Namanganda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi

17:17 02 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1484 0

«Sanoatqurilishbank»ning Namangan mintaqaviy filialida faoliyat koʻrsatishga kirishgan fabrikaning asosiy maqsadi yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlib, malakali mutaxassislar bu borada investor va tadbirkorlarga amaliy koʻmak koʻrsatishadi. Ayni paytda oʻz ishini boshlayotgan, shuningdek, faoliyatini kengaytirish maqsadidagi tadbirkorlik subyektlari uning xizmatidan keng foydalanishyapti.

— Bizga loyihalar ishlab chiqish, biznes reja tuzishda murojaat qilgan tadbirkorlarga yordam koʻrsatishdan tashqari hududlarda biznes yuritish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha ham ish olib boryapmiz, — deydi fabrika mutaxassisi Muhtasarxon Abdurahmonova. — Masalan, Pop, Uchqoʻrgʻon va Chortoq tumanlarida olib borilgan oʻrganishlar jarayonida ular iqtisodiy salohiyatining kuchli va zaif tomonlari atroflicha tahlil qilindi. Popda ziyorat turizmi, logistika imkoniyatlari katta,baliq, sut, meva-sabzavotni qayta ishlash sohasiga esa eʼtiborni kuchaytirish zarur ekan. Uchqoʻrgʻonda eksport faoliyati sust, kichik korxonalar ishini kuchaytirish lozim. Shundan kelib chiqib, ushbu tumanlar uchun maqbul boʻlgan loyiha va takliflarni ishlab chiqishga kirishdik.

Aytish lozimki, “Loyihalar fabrikasi” bilan amaliy hamkorlik naf berib, qator tadbirkorlar oʻz ishlarini yurishtirib olishdi. Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Iskovot rizq-roʻz baraka zaminlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan yogʻoch plastik kompozitsiyalar ishlab chiqarish loyihasi bunga misol boʻla oladi. 370 ming AQSH dollari qiymatidagi bu loyiha ijrosi bilan yiliga 40 tonna eksportbop mahsulot tayyorlash imkoniyati yuzaga keladi. 15 kishi uchun ish oʻrni yaratiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?