NATO Shvetsiyaning ittifoqqa qachon qoʻshilishi haqida aniq muddat aytolmadi

19:32 03 Aprel 2023 Dunyo
1278 0

Illyustrativ foto

Shvetsiyaning NATOga qoʻshilishi haftalar yoki oylar davom etishi mumkin. Bunday muddatni alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Stoltenberg davlat allaqachon alyansning harbiy tuzilmalariga integratsiyalashganini taʼkidladi, shuningdek, Finlyandiyaning NATOga qoʻshilishi fonida Shvetsiyani yolgʻiz qoldirmaslikka vaʼda berdi.

“Shvetsiyaning a`zo boʻlishi haftalar yoki oylar davom etishi mumkin”, deya ogohlantirdi Stoltenberg.

Avvalroq, NATO bosh kotibi Finlyandiya 4-aprel kuni rasman NATOga aʼzo boʻlishini tasdiqlagan edi. Uning qayd etishicha, ushbu tadbir butun ittifoq kabi davlat xavfsizligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Shvetsiya va Finlyandiya 2022-yil may oyida NATOga kirish uchun ariza topshirgan. Turkiya ularning alyansga kirishiga qarshi chiqdi, biroq 1-aprel kuni mamlakat rahbari Rejep Tayyip Erdogʻan Finlyandiya arizasini ratifikatsiya qilishni maʼqulladi.

Oʻz navbatida, Stokgolmda Qurʼon kitobini yoqish kampaniyasidan soʻng Shvetsiya arizasini Turkiya tomonidan ratifikatsiya qilini murakkablashdi.

Shu yilning 21-yanvar kuni Daniyaning Islom diniga qarshi “Stram Kurs” partiyasi rahbari Rasmus Paludan Turkiyaning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qurʼonni yoqib yubordi.

Aksiya shahar maʼmuriyati bilan kelishilgan va Paludan bunday chiqish uchun toʻlovni amalga oshirgan. Bundan tashqari, Stokgolm maʼmuriyati mahalliy kurdlarga ham namoyish oʻtkazishga ruxsat bergan va unda 50 ga yaqin odam yigʻilgan.

Shundan soʻng, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan Stokgolmdagi Turkiya elchixonasi yaqinida Islom dinining muqaddas kitobi — Qurʼon yoqib yuborilishi bilan bogʻliq voqeadan soʻng Shvetsiya NATOga aʼzolik masalasida Turkiya yordamiga umid qila olmasligini aytdi.

“Shvetsiyadagi, hattoki diplomatik vakolatxonamiz yaqinidagi bu nopok harakatlar musulmonlar, umuman, barcha insonlar, barcha huquq va erkinliklarni haqorat qilish hisoblanadi”, dedi Turkiya prezidenti.

Uning soʻzlariga koʻra, Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga kirishda “endi yordam kutmasligi kerak”, chunki mamlakat “terrorchilarni qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?