Navbatdagi chora-tadbirlar: Oʻzini oʻzi band qiluvchi faoliyat turlari soni koʻpaytirildi

15:15 16 Iyun 2020 Siyosat
1867 0

Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, odamlarni ish bilan taʼminlash, daromadini oshirish hozirgi paytda har doimgidan ham muhim. Negaki, pandemiya sharoitida eng farovon davlatlarda ham aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish katta muammo boʻlib qolmoqda.

Shu maʼnoda yurtimizda ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlari yaratish va kambagʻallikni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambagʻal aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan.

Aytish oʻrinliki, bu borada qishloq xoʻjaligida ham imkoniyatlar koʻp. Masalan, birinchi yarim yillikda 38 ming gektar yerni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qoʻshimcha 51 ming gektarni oʻzlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Bu yerlarning 20 ming gektari kam taʼminlangan oilalarga beriladi.

Shuningdek, gʻalladan boʻshaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Paxta-toʻqimachilik klasterlarining 965 million dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida esa 28 mingdan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Bular hali hammasi emas. Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlar ajratish soddalashtirilib, ushbu mablagʻlarni samaradorligi yuqori va kafolatlangan ish oʻrinlari yaratadigan kichik ishlab chiqarish loyihalariga yoʻnaltirilmoqda.

Joriy yil 19-may kuni Prezidentimiz raisligida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida oʻzini oʻzi band qilgan aholi daromad soligʻidan ozod qilinishi taʼkidlangan edi.

Mana oradan qisqa vaqt oʻtib, davlatimiz rahbari oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar, frilanserlar va tadbirkorni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim hujjatga imzo chekdi. “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorga muvofiq, bunday shaxslarni roʻyxati kengaytiriladi, ularga bir qator qulaylik va imtiyozlar beriladi.

1-iyuldan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish xabar berish tartibida oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi hamda vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi.

Shu bilan bir qatorda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qatʼiy nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida toʻlaydi hamda ushbu summa toʻliqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi va undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun oʻrnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Qarorning ahamiyatli tomoni shundaki, unga binoan Internet tarmogʻi orqali xizmatlar koʻrsatuvchi (ishlar bajaruvchi) oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga (frilansing) bir qator huquqlar berildi. Jumladan;

–koʻrsatilgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun chet eldagi jismoniy va yuridik shaxslar — norezidentlardan xorijiy valyutadagi toʻlovlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tegishli maʼlumotlarni kiritmagan holda Oʻzbekiston Respublikasining banklaridagi hisobraqamlariga qabul qilish;

–kontrakt tuzmasdan, kelishuv toʻgʻrisidagi ommaviy taklifni (oferta) qabul qilish yoki elektron yozishmalar almashish yoxud hisob-kitob fakturalarni (invoys), shu jumladan, elektron shaklda taqdim qilish yoʻli bilan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish).

Mazkur hujjatda oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar boʻlgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlash tartibi ham belgilangan.

Bulardan tashqari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi 2021-yilda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni osonlashtirish, jumladan, tadbirkorlik faoliyatining tegishli hududdagi raqobatbardosh turini tanlash, kredit olish uchun zarur boʻlgan biznes-reja loyihasi va hujjatlar toʻplamini shakllantirish hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun koʻchmas mulk obyektlarini tanlash kabilarga imkon yaratuvchi servislardan real vaqt rejimida foydalanishga yordam beradigan “Biznes navigator” axborot tizimini joriy qiladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, mazkur qaror bilan oʻzini oʻzi band qiluvchi faoliyat turlari soni 24 tadan 67 taga koʻpaytirildi. Bu juda muhim yangilik, albatta. Zero, bunday ogʻir sharoitda aholini tadbirkorlik faoliyatiga yana-da keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish hayotiy zaruratdir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер