Moskvada “Oʻzbekiston kinosi kunlari” tantanali ochildi

13:18 25 Dekabr 2022 Madaniyat
1355 0

Foto: Халқ сўзи

24-dekabr kuni Moskvaning muhtasham «Illyuzion» kinoteatrida “Oʻzbekiston kinosi kunlari” tantanali ochildi. Tadbirda Rossiya kinematografiya departamenti rahbari Dmitriy Davidenko hamda Mixail Shvidkoy Rossiya Federatsiyasining xalqaro madaniy aloqalar boʻyicha maxsus vakili hamda boshqa rossiyalik kinonamoyondalar ishtirok etdi.

Tadbir Rossiya Madaniyat vazirligi hamda Kinematografiya va raqamli rivojlantirish departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Moskvalik kino muxlislarga soʻnggi ikki yilda suratga olingan turli janr va mavzudagi toʻrtta film havola etiladi. Bu oʻz navbatida tomoshabinga zamonaviy oʻzbek kinosining bugungi qiyofasi haqidagi maʼlum tasavvur va xulosalarga kelish imkonini beradi. “Oʻzbekiston kinosi kunlari” dasturi doirasida moskvaliklar kinorejissyor Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi”, «Qoʻrqut ota» II xalqaro kinofestival gʻolibi, kinorejissyor Dilmurod Masaidov suratga olgan “Ayol qismati” badiiy filmi, kinorejissyor Rashid Malikovning “Tutqunlik” hamda kinorejissyor Qamara Kamalovaning “Kim deyay seni” kartinalari namoyish etiladi.

Tadbir doirasida delegatsiya aʼzolari mashhur «Mosfilm»ga tashrif buyurdi. Ijodkorlar mahobati «Mosfilm»ning boy tarixi hamda zamonaviy texnik va ijodiy imkoniyatlari bilan tanishdilar. Delegatsiya yaqin kunlarda oʻz ishini boshlaydigan eng katta kino pavilyoni, eng zamonaviy uslubda tomoshabinga xizmat koʻrsata oladigan, katta ekranda film namoyish qilish hamda spektakl sahnalashtirish mumkin boʻlgan zamonaviy kinoteatr binosida, rus kinosining boy tarixi haqida hikoya qiladigan noyob eksponatlar joylashtirilgan muzeyda boʻldilar. Rossiyalik kinoijodkorlar hamda mutasaddilar bilan ijodiy uchrashuvda ishtirok etdilar.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligining Kinematografiya va raqamli rivojlantirish departamenti direktori oʻrinbosari Svetlana Frinchinskaya, «Mosfilm» kinokonserni bosh direktori Karen Shaxnazarov, «Soyuzmultfilm» kinostudiyasining bosh prodyuseri Yuliya Osetinskaya, Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi oʻzbekistonlik delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda rus-oʻzbek hamkorlik loyihalari muhokama etildi. Oʻzbek tomoni 5 ta yirik kino loyiha - “Zilzila”, “Paxtakor 79”, “Jizzax qoʻzgʻoloni”, “Masjid”, «Amir Temur hamda Toʻxtamishxon» filmlarini rossiyalik hamkasblari eʼtiboriga havola etdilar. “Taqdim etilgan loyihalar ichida menga eng yoqqani va eʼtiborimni tortgani — «Masjid” boʻldi va men ushbu loyiha ustida oʻzbek hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilishga tayyorman», - dedi «Mosfilm» kinostudiyasi direktori, rejissyor hamda kinossenarist Karen Shaxnazarov.

Bugun Moskvaning «Illyuzion» kinoteatrida zamonaviy oʻzbek kinosining bir qator filmlari namoyishi boʻlib oʻtadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?