Namangan viloyat ensiklopediyasining birinchi jildi nashrdan chiqdi
Foto: Xalq so‘zi
Oʻzining qirmizi olmalari, ming bir iforga burkangan gulzorlari, atlasu adrasi va mehnatsevar insonlari bilan dovruq qozongan Namangan haqida koʻproq bilishni istaganlar uchun ishonchli manba - viloyatning olis tarixi, kechagi va bugungi kuni haqida tanishuv maʼlumotlari jamlangan ensiklopediyaning birinchi kitobi nashrdan chiqdi. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan chop etilgan «Gʻaznai Namangon» deb nomlangan uch jildli ensiklopediyaning dastlabki kitobi “Oltin odamlar” deb nomlanadi.
Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Shavkat Abdurazzoqovning “Koʻhna va yangi Namangan qomusi” sarlavhali soʻzboshisidayoq viloyatga doir qimmatli maʼlumotlar aytiladiki, oʻquvchi ular orqali markaz – Namangan shahridan boshlab tumanlar va eng chekka hududlardagi asrlar ortidan yetib kelgan siru sinoatlardan voqif boʻladi. Kitobda yozilganidek, «Gʻaznai Namangon» atamasining besh yuz yillik tarixi boʻlib, u “Boburnoma”da ham qoʻllangan.
Ensiklopediya maʼlumotlari anʼanaviy tarzda alifbo tartibida joylashtirilgan boʻlsada, mavzular xususida boʻlakcharoq yoʻl tutilgan. Jumladan, birinchi jildning bosh mavzusi - inson omili. Mullif oʻz hayoti va faoliyati bilan Namanganning sharafini yuksaklarga koʻtargan tarixiy shaxslar va bugungi zamondoshlarimiz haqidagi bitiklarni “Oltin odamlar” deya qogʻozga bitgan. Ular orasida ertakchi va dostonchilar, atoqli olimlar, akademiklar, oltin yulduz nishondori boʻlgan qahramonlar, davlat, jamoat va din arboblari, axsikatiylar, boburiylardan boshlab, “Namangan generallari”, “Namangan viloyati rahbarlari”, “Oliy unvon sohiblari”, “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari”... qoʻyingchi 2,5 ming kishi haqida bilib olish mumkin.
Kitobdan yana shu narsa ayon boʻladiki, Namangan farzandlari jahonning beshala qitʼasida bor. Ular ham yurtimiz shaʼnini ulugʻlashgan. Masalan, Sardoba dahasida ulgʻaygan Naimaxonim taniqli faylasuf, Turkiyaga borib qolgan. Kitoblarining taqdimoti Buyuk Britaniyada oʻtadi. Qrim, Belarus, Rossiya, Qozogʻistonda, Qirgʻizistonu Tojikiston va boshqa yurtlarda akademik, chempion, davlat arbobi boʻlganlar ham anchagina. Futbol yulduzi Odil Ahmedov Xitoy chempioni, Dmitriy Dmitrenko Murmansk gubernatori, Yu. Arzumanov «Roskosmos»ning atoqli akademigi. 150 ga yaqin axsikatiylar, Ashina Chechak, Tohir-Zuhra va Qorakoʻz Beka kabi afsonaviy shaxslar, qatagʻon davrida shahid ketganlar, yana qanchadan-qancha xazinalar haqidagi qimmatli maʼlumotlar ham kitobxon tasavvurini boyitadi.
— Ensiklopediya muallifi Rustamjon Ummatovning aytishiga qaraganda, viloyat qomusining keyingi kitoblari oʻta keng qamrovli, mazmun-mundarijasi jihatidan yanada zalvorli boʻladi, — deydi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Namangan viloyat boʻlimi rahbari Nosirjon Dehqonov. — Bunda oʻquvchining Namangan haqidagi har qanday savolga batafsil javob topa olishi maqsad qilingan. Ikkinchi jild “Oltin zamin” deya nomlanib, unda viloyatning joʻgʻrofiy manzillari, tuprogʻi, suv yoʻllari, qadamjolari , shahar-tuman, qishlogʻu mahallalari xususida hikoya qilinadi. Qomusning uchinchi jildi esa “Ming bir jamoat” nomi bilan mehnat jamoalariga bagʻishlanadi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring