Mulkka egalik huquqini olish jarayoni jurnalistlar nigohida

15:06 20 Avgust 2025 Jamiyat
197 0

Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmalari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida jurnalistlar Nukus shahridagi “Gone qala” mahalla fuqarolar yigʻinidagi uy-joylarning xatlovdan oʻtkazilish jarayonlari bilan bevosita tanishdilar.

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida” gi Qonuni ijrosi yuzasidan Davlat kadastrlari palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi va uning tuman, shahar filiallari tomonidan keng koʻlamli xatlov ishlari olib borilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida soha mutaxassislari uyma-uy yurib aholiga kadastr sohasidagi yangiliklar, turar joylarida oʻzgarishlar yoki qoʻshimcha qurilmalar qurilsa uni hujjatlashtirishning tartib-qoidalari haqida tushuntirish ishlarini olib borishdi. Jurnalistlar bevosita kadastr agentligi mutaxassislarining uy-joyni oʻlchash, hujjatlashtirish jarayonlari bilan tanishib bordilar.

Tadbir doirasida Kadastr masʼullari ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda masʼullar tomonidan aholining yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, 2025-yilda 166 ta mahallada xatlov ishlari amalga oshirilishi belgilangan. Yuqorida keltirilgan Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida hududlarga 175 nafar xodim jalb etilgan. Bundan tashqari, Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasida ishchi guruh tuzilgan. Bugungi kunga qadar 48 ming 498 ta koʻchmas mulk obyektlari xatlovdan oʻtkazildi. 34 ming 277 ta obyekt haqidagi maʼlumotlar UZKAD axborot tizimiga yuklangan va 18 ming 640 ta obyekt “Eʻtirof” avtomatlashtirilgan tizimiga oʻtkazilgan.

14 ming 992 ta obyekt hozirda muhokama jarayonida, 2 ming 401 ta obyekt haqidagi maʼlumotlar Kadastr agentligining rasmiy “kadastr.uz” saytida va mahalla fuqarolar yigʻinlarida eʼlon qilindi. Shuningdek, 561 ta obyekt Adliya organlari tomonidan oʻrganilmoqda, 23 ta obyekt boʻyicha komissiya tomonidan mulk huquqini tan olish rad etilgan, 142 ta koʻchmas mulk tahrirlash jarayonida, 176 ta obyekt egalarining qonunda koʻrsatilgan bir martalik toʻlovlarini toʻlashi kutilmoqda.

– Qonunga koʻra, ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan bir martalik toʻlovni amalga oshirish boʻyicha SMS-xabarnoma yuboriladi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi boshligʻi S. Urunbayev. — Xabarnoma asosida bir martalik toʻlovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari tuman-shahar Kengashlarining qarori bilan huquqlar tan olinadi. Bugungi kunda ijobiy xulosalar olgan 176 fuqaroga toʻlov boʻyicha SMS-xabarnoma yuborilgan boʻlib, mulk egalari tomonidan toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida turibdi. Fuqarolar tomonidan bir martalik toʻlovlar amalga oshirilgandan soʻng koʻchmas mulk obyektlariga mulk huquqlari eʼtirof etilishi mumkin. Aholi tomonidan bir martalik toʻlovlarni toʻlash muddati kechiktirilishi mulkiga egalik huquqini olish muddatining choʻzilishiga va bu oʻz-oʻzidan qonun ijrosini taʼminlashdagi muddatlarning buzilishiga sabab boʻlmoqda.

ayrat OTAJONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер