Moskva injenerlik-fizika instituti Toshkent filiali abituriyentlarni qabul qilishga tayyor

10:57 28 May 2019 Jamiyat
4839 0

Arxiv foto

Rossiya milliy yadro tadqiqot institutining “Moskva injenerlik-fizika instituti” (MYATI MIFI) shu yili yozda Toshkentda ochilishi kutilayotgan filialiga birinchi abituriyentlarni qabul qilishga tayyor, deb xabar berdi “Oʻzatom” agentligi matbuot xizmati.

Institutning qabul hayʼati oʻz ishini joriy yilning 17-iyun kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti “Fizika fakulteti” binosida boshlaydi. Hujjatlarni qabul qilish 2-iyulga qadar davom etadi.

Abituriyentlar MYATI MIFI filialiga fizika, matematika va rus tili boʻyicha oʻtkaziluvchi imtihon natijalariga koʻra qabul qilinadi. Imtihonlar 3-iyuldan 9-iyulga qadar rossiyalik oʻqituvchi va mutaxassislar tomonidan oʻtkazilib, javoblar 12-iyul kuni eʼlon qilinadi.

Eng yuqori bal toʻplagan 100 nafar talaba davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinib, bepul taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Bu yilgi qabul bakalavriatning quyidagi toʻrt taʼlim yoʻnalishi boʻyicha amalga oshiriladi:

Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi;

Yadro fizikasi va texnologiyalari;

Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi;

Elektr energetikasi va elektr texnikasi.

Institut talabalari yadroviy energetika va issiqlik fizikasi sohasida xalqaro meʼyorlar asosida injener-texnik mutaxassisligi boʻyicha taʼlim oladilar.

Qabul shartlari va qoʻshimcha maʼlumotlar institutning quyidagi elektron saytida eʼlon qilingan.

MIFIning Toshkent filiali Ulugʻbek posyolkasida (Xuroson koʻchasi, 1 uy), Oʻzbekiston fanlar akademiyasi “Yadro-fizikasi instituti” yaqinida joylashgan. Mazkur OTM eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan 11 ta zamonaviy oʻquv laboratoriyasi, talabalar yotoqxonasi, sport kompleksi hamda kutubxona fondiga ega boʻladi.

Filialning barcha bitiruvchilari Oʻzbekistonda tan olinadigan Rossiya andozasidagi diplom oladilar hamda oʻqishni tugatganlaridan soʻng, “Oʻzatom” agentligi tizimida doimiy ish bilan taʼminlanadilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер