Mulk daxlsizligining yangi kafolatlari

18:32 05 Iyul 2023 Jamiyat
586 0

Foto: Arxiv surat

Bundan chamasi, yetti-sakkiz yil muqaddam “snos”, “uy-joyni buzish”, degan soʻzlar tez-tez quloqqa chalinib turardi. Yashirishga hojat yoʻq, ayrimlar uchun bu “noinsoflik” soʻzi sinonimiga ham aylanib ulgurgandi. Oʻsha paytda koʻplar baʼzi bir hokimlarning noqonuniy qarorlari oqibatida sarsonu sargardon boʻlgani ham bor gap.

Shu nuqtai nazardan ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 47-moddasiga kiritilgan yangi norma ushbu muammoga nisbatan mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim boʻldi. Yaʼni, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi belgilandi. Shuningdek, aholi uchun uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish, ayniqsa, ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash Konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi.

Aniqroq aytganda, ushbu modda bilan uy-joy mulkdorlariga nisbatan 2 turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilanmoqda: sud va uy-joydan mahrum etilganda teng qiymatda kompensatsiya olish kafolati.

Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yoʻl qoʻyilmasligini anglatadi. Ushbu kafolat uy-joyga nisbatan mulk huquqi mulkdorning erk-xohishidan qatʼiy nazar, majburiy tarzda bekor boʻlayotganda qoʻllanilishi nazarda tutilgan. Sud tomonidan mulk huquqini bekor boʻlishiga sabab boʻluvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida obyektiv tarzda koʻrib chiqiladi. Albatta, mazkur tartib mulkdor har qanday holatda asossiz ravishda mulk huquqidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.

Teng qiymatda kompensatsiya olish qanday maʼnoni anglatadi? Bu mulkdorga olib qoʻyilgan mol-mulkka teng qiymatli mol-mulk beriladi va uning koʻrgan boshqa zararlari toʻlanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar toʻliq hajmda qoplanadi deganidir.

Bularni yanada soddaroq tarzda tushuntiradigan boʻlsak, endi istalgan tadbirkor yoki fuqaroning mulkini “snos” bahonasida buzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat ehtiyoji uchun olinishi koʻzda tutilgan hududlar esa mulk egasi rozi boʻlgan va kompensatsiya toʻliq qoplab berilgandan keyingina buzilishi mumkin.

Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2021-yil davomida Oʻzbekistonda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan 3 mingdan ortiq mulkdorga jami 1 trln. 37 mlrd. soʻmdan ortiq kompensatsiya mablagʻi toʻlangan. 2022-yilda esa, ushbu yoʻnalishdagi kompensatsiyalar uchun byudjetdan 500 mlrd. soʻm ajratilgan.

Darhaqiqat, “uy-joyli boʻlish huquqi” xalqaro umumeʼtirof etilgan hujjatlarda insonning ajralmas huquqlarining biri sifatida tan olingan. Bu huquq oʻz ichiga quyidagi huquq va erkinliklarni oladi: birinchidan, majburiy koʻchirilish, uy-joyni buzishdan himoyalash; ikkinchidan, uy-joyni boshqa shaxsning tajovuzidan, shaxsiy hayot va oilaviy sirlarning daxlsizligini taʼminlash; uchinchidan, yashash joyni erkin tanlash, erkin harakatlanish va turar joyni erkin tanlash.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 47-moddasida,Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonunda belgilanadi”, degan yangi insonparvar norma mustahkamlandi. Bunday norma Shveysariya, Finlyandiya, Portugaliya, Polsha kabi davlatlarning ham konstitutsiyalarida oʻz ifodasini topgan.

Hozirgi kunda, Oʻzbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini “mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan oilalar, alohida yordamga muhtoj xotin-qizlar uy-joy bilan taʼminlash davlatning muhim vazifasiga aylanmoqda. Xususan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga subsidiyalar toʻlanishi belgilandi. Yangi tartib doirasida 2020-2022-yillarda jami 27 800 nafar fuqaroga boshlangʻich badal bir qismini qoplash uchun 795,6 mlrd. soʻm va 38 811 nafar fuqaroga 429,4 mlrd. soʻm foiz toʻlovlari bir qismi qoplash uchun subsidiya ajratilgan. Oxirgi olti yilda mamlakatimiz boʻyicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar koʻp uy-joylar qurildi.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizda yangi qoidalarning mustahkamlanishi orqali, aholining uy-joylari katta-kichik amaldorlarning qarorlari bilan olib qoʻyilmasligiga erishiladi. Endi hech kim mulk egasini rozi qilmasdan turib, uni buza olmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, ekspert guruhi aʼzosi Sherzod Zulfiqorov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер