Moziyga qaytmoq xayrli

15:02 22 Yanvar 2020 Madaniyat
2296 0

Taniqli manbashunos Bobur Aminovning oʻtgan yillar mobaynida shaharlarning turli joylarida va atrofida joylashgan qabrtosh bitiklarini oʻrganish, tadqiq qilish hamda milliy meʼmorchiligimiz arxeomateriallarini (koshinlar, gʻishtlar va hokazo) oʻrganish borasida xorijliklar bilan olib borayotgan izlanishlari maʼnaviyatimiz, xalqimiz meʼmorchiligi anʼanalarini boyitib kelmoqda.

– Bobur aka, tarixiy manbalarda Amir Temur qoʻshinlari tarkibida turli urugʻ-aymoqlarga mansub kishilar sipoh boʻlgani, shu bilan bir vaqtda mazkur urugʻ-aymoqlardan oʻn ikkitadan xos navkarlar tanlab olinib, ularga amirlik unvoni berilgani qayd etilgan. Tadqiqotlaringiz jarayonida XIV-XV asrlarda Amir Temur va temuriylar davrida yashab faoliyat koʻrsatgan, vafotidan keyin vatanimizda dafn etilgan amirlik unvonidagi shaxslarni aniqlagansiz. Bu tarix uchun nechogʻli ahamiyatli?

– Qabrtosh bitiklari tarix uchun juda noyob maʼlumotlar berishi, tarixiy voqealarga boyligi kelajak avlod uchun oʻtmishni oʻrganishga imkon yaratadi. Siz yuqorida zikr etgan, ishonchli sodiq amirlar ham barlos urugʻdan boʻlgan. Oʻz hukmdori ishonchini qozongan va barloslarga mansub amirlar: Xudoydod, Jaku, Iki, Temur, Sulaymonshohlarga Sohibqiron tomonidan Amir ul-umaro unvoni berilgan. Xuddi shu qavm vakillari Jaloliddinga oʻninchi amir, Abu Sayyidga toʻqqizinchi amir darajasi berilgan edi.

Shahrisabzda tugʻilgan, voyaga yetgan koʻpgina amirlar, ayniqsa, barlos qavmiga mansub bunday mansab sohiblaridan ayrimlarining qabrlari Shahrisabzda hozirgi vaqtda ham mavjud. Olti asrlik davr mobaynida Shahrisabz shahri va uning tuprogʻida oʻzgarishlar turli tarixiy voqealar, aholining koʻchish va koʻpayishi kabi jarayonlar oqibatida bu hududda mavjud qabristonlar ham oʻzgargan. Ayrim maqbaralar buzilgan, qabrtoshlar tuproq ostiga koʻmilib ketgan. Hozirgi vaqtda shaharning eski qismidagi baʼzi bir uylardan qabr ustiga qoʻyiladigan va majmuada saqlanib qolgan toshlar chiqib qolyapti. Gumbazi Sayyidon, hazrati Imom, Pirqoʻton, Choʻgʻmozor ota, Vadrugʻ kabi muqaddas joylarda arxeologik qazilmalar va turli obyektlardan topilgan bunday yodgorliklardagi maʼlumotlar haqiqatda Amir Temur va temuriylar davrida bu hududda amirlar chiqqani va vafot etganidan soʻng mazkur joyga koʻmilganining guvohi boʻlamiz. Masalan, Shahrisabzningeski shahar qismidagi xonadonlarning birida Umar Shayxning oʻgʻli Sayyid Ahmadning qabr toshi topildi. U amirzodalardan boʻlgan va mazkur shaxsning sifatlari ham bitikda oʻz aksini topgan.

– Samarqandning epigrafik yodgorliklari borasidagi ilmiy izlanishlaringiz xorijliklarni ham qiziqtirib qoʻydi. Tadqiqotlaringizning diqqatga sazovor tomonlari haqida gapirib bersangiz?

– Samarqand qadimiy osori-atiqalari bilan dunyo tamaddunida oʻziga xos oʻrin tutadi. Hozirgacha ayrim tadqiqotchilar baʼzi bir tarixiy jarayonlarni, faktlarni aniqlash uchungina qabrtosh yozuvlaridan foydalanishgan.

Samarqandning 2750-yilligi munosabati bilan Shohi Zindada arxeologik ishlari olib borilgandi. Izlanishlar jarayonida Shohi Zindaning oʻzidan 100 dan ortiq toshlar chiqdi. Bu toshlar temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar davriga tegishli ekani aniqlandi. Shohi Zindaning yuqori qismida sayyidlar daxmasiga oid toshlar ham chiqdi.Oʻsha toshlarda sayyidlarning tarixini boshqa manbalar, qoʻlyozmalar, tadqiqotlar asosida kengroq oʻrganishga imkoniyat yaratadi.

Qabrtoshdagi bitiklar asosan qaysi yozuvda bitilgan? Oʻqish sizga muammo tugʻdirmaydimi?

– Asosan, arabiy-forsiy tilda nastaʼliq, kufiy, sulsi, nasxi, rayhoniy usulidagi yozuvlarda bitilgan. Men arabiy va forsiy yozuvlardagi tosh bitiklarini bemalol oʻqiy olaman. Bu yozuvlarda faqat ajdodlarimizning shajarasi emas, Qurʼoni Karim oyatlari, duolari hamda fors adabiyotining yirik namoyandalari Saʼdiy, Hofiz Sheroziy, Jomiy kulliyotidagi oʻlmas asarlardan ham keng foydalanilgan.

– Siz tosh bitiklar bilan birga milliy meʼmorchiligimiz arxeomateriallarini oʻrganish borasida Fransiyaning Limuzin, Akvitaniya, Gaskon viloyatlarida ijodiy safarlarda boʻlib qaytdingiz. Ayting-chi, ular yaratayotgan imoratlar hamda zamonaviy arxitekturasi bilan bizning meʼmorchilik inshootlari oʻrtasida qanday mushtaraklik bor?

– Mamlakatimizda shu paytgacha meʼmorchilik anʼanalari merosini oʻrganish muammolari va bu jarayon yaxlit uslublari ham aytarli oʻrganilmagan. Lekin hozirgi bunyod etilayotgan binolarda meʼmorchilik ishootlariga katta ahamiyat berilayotgani diqqatga sazovor. Ammo yillar oʻtishi mobaynida yer silkinishi, suv almashinuvi natijasida minorlaru inshootlar har jihatdan taʼmirtalab boʻlib qolgan. Bizda ishlab-chiqarilgan materiallar koʻp oʻtmay, taʼsir kuchini yoʻqotib, ancha muammo tugʻdiradi.

– Buni oldini olish uchun nima qilish kerak?

– Oʻzbekiston tarixiy yodgorliklarini qayta taʼmirlash jarayonida koshinlardan, foydalanilgan arxeologok materallar ishlab chiqish maqsadida fransuz mutaxassislari va oʻzbekistonlik mutaxassislar hamkorlikda samarali loyihalarni amalga oshirishi lozim va zarur. Ijodiy safar davomida fransuz mutaxassislari koʻmagida juda koʻp ustaxonalarda – kulol, chinni, keramika ishlab chiqarish mutaxassisliklarini tayyorlab beradigan oliy oʻquv yurtlarida amaliy uchrashuvlarda boʻldik. Hayratga solgan tomoni shundaki, ular nafaqat jamoat maʼmuriy binolarini, turar joy uylarining tomini ham oddiy tuproqdan tayyorlangan sifatli cherepitsa bilan yopisharkan. Keramika zavodlarida yirik gʻishtlar ishlab-chiqarilayotganligi aholi uchun ham, jamiyat uchun ham foydali samara bermoqda. Bunga bevosita meʼmorlarimiz bunyod etayotgan inshootlarni taqqoslasak, har jihatdan bir-biriga muvofiq keladigan joylari koʻp. Ammo biz binolarimiz tomini havo oʻtkazmaydigan shifer bilan emas, cherepitsadan foydalansak, ishootlarimiz uzoq vaqt aslini yoʻqotmaydi.

Fransiyada tibbiyot uchun keramikadan inson organizmining suyagi oʻrnini bosadigan moslamalar ishlab chiqaradigan korxonalar mavjudligiga alohida eʼtiborimizni qaratdik. Keramika chinni yoki plastmassadan koʻra tabiiy mahsulot boʻlib, inson organizmi uchun foydali tomonlari koʻp. Ushbu loyihalar asosida kelgusida vatanimizda ham keramika va chinni mahsulotlari yangi texnologiya asosida takomillashtirish rejamizda bor.

– Yana bir yangilik: Jamol al-Qarshining “al-Mulxakat bi-s-surax” kitobining I-II jildini rus tiliga tarjima qilinib chop etilishida hissa qoʻshdingiz. Kitob mohiyati nimadan iborat?

– Kitob Chigʻatoy ulusi davrida yozilgan asar hisoblanadi. Asarni arab, fors tilidan rus tiliga tarjima qilishda ishtirok etganman. Qoʻlyozmaning dunyoda uch nusxasi mavjud. Mustaqillik davrida bir nusxasi Namangan shahridan topilgan. Bu kitob Movarounnahr va musulmon dunyosidagi hali bizgacha yetib kelmagan nomaʼlum tarixiy voqealar bayon qilingan. Oʻrta Osiyoning qadimgi arabiylashgan lugʻati ham bor. Manba sifatida ilmni tadqiqot doirasiga tortdik. Jahon tarixining bir qismini Odam Ato va Momo Havodan boshlanib, Chigʻatoy ulusigacha boʻlgan voqealar oʻz aksini topgan. Ushbu asar ustida hali-hanuz izlanish ishlari olib boryapmiz.

– Kelgusida qanday yangi tadqiqotlar ustida ilmiy izlanishlarni rejalashtiryapsiz? 

– Oʻzbekiston hududida ajoyib manbalar– epigrafik yodgorliklarni oʻrganish, tadqiq qilish va nashr qilishdan iborat. Fransuz mutaxassislari, ayniqsa, Bordo III universiteti olimlari bilan hamkorlikda Amir Temur davri va yodgorligi boʻlgan OqsaroyningXIV asr oxiriXV asr boshlariga oid hovlisi sathining koshinlarini taʼmirlash mavzusida loyiha tayyorlash maqsadimiz bor. Shuningdek, Oʻzbekiston va Yevropa ittifoqi hamkorligida tarixiy meʼmorchilik binolari arxeomateriallarini oʻrganish, bunday mahsulotlarni ishlab-chiqaradigan korxonalarni yoʻlga qoʻyish, kelajakda yurtimizda turizmni rivojlantirishga hissa qoʻshish loyihalari ustida ijodiy izlanishlar olib bormoqdaman.

A. Umirova (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?