Misrda adolat tarozisini yaratgan alloma

10:36 20 Fevral 2023 Madaniyat
935 0

Foto: Arxiv surat

Butun dunyoda buyuk ajdodlarimizning soʻnmas dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini oʻrganishga qiziqish hamisha yuqori boʻlgan. Xorijiy mamlakatlarda ularning hayoti va faoliyati haqida ilmiy hamda badiiy asarlar yaratilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ulugʻ allomalarimiz, aziz-avliyolarimiz qadamjolarini obod qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Milliy maʼnaviy merosimizni tiklash va asrab-avaylash, ilm-fan va taʼlimni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Buyuk bobolarimiz tafakkuri mahsuli boʻlgan tarix, adabiyot, sanʼat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, kimyo, ­astronomiya, meʼmorlik, din va boshqa sohalarga oid minglab noyob qoʻlyozmalar bebaho boyligimizdir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bunday boy merosga ega boʻlgan xalq dunyoda kamdan-kam topiladi. Dunyo sahnida oʻzbek millatining borligini bildiradigan buyuk bobokalonlarimiz, ulugʻ allomalarimiz bisyor. Biz oʻz oldimizga uchinchi Renes­sansni barpo etish maqsadini qoʻygan ekanmiz, ajdodlarimiz merosini oʻrganishdan charchamasligimiz, bu merosni yoshlarimizga targʻib etishga astoydil bel bogʻlashimiz kerak.

Sharqda — «Hosib», gʻarbda — «Alfraganus»

Bu muborak zamin ne-ne buyuklarga beshik boʻlmagan deysiz?! Ana shunday ajdodlarimizdan biri — Oʻrta asrlarda yashagan Markaziy osiyolik olimlar orasida buyuk astronom, matematik va geograf Ahmad Fargʻoniy salmoqli oʻrin egallaydi. Allomaning toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir ­Fargʻoniydir. Sharqda «Hosib» (matematik) degan laqab olgan. Tarixiy manbalarga koʻra, ­Fargʻoniy 798-yilda Fargʻona vodiysining Qubo (Quva) qishlogʻida tugʻilgan. Ilm yoʻlida Bagʻdodga boradi va oʻsha yerda yashaydi. U yerda Markaziy osiyo­lik vatandoshlari Muhammad Xorazmiy, Abbos ibn Said ­Javhariy va Ahmad ibn ­Abdulloh Marvaziy bilan birgalikda murakkab tushunchalarni aynan ifodalaydigan arab terminologiyasini yaratadi.

Ahmad Fargʻoniy xalifa al-Maʼmun davrida Bagʻdodda Shammosiya degan joyda va Damashqqa yaqin Kasiyun togʻidagi rasadxonalarda, buyuk allomaning oʻzi rahbarligida qurilgan Bagʻdod rasadxonasida koʻpgina kashfiyotlar qildi, 812-yilgi quyosh tutilishini ­oldindan hisobladi, Yerning dumaloqligini isbotladi.

Fargʻoniyning hayoti haqidagi maʼlumotlar juda kam boʻlganiga qaramay, Oʻrta asrlarda Sharqda uning nomi ­mashhur boʻlgan. Akademik M. Xayrullayevning taʼkidlashicha, Ibn an-Nadim (X asr), Ibn al-Qiftiy (XII-XIII asrlar), Abul Faraj Bar Ebrey (XIII asr), Hoji Xalifa (XVII asr) kabi Sharq olimlari uni oʻz asarlarida eslab oʻtgan.

Fargʻonada tugʻilgan olim keyinchalik Bagʻdod shahriga koʻchib oʻtib, Bagʻdod ilmiy maktabi — «Bayt ul-hikma» (“Donishmandlar uyi”)da ijod qiladi. U 832-833-yillari Suriya shimolidagi Sinjor sahrosida Yer meridianining bir darajasi uzunligini oʻlchashda qatnashadi.

Ahmad Fargʻoniyning hayoti haqidagi eng soʻnggi va aniq xabar 861-yil bilan bogʻliq. Maʼlumotlarga koʻra, u shu yili Qohira yaqinidagi Roud orolida nilometrni, yaʼni Nil ­daryosi suvi sathini belgilovchi uskunani yasagan. Biroq ­Fargʻoniy qanday qilib va qanday sharoitda Misrga borib qolgani haqida ham aniq maʼlumot yoʻq. Olimning asosiy astronomik asari «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi» XII asrda lotin tiliga ikki marta va XIII asrda Yevropaning boshqa tillariga ham tarjima qilinganidan soʻng, uning lotinlashtirilgan nomi «Alfraganus» shaklida gʻarbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Allomaning bu kitobi asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik ­vazifasini oʻtadi. Ahmad ­Fargʻoniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yilda nashr etilgan boʻlib, u eng qadimgi chop qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669-yili mashhur niderland matematigi va arabshunosi Yakob Golius asarning arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan birga nashr etganidan soʻng Fargʻoniy va uning asarining Yevropadagi shuhrati yanada ortdi. Alloma nomini Dante (XV asr) va ­Shiller (XVIII asr) ham oʻz asarlarida qayd etgan.

Hozirgi kunda Fargʻoniyning bizgacha yetib kelgan asarlarining hammasi astronomiyaga aloqador boʻlib, dunyoning Berlin, London, Parij, Tehron, Qohira kabi shaharlaridagi muzeylarda, ilmiy markazlarda saqlanmoqda. Jumladan, «Asturlob yasash haqida kitob» qoʻlyozmasi va nusxalari Berlin, London, Mashhad, Parij va Tehron kutubxonalarida, «Asturlob bilan amal qilish haqida kitob» qoʻlyozmasi Rampurda (Hindiston), “Fargʻoniy jadvallari” qoʻlyozmasi Patnada (Hindiston), “Oyning Yer ostida va ustida boʻlish vaqtlarini aniqlash haqida risola” qoʻlyozmasi Qohirada, “Yetti iqlimni hisoblash haqida”gi qoʻlyozmalari Gota va Qohirada, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” — qoʻlyozmalari Halab va Qohirada saqlanadi.

Taʼkidlash joizki, allomaning asarlari Yevropa Uygʻonish davridagi va undan keyingi davrdagi madaniyat rivojida sezilarli rol oʻynadi. Ahmad Fargʻoniy butun dunyoda Oʻrta ­asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk olim sifatida iftixor bilan tilga olinadi va oʻrganiladi.

Fargʻoniy nomi va ilmiy merosiga oʻz yurti Oʻzbekistonda alohida hurmat-ehtirom bilan qaralib, ularni oʻrganishga alohida ahamiyat berilmoqda. 1998-yilda allomaning 1200-yillik tavallud sanasi katta tantanalar bilan nishonlandi.

Ming yildan ziyod foydalanilgan inshoot siri

Maʼlumki, Ahmad Fargʻoniy, avvalo, koinot ilmining buyuk olimi. Lekin u Fustat (zamonaviy Qohiraning tarixiy markazi)ga kelib yashay boshlagach, aholiga nisbatan qoʻllanilayotgan soliq adolatsizligidan iztirob chekar, uni isloh qilish choralarini izlar edi. Toʻrt ming kilometr uzunlikdagi Nil Misr xalqi uchun hayot-mamot daryosi edi. Mamlakat hududining atigi olti foizidagina dehqonchilik qilish, biron yegulik yetishtirish mumkin boʻlgan. Bu ham Nil tufayli. Qolgan qismi qumlik boʻlib, daryo suvi yetib bormas edi. Ana shu olti foiz suvli yer xalqni boqib kelgan. Hozir ham shunday. Ammo oʻshanda Nil suv sathi tizginsiz boʻlgan. Yaʼni bir yil suv sathi koʻtarilsa, qir­gʻoqdagi dehqon yerlarini suv bosib, hosili nobud boʻlardi. Va aksincha, suv sathi pasayib ketsa, qirgʻoqdan uzoqroqdagi yerlar qurgʻoqchilikka uchrardi. Shunga qaramay, davlat soliqchilari har ikki holatda ham yer egalaridan birdek soliq talab qilgan.

Ahmad Fargʻoniy yulduzlar harakatini uzluksiz kuzatish barobarida Nil daryosi sat­hidagi oʻzgarishni daryodan uzoq-yaqinligiga qarab, yerlar hosildorligi jadvalini tuzadi va shu tartibda soliq tizimini yaratadi. Olimning Nil daryosi orollaridan biri — Roud “burni”ga qurgan “Miqyosi­ Nil” uskunasi Misrda yangicha soliq miqdoriga asos soldi. Va taʼbir joiz boʻlsa, Ahmad ­Fargʻoniy Misrda ming yildan ziyod davrda adolat tarozisini ushlab turdi. Shu bois misr­liklar bugun ham buyuk inson siymosi qarshisida hamisha taʼzimda.

Buyuk ajdodimiz suv sathi koʻrsatkichiga nisbatan dehqonning yeri daryodan necha chaqirim naridaligiga qarab qancha soliq toʻlashi lozimligini matematik formulalar asosida aniq hisob-kitob bilan belgilab bergan. Shunday qilib, suv sathi koʻtarilsa, yeri daryoga yaqin dehqonlar kamroq, yeri daryodan olisroqdagi dehqonlar koʻproq va aksincha, suv sathi odatdagidan pastlab ketsa, daryoga yeri yaqin dehqon koʻproq, yeri uzoqroqdagi dehqon esa kamroq soliq toʻlagan. Aslida bu oddiy qoidaga oʻxshaydi. Ammo unda hozirgi oʻlcham birligidagi bir metr oʻzgarsa ham soliq miqdori oʻzgaradigan jadvalni yaratish, darhaqiqat, arablarning oʻzlari aytganidek, buyuk kashfiyot yoki haqiqiy adolat tarozisi boʻlgan. Va oradan ming yildan ziyod vaqt oʻtibdiki, arablar hamon alloma nomini cheksiz hurmat bilan tilga oladi. Shuning uchun ham Ahmad Fargʻoniy yaratgan “Miqyosi Nil” hamon ishchi holatda saqlab kelingan. Misr piramidalari va Sfinksni, eksponatlari koʻp Qohira muzeyini koʻrgani kelgan besh iqlim sayyohlari bu yerga ham qadam ranjida qilib, bobomiz ruhi oldida bosh egadi.

Samoviy harakatlar va iqlimlar nazariyasi

«Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi»ning iqlimlar nazariyasiga koʻra bayon qilingan geografik boʻlimi diqqatga sazovordir. Geografik boʻlim (9-bob) bunday atalgan: “Yerdagi maʼlum mamlakatlar va shaharlarning nomlari va har bir iqlimdagi narsalar haqida”. Bundan soʻng yetti iqlimning hammasi ulardagi mamlakatlar viloyat va shaharlari bilan birga tavsiflanadi. Uning iqlimlar tavsifida 3, 4, 5, 6 va 7-iqlimlarning tavsifi alohida eʼtiborlidir. Chunki bularda Markaziy Osiyoning va unga tutash yerlarning shahar va viloyatlari tavsiflanadi. «Uchinchi iqlim Sharqdan boshlanib, ­Xitoy mamlakatining shimolidan, soʻng Hind mamlakatidan va soʻngra Kobul va Kermon viloyatlaridan oʻtadi. Toʻrtinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va Tibetdan, soʻngra Xurosondan oʻtadiki, bunda Xoʻjand, Usrushona, Fargʻona, Samarqand, Balx, Buxoro, Hirot, Amuya, Marvarrud, Marv, Saraxs, Tuye, Nishopur shaharlari bor. Undan soʻng Jurjon, Qumis, Tabariston, Demovand, Qazvin, Dailam, Ray, Isfaxondan oʻtadi. Beshinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatidan boshlanadi, soʻng Xurosonning shimolidan oʻtadi, unda Toroz shahri — savdogarlar shahri bor, Navokat (Navkat), Xorazm, Isfijob (Sayram), Turar-band (Oʻtror — hozirgi Aris) va Ozarbayjon, Arminiya (Armaniston) viloyati, Bardaʼa (Barda), Nashava (Naxichevan) shaharlari bor. Oltinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va Yajuj mamlakatidan oʻtadi, soʻng Xazar mamlakatidan (Shimoliy Kavkaz va quyi Volgaboʻyi), Jurjon (Kaspiy) dengizining oʻrtasidan kesib oʻtadi va Rum (Vizantiya) mamlakatigacha boradi. Yettinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatining shimolidan boshlanadi, soʻng turkiy mamlakatlardan (Markaziy Osiyo), soʻng Jurjon dengizining shimolidan, soʻng Rum dengizini (Qora dengiz) kesib, ­saqlablar (slavyanlar) mamlakatidan oʻtadi va gʻarb dengizida (Atlantika) tugaydi».

Ushbu parchadan koʻrinadiki, Fargʻoniy katta kenglikdagi oʻlkalarni tavsiflagan boʻlsa ham, oʻzining asl Vatani Movarounnahrni mufassalroq tavsiflagan. U Yajuj mamlakati deb Sharqdagi afsonaviy yerni emas, balki hozirgi Moʻgʻulistonning sharqi va Xitoyning ­shimoli-sharqiga mos keladigan aniq geografik hududni aytgan.

Muxtasar aytganda, Oʻrta asr­lardagi musulmon mamlakatlari astronomlarining, jumladan, ulugʻ vatandoshimiz Ahmad Fargʻoniyning fanga qoʻshgan muhim hissasi shundan iboratki, uning asarlari asosida yillar, asrlar oʻtishi bilan sayyoramiz oʻlchamlari, shaharlarning jugʻrofiy koordinatalari osmon ekvatori va ekliptika orasidagi burchakni, Quyosh, Oyning aylanish davrlari, ularning tutilishini, Quyosh, Oy va sayyoralar harakatlarini tavsiflashga doir hisoblashlarga koʻproq aniqlik kiritdi. Uning yuksak zakovati bilan bu harakatlarning handasaviy (geometrik) modeli takomillashtirildi, qoʻzgʻalmas yulduzlar oʻlchamlari, ularning ekliptik koordinatalarini hisoblashga doir qator muammolar hal etildi, oʻnlab kashfiyotlar qilindi. Bundan tashqari, ­Sharqda munajjimlikka oid bashoratlarda ekliptika va gorizontning kesishuv nuqtasidan kelib chiqib, odam tugʻilishini va biron hodisaning vaqtini aytib berishgan.

Ulugʻ vatandoshimiz yaratgan har bir asarning ahamiyati, uning turli sohalar rivojiga qoʻshgan hissasi, sermazmun hayoti sahifalari — koʻplab maqolalar, tadqiqotlar, ki­toblar yozishga muhim mavzu, xalqimiz uchun esa faxr-iftixor manbaidir.

Oqqan daryo oqaveradi

Tarixchi olim Abdulahad Muhammadjonovning maʼlumotiga koʻra, musulmon mamlakatlari boʻylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi ekspeditsiya aʼzolari 1997-yil 5-dekabrda Misr Arab Respublikasida boʻlib, Ahmad Fargʻoniy hayotini oʻrganishlari natijasida u Misrning Fustat shahrida vafot etgani, Munattam togʻining ­sharqiy qismidan sal narida joylashgan Imom ash-Shofe qabristoniga dafn etilganini aniqlashdi. Vaqt oʻtishi bilan uning qabri yoʻqolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq 1998-yilda Fargʻona vodiysining Quva shahrida barpo etilgan ramziy qabrga qoʻyildi. Zero, ajdodlar zakosi bar­hayot, xotirasi avlodlar qalbida abadiy yashaydi.

Prezidentimizning ilm-fan, taʼlimga berayotgan ­yuksak eʼtibori natijasida bugungi kunda yoshlarimiz orasida Ahmad Fargʻoniy izdoshlari yetishib chiqmoqda. Xususan, Fargʻona politexnika institutida ham ajdodlariga munosib izdosh boʻladigan talabalar soni koʻplab topiladi. Yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish, innovatsion gʻoyalar, loyihalar va texnologiyalarni hayotga tatbiq etish, ilm-fan, taʼlim va ishlab ­chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga zarur shart-­sharoitlar yaratish maqsadida oliygohda “UNITEInn” talabalar innovatsiya markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu markazda bugungi kunga qadar sunʼiy intellekt, muqobil energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, bino va inshootlarning zilzilabardoshligi kabi yoʻnalishlarda talabalarning 78 ta loyihasi amalga oshirildi.

Jumladan, institutning iqtidorli talabasi Abdulvosit Xayrullayev tomonidan 1-5 kVtli past aylanishda ­ishlovchi shamol generatori yaratildi. Ushbu shamol generatori oliygoh hududiga oʻr­natilgan boʻlib, bir kunda 12 kVt-soat elektr energiyani tejab qolmoqda. Mazkur generator ­shamoldan elektr energiyasini olib, maxsus moslama, yaʼni akkumulyatorga yigʻadi va invertor qurilmasi orqali oʻzgaruvchan tok koʻrinishida isteʼmolchilarni elektr toki bilan taʼminlaydi.

Maʼlumki, qish mavsumida aholining elektr energiya isteʼmolining katta miqdori isitish, yozgi mavsumda esa sovitish uchun sarf boʻladi. Ushbu muammoga markaz talabalari tomonidan yaratilgan “Quyosh havo qizdirgich qurilmasi” innovatsion yechim sifatida taqdim etildi. Ushbu qurilma samaradorligi yuqori boʻlib, qish mavsumida issiqlik uchun sarflanuvchi elektr energiyani 15 — 17 foiz tejash imkonini beradi.

Talaba va olimlar ilmiy, innovatsion gʻoyalarini amaliyotga joriy etish, shuningdek, ilm-fan, taʼlim va ishlab ­chiqarish integratsiyasini tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida ins­titutda 17 ta markaz va ular qoshida 14 ta spin-off korxonasi faoliyat olib bormoqda. Oʻquv-ishlab chiqarish kompleksida innovatsion faoliyat ekotizimi yaratilgan boʻlib, prototiplashning toʻliq zanjiri, reinjiniring markazi, mexanik ishlov berish sexi, metallarni innovatsion quyish sexi hamda metrologiya markazlarini oʻz ichiga oladi. Ushbu ekotizim orqali innovatsion gʻoya ­loyihalash bosqichidan yakuniy mahsulot prototipigacha yaratish imkoniyati mavjud.

Ikki buyuk tamaddunni boshdan kechirgan Vatanimiz bugun ham ilm-maʼrifat, fan, taʼlim jadal rivojlanayotgan yurtga aylanib bormoqda. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga koʻrsatilayotgan beqiyos gʻamxoʻrlik mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qodir bunyodkor avlodni kamolga yetkazmoqda. Zotan, dono xalqimiz naql qilganidek, oqqan daryo oqaveradi.

Oʻktam SALOMOV,

Fargʻona politexnika instituti rektori,

texnika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер