“Mohir fortepianochi” tanlovining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida “Mohir fortepianochi” tanlovining taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda davlat idora va tashkilotlari xodimlari, tanlov ishtirokchilari hamda ularning yaqinlari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, yildan-yilga doirasi va nufuzi oshib borayotgan “Mohir fortepianochi” tanlovining asosiy maqsadi yosh avlodning fortepiano sanʼatiga qiziqishini oshirish, bu orqali ularning isteʼdodi va ijodiy qobiliyatini namoyish etish, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirishga qaratilgan.

Professional va havaskor yoshlar uchun tashkil etilgan tanlov uchta yosh toifasida oʻtkazildi. Muhim jihati shundaki, tanlov yigit-qizlarning ishtiyoqi va iqtidorini koʻrsatishga boʻlgan intilishlarini namoyon etdi. Buni viloyatlar kesimida tanlovda qatnashish uchun hujjat topshirgan talabgorlarning soni ham yaqqol koʻrsatib turibdi. Deylik, Andijon viloyatidan jami 18 mingdan ortiq, Toshkent viloyatidan 33 mingga yaqin, Xorazm viloyatidan 10 mingga yaqin, Surxondaryo viloyatidan 20 mingdan ortiq talabgorlar musobaqada qatnashish istagini bildirib, roʻyxatdan oʻtgan.
Bellashuvning respublika bosqichiga esa 76 nafar ishtirokchi yoʻllanmani qoʻlga kiritgan boʻlib, ulardan 41 nafari professional, 35 nafari esa havaskordir.

Murosasiz oʻtgan tanlovning yakuniy natijalarga koʻra, havaskor ijrochilik yoʻnalishida 10-13 yosh toifasida 1-oʻrin Durgut Zara Osman, 2-oʻrin Rania Umarova, 3-oʻrin esa Maryam Ishmetova hamda Adiba Shokirovaga nasib etdi. 14-17 yosh toifasida 1-oʻrinni Anastasiya Mikulitskaya, 2-oʻrinni Varvara Korotkova, 3-oʻrinni esa Alimuhammad Almamedov hamda Nilufar Xudoyberdiyeva egalladi.

Tanlovning professional ijrochilik yoʻnalishidagi bahslar ham qizgʻin kechdi. 10-13 yosh toifasida 1-oʻringa Amina Avazova, 2-oʻringa Artyom Gorelov, 3-oʻringa esa Angelina Cherdikudi hamda Sevinch Azimova ega chiqdi. 14-17 yosh toifasida 1-oʻrinni Kseniya Shegay, 2-oʻrinni Saida Husanova, 3-oʻrinni esa Artyom Pogosov hamda Samira Haydarova qoʻlga kiritdi. 18-30 yosh toifasida 1-oʻrin Nikita Stetsenko, 2-oʻrin Aziz Yusupov, 3-oʻrin Nodira Dadamuhamedova egalladi.
Bagʻriga serqirra isteʼdod va iqtidorlarni jamlagan ushbu tanlov haqiqatan yoshlar bayramiga aylandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Rahmatjon BOBOJONOV,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring