Muvaffaqiyatlarimiz Oʻzbekistondagi qulay investitsiya muhitining koʻzgusidir — «Indorama Corporation Pte. Ltd.» kompaniyasi direktori Prakash Kejrival

19:33 16 Yanvar 2023 Iqtisodiyot
567 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi arafasida “Dunyo” AA muxbiri mamlakatimiz bilan har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalarni roʻyobga chiqarishda faol ishtirok etayotgan, ikki xalq oʻrtasidagi bir-birini anglash va qoʻllab-quvvatlash tamoyillarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, Singapurning “Indorama Corporation Pte. Ltd.” kompaniyasi direktori, “Doʻstlik” ordeni sohibi Prakash Kejrival bilan suhbatda boʻldi.

— Suhbatimizni Siz rahbarlik qilayotgan «Indorama» kompaniyasining tarixi, maqsadi va vazifalari hamda uning Oʻzbekistondagi faoliyati haqidagi maʼlumotlar bilan boshlasak.
— Bajonidil. “Indorama”ning Oʻzbekistondagi faoliyati 2010-yili “Indorama Kokand Textile” kompaniyasining tashkil etilishi bilan boshlangan edi. Oʻzbekiston toʻqimachilik tarmogʻidagi birinchi yirik xorijiy investorlardan biri sifatida yengil sanoat ravnaqidagi ulkan imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish, mamlakat yalpi ichki mahsuloti oʻsishiga oʻz hissamizni qoʻshishga harakat qilmoqdamiz. Chunki ilgʻor texnologiya va uskunalarga ega boʻlgan “Indorama Kokand Textile”  kompaniyasi qisqa vaqt ichida sifatli va yuqori eksport salohiyatiga ega mahsulotlari bilan ilgʻor texnologiyali ishlab chiqaruvchiga aylandi. Hozirgi paytda “Indorama” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan toʻqimachilik mahsulotlarining 90 foizi dunyoning 60 mamlakatiga eksport qilinmoqda. Shu  tariqa “Indorama Kokand Textile” “Made in Uzbekistan” global platformasiga aylandi.

Kompaniya ming nafardan ortiq kishini ish bilan taʼminlash va 50 ming tonna paxta tolasini yigirish boʻyicha 4 ta ishlab chiqarish liniyasini barpo etish uchun Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 200 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi. 

Bu bardavom rivojlanish uchun zamin yaratgan muvaffaqiyat boʻldi. 2018-yili “Indorama Agro” MCHJ tashkil etildi. Korxonada toʻliq mexanizatsiyalashgan ilgʻor yigʻim-terim va zamonaviy dehqonchilik uslublari hamda texnologiyalari joriy etildi. Yangi asbob-uskunalar va mashinalar uchun kiritilgan investitsiyalar barqaror dehqonchilikning rivojlanishiga xizmat qilmoqda. “Indorama” bu yoʻnalishni yanada faollashtirmoqda. Kompaniya oʻz qadriyatlariga sodiq qolgan holda kimyoviy moddalar qoʻllashni keskin kamaytirish, tuproq sifatini saqlash va yaxshilash hamda suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan barqaror biznes modelini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda “Indorama Agro” oʻzining pudratchi fermerlari bilan birgalikda Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 75 ming gektar maydonda paxta, gʻalla va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini muvaffaqiyatli yetishtirmoqda.  

2019-yili Qoʻqondagi fosforli oʻgʻitlar zavodi “Indorama” boshqaruviga oʻtkazildi. Bu esa 1935-yilda ishga tushirilgan ishlab chiqarish maydonchasini sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va atrof-muhitning eng yuqori standartlariga ega zamonaviy obyektlardan biriga aylantirish imkoniyatini berdi. Mahalliy fermerlarga sifatli oʻgʻitlar yetkazib berish, hosildorlikni oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Umuman, “Indorama” mamlakatdagi faoliyati davomida 500 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritdi, 3 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratdi.

Biz Oʻzbekistondagi muvaffaqiyatlarimizni yanada mustahkamlashni rejalashtirish bilan birga biznesdan boshqa sohalardagi maqsadlarga ham eʼtibor qaratmoqdamiz. Erishilgan natijalar ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish imkonini bermoqda. Mahalliy hamjamiyatlarni iqtisodiy va madaniy rivojlanish loyihalarida ishtirok etish, shifoxonalar, maktablar, faxriylar va Mehribonlik uylariga moliyaviy yordam koʻrsatish, kelgusi avlod mutaxassislarini tayyorlashga koʻmaklashish maqsadida akademik va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik qilyapmiz, ularni qoʻllab-quvvatlayapmiz.

Qulay ishbilarmonlik muhiti va mamlakatning iqtisodiy oʻsishi uchun jozibali sarmoyaviy siyosat yuritayotgan Oʻzbekiston rahbariyatidan minnatdormiz. “Indorama” kelajakka ishonch bilan qaraydi va umumiy farovonlik yoʻlida mamlakatdagi oʻz faoliyatini kengroq koʻlamda davom ettirishni istaydi.

— Oʻzbekistondagi ishbilarmonlik muhiti, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlarni qanday baholaysiz?
— Takror boʻlsada taʼkidlash joiz, guruhimiz 2010-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda va shu vaqtgacha 500 million AQSH dollaridan ortiq sarmoya kiritgan. Va bu jarayon davom etmoqda.

Oʻz-oʻzidan ayonki, qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlarimiz Oʻzbekistondagi qulay investitsiya muhitining koʻzgusidir. Mamlakatda yaxshi sanoat bazasi va infratuzilma mavjud boʻlsada, 2016-yildan eʼtiboran boshlangan va davom etayotgan iqtisodiy islohotlar biznes muhitiga sezilarli va ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Bu oʻtmishdagi asosiy toʻsiqlarni bartaraf etishga olib keldi va iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishga imkoniyat yaratdi.

— Oʻzbekistonda “Indorama” kompaniyasini yanada rivojlantirish borasidagi rejalaringiz bilan ham oʻrtoqlashsangiz...
— Biz mamlakatdagi investitsiya jadalligini davom ettirishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda iqtisodiy islohotlar doirasida koʻplab davlat korxonalarini xususiylashtirish eʼlon qilindi. Ularning ayrimlarini faoliyatimiz doirasida koʻrib chiqmoqdamiz.

Biz Oʻzbekiston buyuk iqtisodiy oʻsish tarixini yaratish yoʻliga kirganiga qatʼiy ishonamiz va, albatta, buning bir qismi boʻlishni xohlaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?