Mutaxassis: Endoprotezlash amaliyotidan keyin reabilitatsiya qoidalariga qatʼiy amal qilish shart

10:36 24 Noyabr 2023 Jamiyat
231 0

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov maʼlum qilishicha, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari zamonaviy tibbiyotning eng katta yutuqlaridan biri. Ammo ilgʻor usullarda bajarilgan operatsiyalar ham hali bemorning darddan toʻliq xalos boʻlganini anglatmaydi. Chunki bu — muvaffiqyatning yarmi xolos. Qolgani muolajalarning ajralmas qismi boʻlgan tibbiy reabilitatsiyaning qanday kechishi bilan chambarchas bogʻliq.

Soʻnggi yillarda koronavirusning ogʻir asorati sifatida namoyon boʻlayotgan tizza va chanoq-son boʻgʻimlari yemirilishiga aloqador xastaliklarni jarrohlik yoʻli bilan davolash ham samarali tibbiy reabilitatsiyani talab etadi.

Hozir xastalikning soʻnggi bosqichlarini bartaraf etishda zararlangan boʻgʻimga endoprotez oʻrnatish amaliyotidan keng foydalanilmoqda. Bu yuqori texnologiyali davo chorasi hisoblanib, bemor operatsiyadan soʻng oʻrtacha 10 kun davomida shifoxonada zarur tibbiy muolajalarni oladi.

Ana shu davrda reabilitatsiyaning ilk bosqichlari boshlanadi. Dastlab shifokor koʻrsatmasi bilan operatsiya qilingan oyoq maxsus valik yordamida tegishli holatda ushlanadi. Avval bemorga nafas olish, mushaklarni mustahkamlovchi mashqlarni bajarish oʻrgatiladi.

Bu jarayonda endoprotez oʻrnatilgan boʻgʻimni zoʻriqtirib qoʻymaslik oʻta muhim. Chunki notoʻgʻri bajarilgan xatti-harakatlar, yaʼni tibbiy reabilitatsiya qoidalarini buzish operatsiyadan keyin yalligʻlanish oʻchoqlari rivojlanishi, protezning siljishi, surilishi, nevrit, suyak oʻsishi, oqsoqlik, bel ogʻrigʻi kabi turli ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois shifokor koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi.

Endoprotezlash amaliyotidan soʻng uch kun davomida bemor yotoq rejimiga toʻliq amal qiladi. Bu davrda nafas olish va baʼzi yengil mashqlar bilan cheklaniladi. 3-5-sutkadan bemorning maxsus moslama yoki qoʻltiqtayoq yordamida qisqa masofaga yurishiga ruxsat beriladi.

Qolaversa, chanoq-son boʻgʻimi operatsiyasida 90 darajadan kam boʻlmagan burchak ostida 20 daqiqagacha oʻtirish tavsiya etiladi.

Mashqlar davomida oyoqlar kesishishiga yoʻl qoʻymaslik uchun maxus yostiqdan foydalaniladi. Oʻz navbatida, operatsiya qilingan oyoqning toʻgʻri burchakdan koʻproq egilmasligini taʼminlash shart.

Mushaklarni chiniqtiruvchi mashqlarni kuniga bir necha marta, 5-10 daqiqa davomida takrorlash maqsadga muvofiq.

Shifoxonadan uyga javob berilgach, harakat-tayanch tizimining toʻlaqonli tiklanishi uchun reabilitatsiya qoidalari muhim. Bu davrda boʻgʻimlarga tushadigan yuklamalar bosqichma-bosqich oshirib boriladi. Bunda davolovchi mutaxassis tavsiyalaridan foydalaniladi.

Uch oydan soʻng qoʻltiqtayoqni hassatayoq bilan almashtirish mumkin. U 6 oygacha harakatlanishga dastak boʻladi. Shundan soʻng shifokor bajarilishi kerak boʻlgan yangi mashqlar toʻplamini taklif qiladi. Suzish, velosiped minish va changʻi uchish kabi mashgʻulotlar shular jumlasidan.

Reabilitatsiya davomiyligi bemorning holati, yoshi va salomatlik koʻrsatkichlariga koʻra farqlanishi ham mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер