Namanganda “Men tanlagan kasb” sayli

Qudratilla Najmiddinov/«Xalq soʻzi». Viloyat markazidagi “Uch favvora” xiyobonida tashkil etilgan ”Men tanlagan kasb” saylida uch mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Namangan viloyat filiali bir muddat avval 27 mingga yaqin yigit-qizlar oʻrtasida ijtimoiy soʻrovnoma oʻtkazib, ularning qaysi kasbga qiziqishini aniqlagandi.
Oʻrganishlar natijasida maktab bitiruvchilarining koʻpchiligida kasb va mutaxassisliklar boʻyicha tushunchalar yetarli emasligi, xoʻjalik yurituvchi subyektlar haqidagi targʻibotlar sustligi koʻzga tashlandi. Tadbirda masalaning ayni shu jihatiga eʼtibor qaratilib, bu yerda 40 dan ortiq davlat va xususiy sektor tashkilotlari koʻrgazmalarini tashkil etildi. Bunga qoʻshimcha “maktab – oliy taʼlim – tashkilot” oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga koʻmaklashuvchi “Davlat xizmatiga ochiq yoʻl”, “Maʼnaviyat”, “Raqamli texnologiyalar”, “Fan va taʼlim”, “Ishga marhamat”, “Harbiy vatanparvarlik”, “Yoshlar va sport”, “Madaniyat va sanʼat”, “Ijtimoiy himoya va salomatlik”, “Zakovat” singari oʻnta maydonchaning tashkil etilganligi ishtirokchilar uchun ayni muddao boʻldi.
– Bugungi saylning kelajakda oʻz maqsadlarimizni aniq belgilab olishda oʻrni beqiyos, – deydi Namangan shahridagi 31-maktabning yuqori sinf oʻquvchisi Farruh Qosimov. – Anchadan buyon huquqshunos boʻlsammi yoki soliq sohasini tanlasammi, deb ikkilanardim. Davlat soliq xizmati idorasi uyushtirgan koʻrgazma materiallari, soha xodimlari bilan suhbatdan keyin qarorim qatʼiylashdi. Buning uchun matematika, iqtisodiyot fanlarini yanada chuqur oʻrganishim kerakligini angladim.
Saylda Namangan shahridagi Monomarkazga 200 nafarga yaqin yoshlar kasbga oʻqitish kurslariga qatnashish istagi borligini bildirib murojaat qilgan. Adliya, qurilish, iqtisodiyot va moliya, bank, sogʻliqni saqlash idoralari, ijtimoiy himoya milliy agentligi va Yoshlar ishlari tizimlarida amaliyot oʻtash boʻyicha 400 koʻproq kishi ushbu yoʻnalishdagi tashkilot, muassasalar bilan kelishuvga erishdi.
Harbiy vatanparvarlik maydonchasidagi koʻrgazmalar va taqdimotlar natijasida 500 nafarga yaqin yoshlar harbiy tuzilmalarda xizmat qilish va ishlash istagini bildirgan. Ular orasida qizlarning borligi quvonarli.
– Bolalikdan harbiy libosdagi opalarga havas qilaman, – deydi Namangan Davlat pedagogika instituti talabasi Madina Habialiyeva. – Viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari oʻz saflarida bemalol ishlashim mumkinligi, buning uchun qaysi talablarga javob berishim xususida batafsil tushuncha berishdi.
Shu kuni davlat fuqarolik xizmatiga yoshlarning qiziqishlarini oshirish maqsadida, ushbu soha xizmatchilarining oliy taʼlim muassasalarida dars berishini yoʻlga qoʻyish, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida davlat organlari va tashkilotlarining koʻrgazmalarini va maktab oʻquvchilari uchun davlat organlariga ekskursiyalarini tashkil etish, bitiruvchi sinf oʻquvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini muntazam oʻtkazish yuzasidan tegishli idoralar oʻrtasida oʻzaro kelishuvlar amalga oshirildi.
“Yoshlar sayli”da kasblar targʻiboti, sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual oʻyini, estrada xonandalari tomonidan badiiy dasturlar namoyish etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring