardan undirib, qolganini poytaxt nufusi gardaniga yuklashni moʻljalladi.
Ammo Amir Valibek hech bir ishga Mir Alisher fikrisiz va maslahatisiz daxl qilmas edi. Shu sabab oʻz moʻljalini shoirga maʼlum qoldi. Mir Alisher “Bu fursatda xalq ustiga oʻrinsiz soliq solishni oliy darajali Sohibqiron davlatiga munosib koʻrmayman” – dedi va oʻsha kuniyoq mazkur mablagʻni oʻzining daromadidan toʻladi. Uning bu saxovatini eshitib, shahar ahli ulugʻ kishilarni vakil qilib yubordilar. Shoir vakillarning minnatdorchiligini qabul qilarkan, «Haj safari azimati ila chiqqan yoʻlidan qaytarildim. Ammo bu yoʻldan qaytganim ila elimga karam qilish yoʻlidadurman», – dedi va soʻzini bayot bilan tugatdi:
Xush ulkim, anga lutf birla xudo,
Ulusning qabulini qildi ato…
Mir Alisher Ansoriya mozorining sharq tomonida bir honaqox qurilishini boshladi, chor-tarof obodonchiligi xayolida boʻldi. Xoli qolgan kezlari goh Xojaning qalamiga mansub «Ilohiynoma» risolasini mutolaa qilar, goh “Vaqfiya”ni qoralash ila band boʻlardi. Ammo saltanatdagi notinchlik bu ulugʻ va savob ishlarga andarmon Ansoriya joʻrubkashiga orom bermasdi. Podshoh deyarli poytaxtda boʻlmas, damba-dam koʻtarilayotgan isyonlarni daf etish bilan ovora edi. U qoʻrqib qolgan, shu qoʻrquv bois hatto eng yaqin kishilariga ham shubha bilan qarardi. Kutilmaganda u Mir Alisherning inisi Darvishalini Balx hokimligidan boʻshatdi. Ketma-ket Astrabod voqealaridan soʻng darveshlik ridosini kiygan togʻavachchasi Mir Haydar podshohga nisbatan xiyonatda – Qunduz hukmdori Xusravshohni Hiriy ustiga bosqin qilishga chorlashda ayblanib oʻldirildi. Bundan darak topgan Mir Alisher ich-ichidan oʻrtandi, oʻz mulozimlarini yuborib, Haydarning jasadini keltirib Chashmai Mohiyona dafn ettirdi.
Bu fojiali voqealar Mir Alisher koʻnglida hali soʻnib ulgurmagan hajga borish, paygʻambar qabrini tavof qilish xayolini qayta kuchaytirdi. U yana Sulton Husayn Boyqaroga murojaat qilib, istijoza tiladi. Podshoh bu murojaatga undagan sabablarni bilsada, oʻzini bilmaganga olib, goh ruxsat berar, goh Ansoriyaga tashrif buyurib, safarga oshiqmaslikni iltimos qilardi. Bu hol bir necha marta takrorlangach, Mir Alisherning qarori araz va ranj bois boʻlmay, balki qatʼiyat tufayli ekanini bilgach, podshoh ijozat berdi va yoʻl farmonini marhamat qilishini aytdi. Mir Alisher bir necha kundan soʻng farmon bitilganini eshitdi. Ammo podshoh “Biroz sabr qiling, zamon notinch, yoʻllar xatarli”, degan bahonalar ila yoʻl farmonini berishni har gal kechiktirardi.
Chindan zamon notinch edi. Daryo nariyogʻida – Movarounnahrda dashtlik oʻzbeklar xoni Shayboqxon ketma-ket gʻalabalar qozonib, kuchga toʻlib kelardi. Bunday raqib oldida temuriy hukmdorlar birlashish oʻrniga bir-birining goʻshtini yeyish bilan ovora. Shahzoda Abulmuhsin mirzo oʻzbeklar bilan Qorakoʻlda jang qilib, yengilib kelganidan beri Sulton Husayn mirzoning koʻngli ham alagʻda.
Mir Alisher shu kunlarda Sohibqiron Amir temur poytaxti – Samarqandi bemonandni qoʻlga kiritish uchun Shayboqxon bilan jang qilib yurgan Sulton Abdusaidning evarasi Bobur mirzo haqida koʻp hikoyalar eshitdi. Samarqandda boʻlganida koʻp marhamatlar koʻrsatgan Ahmad Hojibekdek pokdoman bir kishi shu mirzoning tarafida boʻlib, bundan bir necha muddat avval jangda shahid ketganini bilib oʻkindi, yosh mirzoga xudodan inoyatlar tiladi. Xususan, yosh mirzo bitgan turkona baytlar ogʻizma-ogʻiz koʻchib, uning qulogʻiga ham yetgach, ixlosi yana oshdi. Gʻazal piri boʻlmish Mir Alisher bu baytlarda jobajo mahzunlik va dilovarlikni tuyib, tahsinlar oʻqidi. Mehri joʻshib, bir gal yarim tungacha oʻtirib, Bobur mirzoga maktub bitdi va oʻzining sodiq kishisi orqali Samarqandga joʻnatdi. Maktub egasiga yetdimi, bilmaydi. U har gal yosh mirzo haqida oʻylarkan, koʻksiga iliqlik yugurardi.
Nihoyat, bahor soʻngida qishda bitilgan yoʻl farmoni qoʻlga yetdi. Farmonning muxtasar mazmuni mana bunday edi:
«Mir Alisher Sulton Husayn xonadoniga yaqin turgan emukdosh, bu davlatning asosiy tayanchi va sultonning eng yaqin va sodiq doʻsti hamda doimiy suhbatdoshidir. Shu kunlarda u kishi hajga borish istagini bildirib, podshohdan joʻnashga ruxsat soʻragan. Agarchi bir necha bor bu niyatni bildirib iltimos qilinsa ham har gal fuqarolar manfaatiga bogʻliq sabablar koʻrsatilib, iltimos amalga oshmay toʻxtatilar edi. Bu gal Amirning xotirini saqlab ijozat berib, hukm joriy qilinganki, hajga yurishda u kishi qaysi joyga borsa, har yerda hamma katta-kichik zoʻr ehtirom ila kutib olib, kuzatsinlar. Xatarli manzillarda oʻziga va hamrohlariga yoʻl koʻrsatib, bekatdan-bekatga tinch va salomat oʻtkazib qoʻysinlar. Hamma amirlar, dorugʻalar, ayon va ashrof, barcha shahzodalar va umum aholi bu hukm ijrosidan chekinmasinlar. Ushbu farmon podshoh amri ila 905-yil, zul-qaʼda oyining beshinchisida yozilgan».
Farmon qoʻlga tegishi bilan boshlangan tayyorgarlik koʻp oʻtmay yana toʻxtadi. Chunki, yoz boshlangani tufayli harorat kuchayib, bepoyon sahroyu dashtlar orqali oʻtadigan yoʻl gʻoyatda mashaqqatli boʻlishi oydinlashdi. Safar kuz boshigacha kechiktirildi. Taqdir taqozosi bilan voqealar yana qayta takrorlana boshladi. Ayni shu yoz kunlari – muharram oyining boshida (1500-yil iyulida) podshohning kichik oʻgʻillaridan biri – Muhammad Husayn mirzo otasiga qarshi koʻtarildi. Keksa podshoh yana dorulsaltanatni tark etib, shahzoda ustiga – Astrobodga yurish qildi.
Sal ilgariroq Sulton Husayn Boyqaro Mir Alisherni oʻz qoshiga chorladi. Shoir qabulxonaga tashrif buyurganda, podshoh Amir Valibek bilan suhbatlashib oʻtirardi.
– Yana Astrobodda isyon, – dedi podshoh, – yana farzand isyoni…
– Astrobod ham, farzandingiz ham koʻzingizdan yiroq, shul sabab qoʻrquvni unutarlar, – dedi Amir Valibek.
– Yoʻq, janob Valibek, ular mehrni, oqibatni unutarlar, – dedi qatʼiyat bilan shoir.
Ular uzoq kengashdi. Podshoh, Mir Alisherga haj safariga ruxsat va yoʻl farmonini berganini unutgandek, suhbat nihoyasida dorulsaltanat ixtiyorini doʻsti va Amir Valibekka qoldirajagini maʼlum qildi. Mir Alisher bunga javoban hech nima demadi. Podshoh maktabdosh doʻstining koʻzlariga qaramaslikka harakat qilib xayrlashdi.
Dastlabki kunlar Mir Alisher tadbirkor Amir Valibek bilan birga boʻldi, saroydagi mashvaratlarda qatnashdi. Ammo bir haftadan soʻng qoʻli ishga bormay qoldi. Podshoh iltimosi yodida boʻlsada, Mir Alisherning ortiq toqati qolmagandi. U Hijoz safariga tayyorgarlikni tezlashtirdi. Podshoh Hirotni tark etganidan ikki hafta oʻtar-oʻtmas – muharram oyining oxirida yoʻlga tushdilar. Biroq shahardan chiqqan karvon yoʻlini tashvishli xabar toʻsdi. Otasining Astrobod tarafdaligidan foydalanib, saltanat taxtini egallash orzusida yurgan Badiuzzamon mirzo Hirot ustiga qoʻshin boshlab kelayotganmish. Lak-lak navkar Xuroson ahliga xavf solayotganidan tashvishga tushgan keksa shoir yana orqaga qaytdi. Zero, u mabodo poytaxt Badiuzzamon qoʻliga oʻtgudayin boʻlsa, saltanat parchalanishga yuz tutishini chuqur fahmlar edi. U chorshanba kuni chiqib ketgan shaharga payshanba kuni qaytib kirdi.
Ertasi kuni masjidi jomeʼda juma namozidan soʻng taniqli mashoyixu ulamolar va Hirot shahri ayonlari, ashrofu raislari Mir Alisherni oʻrtaga oldilar.
– Sizning fayz-barakali zotingiz Xuroson mulki daxlsizligining sababi va fuqaro osoyishtaligining boisidir, – deb gapni uzoqdan boshladi shayxulislom. – Bizning barchamiz sizga muborak safarga fatvo bergan edik. Va illo, bugun saltanat va fuqaro xotirjamligi haqi vijdoningizdan Makka azimatini bir muddat kechiktirishga fatvo tilashingizni oʻtinamiz.
– Sohibqiron sizu menga dorulsaltanatni omonatga qoldirgan edilar. Sabr qiling, podshoh hazratlari qaytsinlar, omonatlarini eson-omon topshiraylik, soʻng yana muborak yoʻlga otlanursiz, – dedi kuni bilan mudofaa tayyorligiga bosh-qosh boʻlib, baqiriq-chaqiriqdan ovozi boʻgʻilib qolgan Amir Valibek.
– Notinch fuqaroga bosh boʻling, – dedi Amir Qivomiddin Mozandaroniy, – bu xayrli ish savobini yetmish poyu-piyoda hajdan ortuq koʻrsinlar. Illo, oʻzlari aytganlaridek:
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay…
Mir Alisher davradagilar soʻzini indamay tingladi. Oʻrtada sukut choʻkkach, sekin bosh koʻtarib, maʼyus ovozda soʻzladi.
– Hammangizga maʼlumdirki, uzoq muddatdan buyon Makka azimati orzusidaman. Bu niyat hazrati Maxdumi Nuran (Abdurahmon Jomiy) Kaʼbani tavof etib qaytgan kundan xotiramga tinchlik bermaydir…
U shunday dediyu, koʻz oʻngida bunday bir necha yillar avval piru ustozi safardan qaytgan damlar jonlandi. Oʻshanda Mir Alisherning boshiga ogʻir kunlar tushgan, birodari Darvishali podshohga qarshi isyon koʻtargani sabab jazoga tortilgan va hukmdor bilan shoir oʻrtasidagi yaqinlik omonat boʻlib qolgan edi. Shu bois shoir necha marta azm qilgan ishi – saltanat tashvishidan etak yigʻishtirishga ahdlandi. Xuddi oʻsha kunlar bu haqda eshitgan ustozi surishtirib qoldi.
– Bir gap eshitdim, boisi ne erur?
– Inson jinsi suhbatidan bezdim, hazrat, boisi shuldir, – dedi Mir Alisher.
Jomiy unga bir muddat oʻychan boqdida:
– Siz inson deb kimlarni xayol qildingiz, qani, ularni bizga koʻrsatingchi? – dedi.
Oʻshanda saroy hayotidan chetlatgani uchun tanbeh kutgan Mir Alisher bu gapni eshitib, xotirjam boʻlgan edi. Mana, sakkiz yildan oshdiki, ustozi yoʻq, doʻsti yoʻq. Mana, sakkiz yildirki, uning dil ragʻbatini tinglaydigan inson yoʻq…
Uning gurung asnosida birdan qattiq xayol surib qolishiga oʻrgangan davradagilar sukut saqlashardi. Mir Alisherning bu odati Hiriydagi har bir kishiga maʼlum edi. Shogirdi boʻlmish Xondamirning “Amir bunday damlarda bizni zaminda qoldirib, samovotdagilar bilan suhbat quradilar”, degan soʻzi mashhur edi.
Mir Alisherning qaytib yerga tushganini sezgan davradagilar bir-birlariga qarab olishdi. Shoir gapni kelgan joyidan boshladi:
– Ha, bu niyat hazrati Mahdumi Nuran muborak safardan qaytgan damdan xotiramga tinchlik bermaydir. Ammo har safar shu maqsad tomonga yoʻnalish niyatida hozirlik koʻra boshlasam, Sohibqiron moneʼ boʻldilar. Har safar bu monedan ranjimay, boʻynimni egdim. Bul safar oʻzlari yoʻl farmoniki berdilar, oʻzimiz ham safar tadoriki uchun katta mablagʻ sarfladik...
Shunday boʻlsada, “Moʻminlar qalbiga shodlik kiritish butun insonlar ibodatidan xayrlidir”, degan soʻz mulohazasi bilan sizdek ulugʻlar iltimosini qabul qilurmiz va fuqarolar manfaati uchun bu navbat ham oʻzimizni bu istakdan qaytarurmiz.
Davradagilar xursand boʻlib duo va hamdu sano aytishga ogʻiz ochdilar. Soʻng poytaxt mudofaasini uyushtirish borasida zarur tadbirlar maslahati boʻldi. Eng avvalo Badiuzzamon mirzo huzuriga elchi joʻnatish maʼqul deb topildi.
Ertasi kuni elchi yoʻlga chiqdi. Badiuzzamon mirzo elchiga «Agar otamiz Sohibqiron Sulton Balx viloyati va Amudaryodan Murgʻobgacha boʻlgan joylarni mening iligimga topshirsalar, nomimiz xutbada tilga olinsa, qoʻlimizga qilich tutmasmiz», — dedi. Alaloqibat podshoh Mir Alisher bergan maslahatga quloq solib, Badiuzzamon tilagan viloyatlarni berishga majbur boʻldi. Saltanatning deyarli yarmi iligiga oʻtgan Badiuzzamon mirzo endi qariyb podshoh edi, xutbada otasi bilan bir qatorda uning nomi ham yodlana boshladi.
Ammo hali shahzoda Muhammad Husayn mirzo gʻavgʻosi tinchimagan edi. Otasi ogʻasiga qilgan marhamatini ojizlik deb bilgan shahzoda aql jilovini yoʻqotib qoʻydi. Alamzada Sulton Husayn Boyqaro yana Astrobodga qarab joʻnadi. Shahzoda otasining juda qattiq gʻazabga toʻlib kelayotganini, na ogʻasi Badiuzzamon mirzoga boʻlgan alamini ham undan olajagini anglab, otasi huzuriga elchi joʻnatib, tavba qildi. Sulh xabarini eshitgan Mir Alisher Navoiy ham yosh boladek quvondi. Koshki, bu soʻnggi isyon boʻlsayu saltanatda xotirjamlik choʻksa. Yoʻllar tinch, xavf-xatarsiz, shaharlar farxunda va toʻq, fuqarolar hamjihat boʻlsa…
Qari shoir ushalmagan orzusini oʻyladi. Nahotki, orzusi armonga aylansa? Endi haj azimati qilmoqqa soʻnggi kunlar battar yomonlashgan sogʻligʻi yoʻl bermasligini angladi. Angladiyu, Makkaga borurmiz, deb umid tizginini uning eshigiga ilganlar, unga hamroh boʻlish maqsadida taraddud koʻrib yurgan faqiru bechoralarni haj yoʻliga chorlab, butun xarajatni oʻz ustiga olishni bildirdi.
Bir necha kundan keyin Hirotdan chiqqan karvon Nishopur yoʻli orqali magʻrib tomon yoʻnaldi, karvon boshida yoʻrgʻalab borayotgan eshakka mingan Xazon laqabli qari darvesh shahar darvozasidan chiqqach, toʻxtab hazrati Mir Alisher haqiga uzoq duo qildida, soʻng shoirning muborak safar ishqida bitgan baytlarini ishtiyoq bilan kuylab yoʻlga tushdi:
Menikim, bu savdo nizor ayladi,
Havas ilgida beqaror ayladi …
Karvonni kuzatishga chiqqan Mir Alisher shahar darvozasiga yetdiyu, ortiga qaytdi. U goʻyo shahar darvozasidan chiqsa, oʻzini toʻxtata olmay, karvonga qoʻshilib ketadigandek holatda edi. U mahzun kayfiyatda Unsiyaga qaytdi va “Vaqfiya”ni varaqlab, koʻngil bayoni bitilgan satrlarni shivirlab oʻqiy boshladi.
«Emdikim hayotim gulshanining bahori xazonga yetishdi va gulshanda ochilgʻon yigitlik gullari toʻkila kirishti. Savzasi tabiat havosi burudatidan oqardi va lolasi quhulat sovuq nafaslaridan sargʻardi, sunbuli serobi margʻulalaridan tob ketti va niholi sarbalandi ajal sarsaridan fano tufrogʻiga yiqilurgʻa yetti. Ul hazratning (yaʼni Sulton Husayn Boyqaroning) muabbad davlatidan va raʼfe himmatidan koʻnglumga kechmagan komlarga komgor boʻlubman va tushimga kirmagan maqosidga iqtidor topibman. Ikki orzu rishtasidan oʻzgakim, girihi koʻnglum pardasidin yechilmadi va ikki murod gʻunchasidin oʻzgakim, tuguni jonim gulshanidin ochilmadi.
Ammo umidim uldurkim, bu ikki umidim mevasidin dagʻi borumand va murodim budurkim, bu ikki murodim gavharidin dagʻi sarbaland boʻlgʻaymen va bu orzumandligʻ xor-xorining tikani koʻnglumda sinmagʻay va bu murod gavharining yogʻini qatradek tufroqqa eltgaymen…
...Bu mazkur boʻlgʻon ikki orzudin biri muborak safardurur...»
Shu satrga yetdiyu, Mir Alisherning boʻgʻziga tosh tiqilgandek boʻldi, beixtiyor koʻzlari namlandi. E voh, bu orzusi armonga aylandi.
Navoiy, Kaʼba zikrin qoʻyki, bir dayri fano istab,
Zohabno vodiyal – maqsad, vojadno mohuvan – maqsud…
Botn va alamli oʻyga botgan keksa shoir Shayx Moʻmin Sheroziy haqida bitilgan rivoyatni esladi. Emishkim, Ismoil Dobbos ismlik kishi haj niyatida yoʻlga chiqib, Sherozga yetmish. Bir masjidga kirsa, Shayx Moʻmin Sheroziy hirqasini yamab oʻtirganmish. Ismoil Dobbos unga salom berib, hol-ahvol surishtirgan ekan, Shayx Moʻmin. “Ne niyating bor!”! – deb soʻrabdi Ismoil Dobbos. “Haj niyatim bor!” deb javob beribdi.
Moʻmin yana soʻrabdi “Onang bormi?”. “Onam bor”, — debdi Ismoil Dobbos. Bu javobni eshitgach, Shayx Moʻmin Sheroziy qoʻlidagi xirqasini chetga qoʻyib, aytibdi: “Onang huzuriga bor, unga mulozamat qil!”. Bu soʻzi suhbatdoshiga yoqmaganini payqab, yana aytibdi: «Soʻzim yoqmadimi, ey, Ismoil Dobbos! Men ellik marotaba bosh yalangu oyoqyalang, biror-bir hamrohsiz haj qildim. Mana shu hajlarim savobini senga berdim. Sen onang koʻngli shodligini menga ber!»
Mir Alisher har gal bu rivoyatni eslar ekan, koʻksi qalqib ketardi. Bu gal ham shunday boʻldi. «Bechora onam tirik boʻlsayki, mulozamat qilib, koʻnglini shod etsam», — deb oʻylardi u. Ammo nogohoniy bir fikr dilini ravshan etdi. “Yoʻq, yoʻq, mening onam bor. Onam menga til va dil bergan turkiy xalqim, shu ulugʻ millatim. Koshki uning dilini shod etsam, umrim bitguncha uning xizmatida boʻlsam...”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Taraqqiyotning yangi bosqichida
- Siandagi musulmonlar mahallasi (Fotoreportaj)
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring