Namanganda qalbaki dori ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh qilindi (+video)

09:56 31 Oktyabr 2025 Jamiyat
278 0

Namanganda qalbaki dori vositalari ishlab chiqarish holati aniqlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi MCHJ rahbari tomonidan belgilangan tartib-qoidalarga zid ravishda dori vositalarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan sex koʻzdan kechirilgan.

Natijada, unda mavjud boʻlgan 1,2 milliard soʻmdan ortiq qiymatdagi 9 turdagi 138 ming 31 quti dori vositalari va biologik faol qoʻshimchalar, 1,8 milliard soʻmlik prekursorlar, 3,4 milliard soʻmlik flakon, qopqoq, quti va etiketkalar, 18 milliard soʻmlik 14 nomdagi ishlab chiqarish uskunalari, 5,6 milliard soʻmlik 23 dona katta va kichik hajmdagi maxsus idishlar – yaʼni, umumiy qiymati oʻrtacha 30 milliard soʻmni tashkil etuvchi tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Maʼlum boʻlishicha, MCHJ faqatgina biologik faol qoʻshimchalar ishlab chiqarish uchun sertifikat olgan boʻlishiga qaramasdan, sanitariya talablariga javob bermaydigan joyda, nomlarini oʻzgartirgan holda 9 turdagi kontrafakt dori vositalarini ham tayyorlab kelgan.

Jumladan, “Pikovit” dorisi – Pivovit, “Kanefron” – Kanaseron, “Espumizan” – Espumetik, “Nistatin” – Nestitam koʻrinishida ishlab chiqarilgan. Tekshiruv davomida aniqlanishicha, qoʻlbola usulda tayyorlangan dori vositalari Fargʻona vodiysi, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan.

Hozirda qalbaki dori vositalari boʻyicha ekspertiza tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Taʼkidlash lozimki, dori vositalarini tegishli tartib va meʼyorlarga amal qilmagan holda ishlab chiqarish va sotish – uni isteʼmol qilgan insonning sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Oʻzgalar hayotini xavf ostiga qoʻyish qonun oldida javobgarlikka sabab boʻladi”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер