Namanganlik talaba innovatsion loyiha yaratdi

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizda aholi soni koʻpaygani sari shahar va qishloqlardan maishiy chiqindilarni olib ketish va qayta ishlash masalasi ham tobora dolzarb tus olmoqda. Amaldagi tajribaga koʻra, respublikamizda aholi istiqomatgohlaridan chiqindilarni tashib ketish tegishli tashkilotlar tomonidan maxsus jadval asosida amalga oshiriladi. Biroq bu grafik tizimi samaradorlik jihatidan kamchiliklardan xoli emas. Masalan, chiqindi idishlari hali toʻlmagan boʻlsa ham maxsus avtotransport vositalari ortiqcha vaqt, yonilgʻi, ishchi kuchi sarflab rejadagi manzillarga borishga majbur. Yoki aksincha, chiqindi qutilari toʻlganiga ancha vaqt boʻlganiga qaramay tashish xizmati grafikda qayd etilmagani tufayli kechikadi.
Namangan davlat universitetidagi “Innovatsion klub” aʼzosi, fizika yoʻnalishi 3-bosqich talabasi Sevinch Tursunaliyeva ilmiy rahbari Ulugʻbek Turdaliyev boshchiligida ishlab chiqqan “Maishiy chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketish tizimini raqamlashtirish” loyihasi ayni muammoni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Loyiha lazer detektorlari orqali chiqindi idishlarining toʻlish darajasini aniqlash va bu haqda markaziy serverga maʼlumot joʻnatishni koʻzda tutadi. Bu bilan tashish korxonalarini raqamli asosda boshqarish imkoniyati yuzaga keladi.
— Qurilmaning ishlash mexanizmi haqida gapiradigan boʻlsak, unga oʻrnatilgan masofa datchigi chiqindi idishini doimiy ravishda kuzatib boradi va u toʻlganda, markaziy serverga “Chiqindi qutisi toʻlgan!” degan xabarni yuboradi. Agar idish toʻlmagan boʻlsa va boshqa muammo yuzaga kelgan holatda maxsus tugma orqali ayni mazmundagi maʼlumot serverdan oʻrin oladi. Bir paytning oʻzida GSM modul yordamida chiqindi idishining joylashuvi ham markaziy serverga yetkaziladi va avtotransport vositalari koʻrsatilgan manzilga yetib borishi taʼminlanadi.
NamDU ixtirochilari yaratgan yangi loyiha amalga oshirilishi natijasida nafaqat resurslardan samarali foydalaniladi, balki aholi zich joylashgan hududlarda chiqindilar uzoq vaqt toʻplanib qolishi, natijada atmosfera havosining ifloslanishi, noxush hidlar va turli bakteriyalar tarqalishining oldi olinadi.
Sevinch va uning ustozi ishlab chiqqan yangilikni hozircha Namangan shahri miqyosida amalda tatbiq etish rejalashtirilgan. U kelgusida yanada takomillashtiriladi va boshqa hududlarda ham foydalanish imkoni yaratiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring