Myanmada garovga olingan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari qutqarildi

Foto: “Dunyo”
Myanmada odam savdosi qurboni boʻlgan ikki nafar oʻzbekistonlik Vatanga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Oʻzbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga koʻra, M.S. va B.V. ismli fuqarolar Myanmada odam savdosi qurboni boʻlganini bildirib, Oʻzbekistonga qaytishda yordam soʻrab murojaat qilgan.
Maʼlum boʻlishicha, ular Tailandga internet orqali yuqori maoshli ish taklif qilinganidan soʻng borgan. Biroq Tailandga yetib kelganida, noqonuniy ravishda Myanmada olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh qoʻliga topshirilgan. Oʻzbekistonliklar Myanmada noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zoʻravonlik va tahdidlar qoʻllangan. Jinoiy toʻda ularning ozod etilishi va vataniga qaytishi uchun katta miqdorda pul talab qilgan.
Shuningdek, 8 nafar Qirgʻiziston va 4 nafar Qozogʻiston fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan. Tailandda Qirgʻizistonning diplomatik vakolatxonasi yoʻqligi inobatga olinib, Qirgʻiziston tomonining iltimosiga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlari ushbu fuqarolarni oʻz vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam koʻrsatgan.
Myanma va Tailand vakolatli organlari bilan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari Mayesot (Tailand) chegara oʻtish punktida ozod qilinib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlariga topshirilgan. Ozodlikka chiqqanlar vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlangan.
11-aprel kuni Oʻzbekiston va Qozogʻistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida ikki nafar Oʻzbekiston, 4 nafar Qozogʻiston va 7 nafar Qirgʻiziston fuqarosi oʻz oilasi bagʻriga muvaffaqiyatli qaytarilgan. Qirgʻizistonning bir fuqarosi sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolar sabab tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.
Bosh konsulxona fuqarolarni xorijda ishga joylashish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqishda hushyor boʻlishga va axborot manbalarining ishonchliligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqiradi. Shuningdek, idora vatandoshlarga Tailand, Kambodja, Myanma va Laosda ishga joylashish boʻyicha konsullik yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring