NamDU tomonidan Pokistonning Lahor universitetida “Oʻzbekistonning tarixi va madaniyati boʻylab sayohat” nomli targʻibot tadbirlari oʻtkazildi

Oʻzbekistonning boy madaniyati va turizm salohiyatini namoyon etgan tadbirlar Oʻzbekistonning Pokiston Islom respublikasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda shu yil Samarqandda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan tashkil etildi.
Tadbirlarda Lahor universiteti professor-oʻqituvchilari, Lahor shahrining keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“Oʻzbekistonning tarixi va madaniyati boʻylab sayohat” nomli targʻibot tadbirlarida milliy hunarmandchilik namunalari boʻyicha koʻrgazmalar va taqdimotlar namoyish etildi. Kulolchilik, kashtadoʻzlik, duradgorlik kabi noyob ijod mahsuli va qoʻl mehnati namunalari barchani hayratga soldi. Bu jarayonda pokistonliklar Oʻzbekistonning boy tarixi, milliy qadriyatlari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
Madaniy-maʼrifiy tadbirda Namangan davlat universiteti delegatsiyasi aʼzolari milliy liboslarda ishtirok etdi. Milliy kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi. Ayniqsa, “Mustahzod” va “Lazgi” yangraganida, pokistonliklar ham zavqlanib raqs tushdilar. Konsert dasturi “Lahor telekanali” tomonidan tasvirga olindi.
Goʻzal qizlarimiz Oʻzbekistonning turli mintaqalariga oid milliy liboslarimiz koʻrgazmasini ham namoyish etdilar. Atlas, adras, shoyi va ipak matolari, ulardan tikilgan, kashta bilan bezak berilgan ayollar milliy liboslari mehmonlarni oʻziga maftun qildi. Pokistonlik doʻstlarimiz, bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek milliy urf-odatlarimiz, qadimiy anʼana va qadriyatlarimiz haqida goʻzal va boy tasavvurga ega boʻldilar.
— Namangan davlat universiteti delegatsiyasining Pokistonga tashrifi bizni nihoyatda mamnun etdi. Oʻzbekistonning boy madaniyati bizni doimo hayratga solib kelgan va Namangan davlat universiteti talabalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi bu hayrat va hayajonimizni yanada oshirib yubordi, — deydi Lahor universiteti maxsus loyihalar direktori Abuzar Gʻafforiy. — Oʻzbek xalqining sanʼatsevar, ijodkor ekaniga yana bir bor amin boʻldik, talabalar isteʼdodi havasimizni keltirdi. Buning zamirida juda katta mehnat yotibdi. Namanganlik talabalar va ularning ustozlari fidokorligi chin maʼnoda tahsinga loyiq. Badiiy chiqishlar, kuy-qoʻshiqlar, raqslar oʻzbek sanʼati va madaniyatining qudrati, sehri va jozibadorligini yaqqol koʻrsatib berildi. Buning uchun Lahor universiteti jamoasi nomidan rahmat aytaman hamda shu yil Samarqandda boʻlib oʻtadigan YUNESKO konferensiyasini yuksak saviyada oʻtkazilishiga ishonaman.
Tadbir doirasida milliy taomimiz – osh damlandi. Uning tayyorlanish jarayonini tadbir qatnashchilari katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib turdilar. Yigʻilganlar uning mazasini totib koʻrdilar.
Namangan davlat universiteti jamoasi tomonidan oʻtkazilgan ushbu taqdimot tadbiri ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirish barobarida, Oʻzbekistondek maftunkor, boy tarixga, milliy madaniy merosga ega, qadriyatlari goʻzal davlatga sayohat qilish ishtiyoqini ham paydo qildi.
Sanjarbek Hamidov,
Namangan davlat universiteti “Press klub” rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring