Muharram oyining fazilati
Yaratganga shukronalar boʻlsinkim, pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar tufayli yopilgan masjidlar qayta ochildi. Allohning zikri yangrayotgan baytullohlar shaharu qishloqlar oʻzaro qayta ilm-maʼrifat nurini taratmoqda. Azon chaqirigʻi yangrashi bilan masjidlar sari ibodatga oshiqayotganlarning chehrasida butun olamlar Robbisiga qayta yuzlanish imkoni berilganidan mamnunlik ifodasi seziladi.
Bir tarafdan jamiyatimizdagi diniy erkinliklar shukuhi, ikkinchi tarafdan jonajon Vatanimizning mustaqillik kuni bayrami shodiyonalari yaqinlashayotgan lahzalarda hijriy yangi — 1442-yil kirib keldi.
Hijriy-qamariy yil Muharram oyi bilan boshlanadi. Uning fazilati beqiyos ekanligi tarixiy manbalarda koʻp takrorlangan. Ulardan biri Alloh subhonahu va taʼolo Rajab hamda ketma-ket keluvchi Zulqaʼda, Zulhijja, Muharram oylarida urush qilish harom ekanligini oʻz kalomida bayon qilgan. Bu taʼkidda insonlar uchun katta manfaatlar mujassam. Sababi, Islom dini joriy etilgan dastlabki yillarda moʻminlar Haj ibodati uchun turli yurtlardan Zulqaʼda oyida Makka shahri tomon otlanishardi. Zulhijjada Haj qilishib, Muharram oyida ortga qaytishardi. Rajab oyida esa moʻminlar Umra ibodatini bajarishgan. Shu bois, kishilarni ibodatdan chalgʻitmaslik, qabilalar oʻrtasida tinch-totuvlikni saqlab turish, hojilarni Makkaga undan oʻz vatanlariga xotirjam yetib olishlarini taʼminlash uchun ham bu oylarda urush harom qilindi.
Muharram oyining yana bir fazilati uning «Ashuro kuni» deb ataluvchi 10-kuniga yashiringandir. Bu kunda kishilar bir-biriga yaxshilik qilishi, muhtojlarga yordam koʻrsatishi, yomonlik va baxilliklardan tiyilishi, qarindoshlarga mehr-muruvvatli boʻlishi shu kunning fazilati sanaladi. Chunki Ashuro kunida Alloh subhonahu va taʼolo Banu Isroil qavmini dushmanlaridan qutqardi. Muso alayhissalom Robbisining bu yordami shukronasi uchun Ashuro roʻzasini tutdi. Bu haqida buyuk vatandoshimiz muhaddislar sultoni Imom al-Buxoriy Oisha raziyallohu anhodan bunday rivoyat qiladilar:
«Quraysh Ashuro kuni roʻzasini johiliyat davrida tutar edi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ham uning roʻzasini tutar edilar. Madinaga kelganlarida ham uning roʻzasini tutdilar va tutishga buyurdilar. Ramazon farz qilingach, Ashuro kunini tark qildilar. Kim xohlasa, uning roʻzasini tutar, kim xohlasa, tark qilar edi».
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan keltirilgan ikkinchi bir hadisda esa bunday deyiladi:
“Nabiy sallollohu alayhi va sallam Madinaga kelib, yahudiylarning Ashuro kuni roʻzasini tutayotganlarini koʻrdilar. “Bu nima?”-dedilar. «Bu solih kundir. Bu Alloh Banu Isroilni dushmanlaridan qutqargan kun. Shu bois Muso uning roʻzasini tutgan»,-deyishdi. U zot: “Men Musoga sizlardan koʻra haqliroqman”,-dedilar hamda uning roʻzasini tutdilar va tutishga buyurdilar”.
Imom al-Buxoriy keltirgan boshqa bir qator hadislarda ham sevimli paygʻambarimiz sallollohu alayhi va sallam bu kunni doimo eʼzozlaganliklari bayon qilinadi. Biz muqaddas sunnatning ana shu jihatiga ahamiyat qaratamiz. Ashuro kunini ortiqcha ilohiylashtirish, majburiy roʻza tutish yoki tuttirishlik muqaddas sunnatga xilofdir.
Imkoniyati bor, ochlikni salomatligi koʻtaruvchi kishilargina Muharram oyining 10-kuni (29-avgust) nafl roʻza tutishligi xayrli amaldir. Xohlovchilar esa 9-10- yoki 10-11- kunlari roʻzador boʻlishgani yana-da savobliroqdir.
Maʼnaviy dunyomizni boyitishga xizmat qiluvchi, nafsimizni tiyib yurishga undovchi Ashuro kunining fazilati shudir. Yana ham Alloh va Uning paygʻambari bilguvchiroqdir.
Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik ekanligini unutmaylik.
Shodiyor MUTAHAROV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring