Namanganda soha fidoyilari oʻz bogʻini yaratmoqda

10:37 18 Noyabr 2024 Jamiyat
159 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berilganiga bir hafta boʻldi. Davlatobod tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida mahallalar, mehnat jamoalarining mingga yaqin vakillari alohida shijoat koʻrsatmoqda. Jamoalarga ajratilgan maydonlar lina, kyoln, eman, kashtan, oqqayin, shamshod, majnuntol, yapon saforasi, hind sireni singari manzarali daraxt, gul koʻchatlari va butalar bilan toʻldirildi. Istirohat maskaniga yangi oʻtqazilgan koʻchatlar soni salkam 8 ming tupga yetdi.

Shu singari uyushqoqlik Namangan shahri barcha tumanlarda kuzatilib, viloyat boʻyicha bir kunda ekilgan koʻchatlar soni 50 ming tupga yaqinlashdi. Joylarda koʻplab soha vakillari oʻz bogʻlariga asos soldi. Masalan, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida jurnalistlar, Toʻraqoʻrgʻonda prokuratura xodimlari, “Adiblar xiyoboni”da nuroniylarning yashil makonlari tashkil qilindi.

— Joriy mavsum ishlarini uyushtirishda oʻtgan yil saboqlaridan jiddiy xulosa chiqarishga toʻgʻri keldi, — deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi shoʻba boshligʻi Ismoil Mahmudjonov. — Sir emas, yoz havosining odatdagidan ancha issiq kelishi natijasida oʻtgan yili ekilgan koʻchatlarning 30 foizdan koʻprogʻi ildiz otib ketolmadi. Shundan kelib chiqib maydonlarni tayyorlashda ularning suv bilan taʼminlanishi masalasi alohida eʼtiborga olindi. Zarur joylarda alohida sugʻorish tizimlari barpo qilish orqali doimiy taʼminot kafolati yaratildi.

Maʼlumot uchun, Namanganda ayni paytda jadal davom etayotgan kuzgi mavsum oxiriga qadar 5 million 774 ming tup manzarali va mevali daraxt, buta koʻchat hamda qalamchalari oʻtqazish rejalashtirilgan. Ekilishi bilan “Yashil makon” elektron platformasiga joylashtirilayotgan bu koʻchatlar har birining egasi aniq, ularning toʻla koʻkarishi hamda keyingi parvarishi masʼul shaxslar tomonidan muntazam qarov va nazorat orqali taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?