Mujtabo Xomanaiy Eronning navbatdagi oliy rahbari sifatida tanlandi

09:52 04 Mart 2026 Dunyo
480 0

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning oʻgʻli, 56 yoshli Mujtabo Xomanaiy mamlakatning yangi oliy rahbari etib tanlangani xabar qilinmoqda. “Iran International” maʼlumotlariga koʻra, uning nomzodi 88 nafar aʼzodan iborat Ekspertlar kengashi tomonidan Inqilobiy gvardiya korpusi bosimi ostida tanlangan.

Mujtabo Xomanaiy marhum rahbarning ikkinchi oʻgʻli hisoblanadi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IRGC) hamda “Basij” koʻngilli harbiy tuzilmasi bilan yaqin aloqalarga ega.

U rasman yuqori martabali ulamo emas, hech qachon davlat lavozimida ishlamagan va amaldagi rejimda rasmiy vazifaga tayinlanmagan. Hattoki marhum otasi oʻtgan yili oʻziga ehtimoliy voris sifatida koʻrsatgan uch kishilik nomzodlar roʻyxatiga ham kiritilmagan edi. Manbalarga koʻra, Ali Xomanaiy avloddan-avlodga oʻtishni 1979-yilgi Islom inqilobida agʻdarilgan, AQSH qoʻllab-quvvatlovidagi shoh monarxiyasiga oʻxshatilishi mumkinligi sababli qoʻllab-quvvatlamagan.

Maʼlumotlarga koʻra, Mujtabo Xomanaiy 1969-yil Mashhad shahrida tugʻilgan, Qum shahridagi shialik diniy seminariyalarida tahsil olgan. 2019-yilda AQSH tomonidan sanksiyaga uchraganiga qaramay, u 100 million funt sterlingdan ortiq sarmoya aktivlarini nazorat qilishi aytiladi. Xususan, Londonning Hempsted hududidagi mashhur “The Bishops Avenue” koʻchasida 11 ta koʻchmas mulkka egalik qilishi, ular ofshor kompaniyalar orqali, jumladan Men orolida roʻyxatdan oʻtgan tuzilma orqali boshqarilishi qayd etilgan.

Shuningdek, uning Buyuk Britaniya, Shveysariya, BAA va Lixtenshteynda bank hisob raqamlari mavjudligi tilga olinmoqda. Mujtabo Xomanaiy Eron-Iroq urushida qurolli kuchlar safida xizmat qilgani va soʻnggi yillarda siyosiy jarayonlarga norasmiy taʼsir koʻrsatib kelgani haqida ham maʼlumotlar bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер