Muallimning tarixiy kutubxonasi

13:14 07 May 2025 Jamiyat
85 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Jarqoʻrgʻon tumanining madaniy merosini oʻrganishni istagan har bir kishi uchun Jarqoʻrgʻon minorasi muhim ahamiyatga ega. Bu minora 1109-yildagi saljuqiy hukmdor Sulton Sanjarning farmoniga koʻra qurilgan boʻlib, oʻz davrida butun mintaqa uchun madaniyat qoʻrgʻoni vazifasini oʻtagan. Bu tarixiy yodgorlikka tutash hududda yana bir ajoyib goʻsha bor. Bu sakson yoshli keksa muallim Jonpoʻlat Ermurodov tomonidan tashkil etilgan shinam kutubxona.

Jonpoʻlat ota “Jarqoʻrgʻon minorasi” mahallasida istiqomat qiladi. U koʻp yillar davomida yoshlarga maʼrifat ulashdi, yuzlab shogirdlarni kamolga yetkazdi. Shu ulugʻ yoshda ham otaxon oʻz hisobidan kutubxona ochib, mahalla ahliga ziyo tarqatmoqda. Keksa muallim qayerga bormasin, yangi kitob yoki nashr izlab, doimiy ravishda shaxsiy kutubxonasini boyitib keladi. Bugungi kunda bu kutubxona fondida 5 mingtadan ortiq kitob mavjud. Oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalari, ensiklopediyalar, darsliklar, ayniqsa, bolalar adabiyoti namunalariga alohida oʻrin ajratilgan. Jonpoʻlat otaning kutubxonasi mahalla ahli uchun nafaqat kitobxona, balki maʼrifat maskani, muloqot maydoni, oʻzbek tili va adabiyotiga boʻlgan muhabbat maskaniga aylangan. Kun-u tun kutubxonaga mutolaa va muhokama uchun yoshlar toʻplanadi. Jonpoʻlat ota ular bilan muloqot qilish, hayotiy saboq berishdan erinmaydi.

— Bugun internet hayotimizni butunlay oʻzgartirib yubordi, — deydi Jonpoʻlat ota. — Toʻgʻri, internet cheksiz imkoniyatlar, tuganmas axborotlar makoni. Bu makondagi ulkan qulayliklar tufayli koʻpchilik kunini internetda boshlab, shu bilan yakunlamoqda. Ammo bu “oʻrgimchak toʻri” soʻnggi vaqtlarda, ayniqsa, yoshlarning hayotini tom maʼnoda izidan chiqarib yuborishga ham qodir. Maʼnaviyati mustahkam odam internetdan oqilona foydalanadi. Baribir tafakkurni charxlaydigan vosita kitob mutolaasi. Har qanday bilimni, kasbni chuqur egallashning yoʻli kitob oʻqishdir. Kutubxonam shu maqsadga xizmat qilsin deyman.

Kutubxona faqat kitoblar toʻplami emas, balki Jonpoʻlat otaning oʻziga xos maʼnaviy merosi. U yerga kelgan kishi tarixning nafasini his qiladi, nurxonadan chiqqisi kelmaydi.

Eʼtiborlisi, Jonpoʻlat otaning ushbu tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib kelinmoqda. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Jarqoʻrgʻon tumani boʻlinmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi mahalla ziyo maskaniga yuzdan ortiq oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalariga boy kitoblar jamlanmasini sovgʻa qilib, kitob fondi yanada boyishiga hissa qoʻshdi.

Bu sovgʻalar Jonpoʻlat otaning mehnatini yanada ragʻbatlantirdi. Mahalla ahlini quvontirdi. Endi kitobxonada yanada koʻproq kitoblar mavjud boʻlib, yoshlarning bilim olish imkoniyati kengaydi. Jonpoʻlat otaning ushbu xayrli tashabbusi koʻpchilikka oʻrnak, eʼtirof va eʼtiborga loyiqdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер