Navbatdagi tajovuz: Sirdaryoda shifokorlar pichoqlandi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida shifokorlarga tan jarohati yetkazilganligi yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi. Bu haqda vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.
Filialning shoshilinch bolalar boʻlimiga joriy yil 8-iyul kuni 2015-yilda tugʻilgan, bemor M.S. “Oʻtkir respirator kasallik. Gipertermik sindrom” tashxisi bilan ogʻir ahvolda yotqizilgan. 10-iyul kuni bemorda bezovtalik, koʻngil aynib qayt qilish kuzatilgan. Vrach-pediatrN.Esanova tomonidan bemor zudlik bilan bolalar reanimatsiya boʻlimiga olib chiqilib, reanimatsion muolajalar koʻrsatilgan. Shunga qaramasdan soat 12:10 da bemorda biologik oʻlim kuzatilgan.
Bu haqda ota-onasiga xabar berilgach, soat 14:30 lar atrofida bolaning otasi pichoq bilan filialning bolalar reanimatsiyasi shifokori A.R.
va viloyat bolalar qoʻp tarmoqli tibbiyot markazining bolalar reanimatsiyasi shifokori A.B.ga qasddan jarohat yetkazgan. Vrach A.R.gatibbiy yordam koʻrsatilib, jarohatiga choklar qoʻyilgan. Vrach A.B.ning bosh qismi sanchilib kesilgan jarohatiga choklar qoʻyilib, gospitalizatsiya qilingan.
Voqea toʻgʻrisida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan boʻlib, bugungi kunda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Filial direktori S. Xudoyberdiyevning qayd etishicha, soʻnggi paytlarda tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan tajovuz va zoʻravonliklar, hatto qasddan suiqasd uyushtirish holatlari
tez-tez kuzatilmoqda. Jumladan, shu yil 3-aprel kuni Tez tibbiy yordam navbatchi feldsheri M. Komilov chaqiruvga borgan vaqtida bemor va uning qarindoshlari tomonidan sababsiz ravishda haqoratlanib, TTYO mashinasining oynasi sindirilib, moddiy zarar yetkazilgan. Xuddi shunday holat joriy yilning 8-may kuni ham kuzatilgan boʻlib, soat 18-30 da Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi shifokori M. Akromovaga bemor va uning qarindoshlari tomonidan qasddan tan jarohat yetkazilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, birgina Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi filiallarida 2018-yil va 2019-yilning oʻtgan olti oyi davomida 50 dan ortiq tibbiyot xodimlariga bemor va uning qarindoshlari tomonidan noqonuniy tajovuz qilinishi bilan bogʻliq qonunbuzarliklar sodir etilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi holatlarning koʻpayib ketayotganini hisobga olib, yana bir bor, ushbu illatning oldini olishning eng samarali yoʻllaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qatʼiy javobgarlikni kuchaytirish lozim, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham ayni kunlarda vazirlik Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va qator huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish ustida ishlamoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Saida Mirziyoyeva Dohadagi kino festivalga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring