Muqaddas Ramazon oyi Oʻzbekistonda oʻziga xos ulugʻvorlik va milliy qadriyatlar asosida oʻtkaziladi — “Oman Observer”

12:22 09 May 2021 Madaniyat
1282 0

Oʻmon Sultonligining “Oman Observer” gazetasida Oʻzbekistonda Ramazon oyining nishonlanishi toʻgʻrisidagi “Iftorga oʻzbek lazzati” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Jurnalist Yusuf Kabir tomonidan yozilgan material oʻmonlik oʻquvchilarni Oʻzbekistonda Ramazon oyi bilan bogʻliq urf odatlar, saharlik va iftorlik dasturxoniga tortiladigan milliy taomlar bilan tanishtiradi.

Muallifga koʻra, muqaddas Ramazon oyi Oʻzbekistonda oʻziga xos ulugʻvorlik va diniy qadriyatlar bilan oʻtkaziladi. Roʻza tutish, iftorlik anʼanalari va madaniyati har bir oʻzbek xonadonida hatto sobiq mustabid davrida ham saqlab qolingan.

«Oʻzbek xalqi bir vaqtlar oʻzlarining diniy va milliy urf-odatlaridan mahrum boʻlgan edi. Oʻzbekiston mustaqil davlat, deb eʼlon qilinganidan soʻng milliy urf-odatlar bilan birga diniy qadriyatlar ham qayta tiklandi, - deb yozadi muallif. - Shundan buyon Ramazon oyi mamlakat aholisi orasida katta koʻtarinkilik bilan oʻtkaziladi. Mahalliy urf-odatlariga koʻra, oʻzbeklar iftorlik vaqtida oʻz qoʻshnilari bilan taom ulashadi. Bu anʼana, ayniqsa, hayit bayrami arafasida yana-da ommalashdi. Oʻzbek oilasining yana bir oʻziga xos odati bor. Yaʼni har bir oʻzbek xonadonida roʻza ochilishida oila boshligʻi duo qiladi hamda birinchi boʻlib taomga qoʻl uzatadi. Bu qoida va tartib Oʻzbekistonning barcha mintaqalarida amalda».

Maqolada qayd etilishicha, oʻzbek xonadonida yoziladigan dasturxon juda batartib. Oʻzbekistonliklarning eng sevimli taomlari – bu anʼanaviy shirinliklar, nisholda, patir non, somsa, qandolat va, albatta, palovdir. Bularning barchasi Oʻzbekistonda Ramazon oyi davomida sevib tanovul qilinadi.

Materialda, shuningdek, oʻzbek oshxonasining shoh taomi - palov va nisholdani tayyorlash usullari haqida maʼlumotlar oʻrin olgan.

“Nisholda sogʻliq uchun juda foydali va hazm qilishni yengillashtiradi”, - deyiladi nashrda.

Muallifning oʻmonlik oʻquvchilarga tavsiya etishicha, oʻzbek palovini tayyorlash uchun yaxshi guruch tanlash kerak. Qoʻy goʻshti, sabzi va piyoz asosiy masalliqlardan hisoblanadi. Sabzini uzun shaklda toʻgʻrash lozim.

«Agar siz palovni pishirishni eplagan boʻlsangiz, uni anor va turpdan tayyorlangan “Toshkent” salati bilan tonavvul qilib, ushbu taomning mazasidan zavq oling», - deb yozadi Yusuf Kabir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?