Muxbir koʻp-u, oʻqiydigan maqola yoʻq

17:19 25 Iyun 2025 Jamiyat
206 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugun Qashqadaryoda qirqqa yaqin bosma ommaviy axborot vositalari chop etilmoqda. Ularning asosiy qismi xususiy nashrlar hisoblanadi. Erkin bozor sharoitida axborot makonida ham xususiy subyektlarning boʻlgani yaxshi. Biroq bu nashrlarning koʻpchiligi OAVga raqobat taqdim etayotgani yoʻq. Ular bir oyda bir marta 200 yoki 300 nusxada chop etiladi. Gazetada asosan shifokorlar, oʻqituvchilar, ichki ishlar, yongʻin xavfsizligi, sud, adliya organlari kabi turli tashkilotlar xodimlarining targʻibot materiallari eʼlon qilib boriladi.

Yaqinda shunday nashrlardan birini varaqladik. Birinchi sahifada 7 ta maqola hamda bitta kichik surat bosilgan. Har bir maqolaga ikkitadan muallif qoʻyilgan. Gazeta xodimlari hech bir muallifning maqolasini shunchaki chop etmaydi, demak, xodim oylik hisobotdagi “OAVda maqola chiqarish” rejasini bajarib qoʻyganidan mamnun. Eng qizigʻi, oʻsha gazetaning ikkinchi sahifasida tibbiyot, taʼlim hamda adliya xodimlariga tegishli naqd 18 ta maqola bor. Barcha maqolalar kichik, toʻmtoq sarlavha, xatolarga toʻla bir yoki ikki abzas matn va muallifning ism-familiyasi, lavozimidan iborat. Qolgan sahifalar ham xuddi shu taxlit davom etgan. Eng achinarlisi, bu holat hududdagi aksariyat nashrlarning asosiy “kun koʻrish manbai”ga aylanib bormoqda.

2010-yilgacha Qashqadaryo viloyatining barcha shahar va tumanlari muassisligida gazetalar chop etilgan. Keyinchalik obuna muammosi sabab mahalliy hokimliklar muassisligidagi nashrlar soni ham birin-ketin kamayib bormoqda. Ayni paytda viloyatdagi 16 ta shahar va tumandan faqat 7 tasining nashrlari amalda chiqib turibdi. Qolganlari yopilib ketgan yoki toʻliq xususiylashtirib yuborilgan. Kasbidagi “Sadoqat”, Gʻuzordagi “Gʻuzor hayoti”, Qamashidagi “Qamashi” gazetalari bir oyda ikki marotaba, mingdan ortiq nusxada chop etilmoqda. Qolganlari bir yoki ikki oyda bir, 300 — 500 nusxada nashr qilinmoqda.

— Hokimligimiz muassisligidagi gazetada ikki kishi ishlaydi, — deydi Tuman hokimligining axborot xizmati rahbaridan biri. — Obuna tashkil etishga, tahririyatning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga hokimlik imkon qadar koʻmaklashadi, lekin oldinga siljish yoʻq. Gazeta bir oyda bir marta chop etiladi. Shunda axborotlarni toʻligʻicha tuman hokimligining rasmiy telegram kanalidan olib qoʻyadi. Tasavvur qiling, bir oy avval kanalda yoritgan xabar oradan shuncha vaqt oʻtib hech bir oʻzgarishsiz gazetada chop etilsa, buning kimga qizigʻi bor?! Axir, gazetadan mushtariylar professional nashr sifatida salmogʻi tosh bosadigan, kuchli tahliliy-tanqidiy materiallarni kutishadi-ku! Shuncha muxbir boʻlsa, maqola qani?..

Bosma nashrlardagi iqtisodiy muammolar ortidan suyagi matbuotda qotgan, gazetaning mehnatini, maqola yozish, yangi fikr, teran soʻz aytishning mashaqqatini, masʼuliyatini his qiladigan professional xodimlarning koʻchiligi boshqa sohalarga oʻtib ketishdi. Ularning oʻrnini aslida jurnalistikaga, ijodga hech qanday aloqasi boʻlmagan, tashkilotma-tashkilot yurib, buyurtma maqola toʻplash, pul yigʻishga oshufta “muxbir”lar koʻpayib ketdi. Natijada sohaning, matbuotning obroʻsiga katta putur yetdi. Yaqinda bir tadbir bahona barcha nashrlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar toʻplanishdi. Buni koʻrgan ustoz jurnalistlardan biri istehzoli hazil qildi: “Eh-hey, viloyatda shuncha muxbir boʻlsa, maqola qani?! Men hech bir nashrda “voh” deydigan maqola oʻqimayapman...”

Bugun viloyatda chop etilayotgan nashrlarni varaqlarkansiz, birorta oʻqimishli, dolzarb mavzudagi tahliliy-tanqidiy maqolaga koʻzingiz tushmaydi. Keltirganlarimiz bugungi matbuotdagi kishi diliga ogʻriq soladigan muammolarning bir qismi, xolos. Koʻpchilik bosma nashrlar shu darajaga kelib qolishining ham oʻz sabablari bor aslida. Ularning har biri haqida toʻxtalib oʻtirmadik.

Ammo bir narsa ayon – izlangan, yangi-yangi tashabbuslarga qoʻl urayotgan, faoliyatini bugungi davr shiddatiga moslashtirishga harakat qilayotgan, mushtariylarga puxta ishlangan, ishonchli xabarlar, chuqur tahliliy-tanqidiy maqolalar ulashayotgan nashrlar asta-sekin rivojlanib bormoqda. Matbuotning yuksalishi, qayta oʻz izmiga tushib olishi uchun yagona yoʻl ham shu aslida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер