Muhtojlikdan qoʻziqorin qutqardi
Oʻtgan yilning sentyabri oxirida qoplardagi chigit qipigʻi – sheluxaga urugʻ sepib qoʻziqorin yetishtirishga kirishgan oila oradan toʻrt oycha vaqt oʻtgach salkam 40 million soʻm daromad koʻrdi. Gap Qorovulbozor tumanidagi Boʻston mahallasida istiqomat qiluvchi Ulugʻbek Hamidovning xonadoni haqida bormoqda. Vaholanki, oʻtgan yilning boshida ishsiz, daromadi yoʻqligi tufayli u kam taʼminlangan oilalar qatorida turgandi.
Aslida hech qanday moʻjiza yuz bergani yoʻq. Mahalla yettiligi Ulugʻbekda ishlash, nochorlikdan xalos boʻlmoq istagini koʻrib, unga yordam qoʻlini choʻzdi. Mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasiga koʻra, oila sohibiga bank tomonidan 33 million soʻm miqdorida kredit ajratildi. U. Hamidov shu sarmoyaning bir qismini qoʻziqorin yetishtirishni yoʻlga qoʻymoqqa sarfladi.
— Qoʻziqorin yetishtirish texnologiyasini obdan oʻrgandim, — deydi Ulugʻbek. — Menga maʼqul bir jihati u qisqa muddat oraligʻida isteʼmol uchun tayyor boʻladi. Qolaversa, qoʻziqorinni yertoʻla yoki omborxona vazifasini oʻtaydigan joyda ham yetishtirish mumkin. Qopchalardan kuniga 10 – 15 kilogramm atrofida hosil olib, savdo doʻkonlariga yetkazyapmiz. Kilosi 30 ming soʻm atrofida.
Ulugʻbek Hamidovning qoʻziqorindan moʻmay daromad topayotganini koʻrgan mahalladagi ayrim ehtiyojmand oilalar ham “olma pish, ogʻzimga tush” deya yurishdan naf yoʻqligini anglab yetishdi. Axir, hududda yashayotgan 1300 nafarga yaqin aholi ixtiyorida jami 36 gektar tomorqa bor. Undan oqilona foydalanilsa kambagʻallik balosi yaqin ham yoʻlamaydi. Aytmoqchi, halol mehnat ortidan baraka topayotgan U. Hamidov xonadonini endi kambagʻal oilalar roʻyxatida uchratmaysiz.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida “Yaldo kechasi” romanining taqdimoti oʻtkazildi
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring