Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi oʻrnini kim aniqlagan?

16:31 07 Noyabr 2024 Ilm-fan
469 0

Bobokalonimiz Mirzo Ulugʻbekdan qolgan eng katta meros Samarqanddagi rasadxonasi hisoblanadi. Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi qurilganda Hindiston va Erondan boshqa hududlarda rasadxona boʻlmagan. 1424-1428-yillarda Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi quriladi. Ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Uning vafotidan keyin ham rasadxona 20 yilga yaqin faoliyat koʻrsatadi. Keyinchalik toj-taxt uchun kurashlar natijasida rasadxona faoliyati toʻxtatilib, Ulugʻbekning eng yaqin shogirdi Ali Qushchi ham bu yerni tark etadi. Tepalik qarovsiz, tuproq uyumiga aylanadi.

XIX asrda Samarqand tarixi va arxeologiyasiga jahon miqyosida qiziqish ortadi. Shu davrda Mirzo Ulugʻbek rasadxonasini izlash boshlanadi. Arxeolog olim Vasiliy Vyatkin rasadxona oʻrnini aniqlash bilan uzoq vaqt shugʻullanadi.

“Samariya” kitobining muallifi – Abu Tohir Xoʻjaning avlodidan boʻlgan. Shayboniyxon madrasasi mudarrisi, iqtidorli xattot va rassom Abduqayum Maxsum oʻgʻli Abu Sayyid Maxsum vaqf hujjati orqali Ulugʻbek rasadxonasi oʻrnini aniqlaydi.

Abu Sayyid Maxsum koʻkyoʻtal kasaliga chalinib, yaqinlarining maslahati va yordamida Oloyga davolanishga ketadi. U yerda Oloy malikasi Qurbonjon dodxoh bilan uchrashadi. U oʻzida Qoʻqon xonligining kutubxonasi borligini, chet eldagi qoʻshni xonliklar bilan muloqoti aks etgan besh sandiqdan iborat hujjatlarni maʼlum qiladi. Abu Sayyid malikaning iltimosiga koʻra, arxiv hujjatlarini tartibga solish bilan shugʻullanadi. Bir necha oydan soʻng Abu Sayyid Maxsum sogʻayib, Oloydan Samarqandga qaytadi. U oʻzi bilan Qurbonjon dodxohning hali oʻrganib ulgurmagan hujjatlari saqlanadigan oxirgi bir sandigʻini ham olib keladi. Mazkur sandiqdagi hujjatlarni oʻrganayotganida bir hujjat uning eʼtiborini tortadi. XVI asrga oid ushbu hujjatda rasadxona yaqinida joylashgan tepalik atrofida yashagan ayol vafotidan oldin masjidga hadya qilgan vaqf hujjati eʼtiborini tortadi. Bu hujjatda yerning koordinatalari koʻrsatilgan yaʼni, yer bir tomondan Obi Rahmat arigʻi bilan, ikkinchi tomondan bedazor bilan, uchinchi tomondan mahallaning jome masjidi bilan va toʻrtinchi tomondan Toleʼ Rasad tepaligi bilan chegaralangan edi.

“Toleʼ Rasad” deganda gap Ulugʻbek rasadxonasi haqida borayotganligini bilgan Abu Sayyid Maxsum bu haqda anchadan beri rasadxona oʻrnini aniqlashga harakat qilib yurgan doʻsti Vyatkinga aytadi. Hujjat bilan tanishgan Vyatkin rasadxona oʻrnida qazish ishlarini boshlaydi. Dastlabki kunlarda mashhur inshootning asos qismini topishga muvaffaq boʻladi.

Rasadxonaning oʻrni V.Vyatkin tomonidan emas, vatandoshimiz, samarqandlik mudarris Abu Sayyid Maxsum tomonidan aniqlangan. Abu Sayyidning ilm-fan yoʻlidagi xizmati uchun Oʻrta va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik jihatdan oʻrganish Rus komiteti tomonidan 100 rubl miqdorida mukofotlanadi. Shuningdek, Samarqand shahri, uning atrofi va qadimiy yodgorliklari tarixiy topografiyasini oʻzida mujassam etgan. Tarixchi va arxeologlar uchun muhim manba hisoblangan Abu Toxir ibn Qozi Abu Sayyid Samarqandiyning “Samariya” qoʻlyozma asarining chop etilishi ham Abu Sayyid nomi bilan bogʻliqdir.

Asarning ushbu qoʻlyozma nusxasi 1895-yil dekabr – 1896-yil yanvar oylarida Abu Sayyid tomonidan rus qogʻoziga nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Ushbu nusxa asosida V.Vyatkin asarni rus tiliga tarjima qilib, 1899-yilda nashr ettirganligi allaqachon rus tarixchilari tomonidan eʼtirof etilgan. 1896-yilda tarixchi olim N.Veselovskiy ham Abu Sayyiddan “Samariya” asarining fors tilidagi qoʻlyozma nusxasini oladi. 1904-yilda uni nashr ettiradi.

Abu Sayyid Maxsum Samarqandning tarixiy topografiyasi qadimgi tarixi bilan yaxshi tanish boʻlgan. U betobligi sababli va moddiy jihatdan qiynalgan boʻlishiga qaramasdan, V.Vyatkin tomonidan dastlab Afrosiyob tepaliklarida, keyin Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi oʻrnida va Samarqand atroflarida olib borilgan qazish ishlarida hamrohlik qiladi. V.Vyatkin Sharq qoʻlyozmalari va vaqf hujjatlaridagi tushunarsiz va bahsli joylar xususida undan maslahat olib turgan. Masalan, Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi fondida saqlanayotgan V.Vyatkin qalamiga mansub “Samarqand meʼmoriy yodgorliklari” risolasida ham muallif oʻz xulosalarida Abu Sayyid Maxsumga tayanganligining guvohi boʻlamiz.

Mahmudxon YUNUSOV,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori,

muzeyshunos.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?