Moʻjiza bagʻridagi moʻjiza  yoxud Buxoro xattotlik sanʼatini qayta tiklash yoʻlida muhim qadam tashlandi

12:09 03 Noyabr 2022 Jamiyat
1002 0

Foto: Xalq so‘zi

Xattotlik sanʼati jozibador qadriyatlarimizdan biri. Davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish jarayoniga masʼul mutasaddilar va tarixchi olimlar bilan muloqot chogʻida xattotlik maktabiga eʼtiborni kuchaytirish zarurligini taʼkidlagani ham bejiz emas.

— Bu sanʼat Sharqda husnixat, xattotlik, Gʻarbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan, — deydi Bahouddin Naqshband jomeʼ masjidi imom-xatibi, xattot Abdulgʻafur Razzoqov. — Ushbu sanʼat ustalari – xattotlar oʻz davrlarida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlishgan.

Darhaqiqat, qadimda yurtimizda bu sanʼat benihoya taraqqiy etgan. Uning bir nechta maktabi vujudga kelgan. Masalan, Buxoro xattotlik maktabining Mirali Hiraviy ( vafoti 1557-yil), Mir Ubayd Buxoriy (vafoti 1601-yil), Mir Husayn Koʻlankiy Buxoriy (XVI asr) kabi yirik vakillari boʻlgan. Xorazm, Fargʻona, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablarida ham oʻz ishining ustasi sanalgan koʻplab ziyolilar yetishib chiqqan.

Shu oʻrinda diqqatga molik bir dalilga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz. Buxoro xoni Abdulaziz Muhammadxon (1645 -1681-yillar) Hofiz Sheroziy devonining xattot Hoji Yodgor tomonidan koʻchirilgan nusxasini Eron hukmdori Shoh Sulaymon Safiyga sovgʻa tariqasida yuboradi. Hukmdor devonni qoʻliga olarkan, unga “Bir necha mamlakat tuhfasiga teng xazina”, deya baho beradi.

Eʼtiborlisi, xattotlik sanʼati faqat kitobat bilan cheklanib qolmagan. Meʼmorchilik va xalq amaliy sanʼatida ham husnixatdan keng va oqilona foydalanilganini koʻrish mumkin.

— Yurtimizdagi qay bir tarixiy yodgorlikni olib qaramang, unda xattotlik sanʼati namunalarini uchratish mumkin, — deydi buxorolik olim, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, manbashunos Komiljon Rahimov. — Masalan, Chorminorning poydevorida Abdurahmon Jomiyning Buxoro vasfiga bitgan moʻjaz sheʼri bor.Unda “Shariflik maqomi Allohning izni bilan oxirgi marta Buxoroga nasib etdi” degan maʼno mujassam. Esimda, bir xorijlik sayyoh “Shahringizdagi har bir obida moʻjizadir.Ulardagi bitiklar esa moʻjiza ichidagi moʻjizaga oʻxshaydi”, degan edi hayratini yashira olmay.

Biz bu haqida bejiz toʻxtalmadik. Yurtimizda xattotlik sanʼatini qayta tiklash yoʻlida yana bir xayrli qadam tashlandi. Buxoroning mashhur Poyi Kalon majmui bilan uygʻun tarzda sharqona uslubda qad rostlagan binoda “Al-Manar” arab tili va xattotlik markazi ish boshladi.

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida mazkur markazning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda xalqaro sayyohlik tashkilotlari, diniy idoralar, jamoatchilik vakillari, soha ekspertlari, diniy taʼlim muassasalari tolibi ilmlari, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdilar.

Marosimda Buxoro xattotlik maktabi tarixi, yangi markazning maqsad va vazifalari haqida soʻz bordi. Haftalik doirasida xattotlar oʻrtasida oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari taqdirlandilar. Bu yerda tashkil etilgan “Islom xattotligi” koʻrgazmasi ham barchada katta taassurot qoldirdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер