Namanganda shifokorni doʻpposlaganlar qoʻlga olindi

14:37 05 Avgust 2021 Jamiyat
391 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada fuqaro shifokorni ayamasdan doʻpposlayotgani aks etgan video tarqalgani, Cogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan oʻrganishlar olib borayotgani haqida maʼlumot bergan edik.

Aniqlanishicha, joriy yilning 28-iyul kuni soat 02:30da Namangan shahar “Objuvoz” mahallasi Tafakkur koʻchasi 41-uyda yashovchi 1999-yilda tugʻilgan fuqaro F.J. va uning akasi 1996-yilda tugʻilgan fuqaro F.B. Namangan shahar “Yangiqurilish” mahallasida joylashgan 10-son oilaviy poliklinikaga tana haroratining koʻtarilishi shikoyati bilan murojaat qiladi.

Shu kuni poliklinikada oʻz navbatchiligini oʻtayotgan 1994-yilda tugʻilgan shifokor U.A. fuqarolar – F.J. va F.B.ni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, ularga tana harorati meʼyorda ekani va koronavirus infeksiyasiga PZR test topshirishi kerakligini aytganida bu tashxisdan norozi boʻlgan aka-uka shifokor U.A.ni ayovsiz doʻpposlaydi va unga jiddiy tan jarohati yetkazadi.

Shundan soʻng shifokor U.A. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTTYOIM) Namangan filialiga murojaat qilgan.

Tibbiy tekshiruv davomida shifokor U.A.ga bosh miyaning yopiq shikasti, bosh miyaning kuchli chayqalishi, oʻng qoʻl tirsak sohasini jiddiy zararlanishi, peshona, oʻng chakka va oʻng yuz yuqori qovoq sohasi kuchli qontalash tashxisi qoʻyilgan.

Hozirda tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolar – F.J. va F.B.larga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilib, mazkur holat yuzasidan mushtumzoʻr aka-ukaga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?