Namangan viloyati ijtimoiy taraqqiyoti yoʻlida yana bir salmoqli qadam

Foto: Халқ сўзи
Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda Avstriya bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Shu munosabat bilan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov rahbarligidagi delegatsiya koʻp tomonlama oʻzaro manfaatli shartnomalar imzolash maqsadida Avstriya Respublikasi poytaxti Vena shahrida boʻlib turibdi.
Tashrif avvalida UniCredit Bank Austria departamenti direktori Doris Pignitter bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Avstriyaning eng yirik banki Namangan viloyatidagi loyihalarni moliyalashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
Maʼlumot uchun, UniCredit Bank Austria AGʻning jami aktivlari 33,4 mlrd yevrodan ortiqni tashkil etadi. Doris Pignitter UniCredit Bank Austria AG tomonidan Avstriya nazorat banki bilan hamkorlikda Avstriya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi faoliyati doirasida eksport va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha taqdim etilayotgan xizmatlarning doirasi keng ekanini taʼkidladi. Ikki tomonlama munosabatlar rivojiga yangi surʼat bagʻishlash maqsadida UniCredit Bank Austria AG departament direktori oʻzaro manfaatli barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini aytdi.
Oʻz navbatida Namangan viloyat hokimi Sh. Abdurazzoqov tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun uzoq muddatli va foizsiz qarz berish imkoniga ega boʻlgan Avstriyaning eng yirik banki bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiqligi, bu esa nafaqat viloyat, balki Fargʻona vodiysida zamonaviy yurak jarrohligi amaliyotiga muhtoj vatandoshlarimiz uchun muhim ekanini alohida qayd etdi. Shundan soʻng qiymati 8,8 million yevrolik Namangan kardiologiya markazini modernizatsiya qilish boʻyicha taqdimot boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, Avstriyaning eng yirik banki UniCredit Bank Austria AG departament direktori bilan Namangan viloyat travmatologiya markazini modernizatsiya qilish boʻyicha ham muzokaralar olib borildi. Oʻzaro doʻstona ruhda kechgan muzokaralar natijasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Delegatsiya safari chogʻida Quyi Avstriya Federal Yeri bilan bilan ham doimiy hamkorlik oʻrnatildi. Vitse-gubernator Yoxen Danninger boshchiligidagi rasmiylar bilan oʻtkazilgan muzokaralarda ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini doimiy rivojlantirish maqsadida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Kelgusida hududlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, turizm va boshqa yoʻnalishlardagi aloqalarni rivojlantirish maqsadida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi va hayotga tatbiq etiladi.
Namangan delegatsiyasining Avstriya Respublikasiga safari davom etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring