Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yana-da mustahkamlanmoqda
Oliy Majlis Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisida “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Soʻngi yillarda xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining Konstitutsiyada kafolatlangan daxlsizligini taʼminlash borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Lekin ayrim joylarda mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning amalda ijrosi taʼminlanmagan. Buni mazkur yoʻnalishda Senatga kelib tushayotgan murojaatlar sonining deyarli ikki barobarga koʻpayganidan koʻrish mumkin.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy sudlari tomonidan mahalliy hokimliklarning qarorlarini haqiqiy emas deb topishga doir 2019-yilda jami 3 mingga yaqin ishlar koʻrilgan boʻlib, ularning 42 foizi qanoatlantirilgan.
Shu bois, mazkur Qonun bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Yer kodeksiga oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Bundan koʻzlangan maqsad, birinchi navbatda, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilashdir.
Oʻz oʻrnida, kiritilayotgan normaga asosan, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish yer egasining roziligi boʻlgan taqdirda yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qolaversa, amaldagi qoidalardan farqli oʻlaroq, endi yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish aksariyat holatlarda sud tomonidan amalga oshiriladi. Bunday holatlar etib Qonunda yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanish, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaslik, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer soligʻini muntazam toʻlamaslik kabilar belgilanmoqda.
Oʻz oʻrnida, tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yer uchastkasiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqini faqat toʻrt holatda tugatish amalga oshirilishi mumkin. Yaʼni yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, yuridik shaxs tugatilganda, xizmatda foydalanish uchun yer berishga asos boʻlgan mehnatga oid munosabatlar bekor boʻlganda.
Bundan tashqari, Qonunda korxona va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilishi belgilanmoqda.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida mulkdorlar huquqlari, ularni oʻz mulkiga boʻlgan mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qilish kafolati mustahkamlanadi. Qolaversa, yer uchastkalari olib qoʻyilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining oʻrni, shu jumladan, davlat tomonidan toʻliq qoplanadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring