Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash sari muhim qadam
Poytaxtimizda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashining 18-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Belarus, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston adliya vazirlari va Qirg‘iziston adliya vaziri o‘rinbosari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, globallashuv hamda davlatlararo aloqalarning kuchayishi sharoitida MDH mamlakatlari huquqiy sohada faol muloqot va hamkorlikni talab etadigan yangi muammolarga duch kelmoqda. Adliya vazirlari kengashi ishtirokchi mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqiy bazani mustahkamlash va qonunchilikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda. Bu fuqarolar huquqlarini yanada samarali himoya qilish, huquqiy xizmatlar sifatini oshirish va xalqaro majburiyatlarni bajarishga xizmat qiladi.
Mintaqaviy va global muammolar kuchayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston poytaxtida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv nafaqat dolzarb masalalarni muhokama qilish, balki MDH mamlakatlarining huquqiy tizimini sezilarli darajada o‘zgartira oladigan strategik yechimlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi.
Toshkentdagi majlis qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilish, milliy darajada qabul qilingan muvaffaqiyatli amaliyotlar va huquqiy qarorlar bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini berdi. Ishtirokchilar Hamdo‘stlik makonida huquqiy ma’rifat, jumladan, yoshlarni huquqiy tarbiyalash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmati sifatini oshirish kabi keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqdi.
Qator muhim tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Xususan, Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Adliya vazirlari kengashidagi raisligi yakunlari sarhisob qilindi, ilgari qabul qilingan qarorlar ijrosi tahlil etildi.
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri — O‘zbekiston Respublikasining MDHga a’zo davlatlar adliya vazirliklari o‘rtasida axborot almashishning elektron tizimini yaratish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashabbusini muhokama qilish bo‘ldi.
Yagona elektron tizimni yaratish so‘rovlarning samaradorligi hamda tezkorligini oshirish, hujjatlarni qayta ishlash, ijro etish va saqlash ustidan nazoratni kuchaytirish, hujjatlarni yo‘qotish holatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Bu tarqoq hujjatlar oqimini yagona tizimga birlashtirish, hujjat yaratish vazifasidan tortib, uni arxivga topshirish va saqlashni ta’minlashgacha bo‘lgan hujjat aylanishining butun jarayonini qamrab olish, pirovardida vaqtni tejash imkonini beradi.
Ushbu tashabbus Hamdo‘stlik makonida huquqiy hamkorlikni jadallashtirish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bunda Yagona elektron tizimni yaratish davlat siri yoki boshqa himoyalanuvchi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarni almashishni nazarda tutmaydi.
MDH ishtirokchi davlatlari adliya vazirlari kengashining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy tadbirlar rejasi, 19-yig‘ilish kun tartibi loyihasi tasdiqlandi. Xususan, 2025-yilda Kengash ishchi guruhlari va organlarining yig‘ilishlari bilan bir qatorda “Tashkent Law Spring” IV Xalqaro yuridik forumini o‘tkazish, notariat vakillari uchun stajirovkalar, MDHga a’zo davlatlarning stajyorlari va yosh advokatlari uchun vebinarlar turkumini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ekspertlar fikricha, Toshkent majlisi natijalari MDH huquqiy tizimlaridagi keyingi o‘zgarishlarga turtki bo‘lishi mumkin. Qabul qilingan qarorlar mamlakatlar ichida ham, xalqaro maydonda ham qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va institutsional hamkorlik rivojiga ta’sir ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashi MDH Davlat rahbarlari kengashining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar adliya vazirlari kengashi to‘g‘risidagi 2005-yil 26-avgustdagi qarori bilan tashkil etilgan. Uni besh davlat — Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston imzolagan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2019-yil 19-noyabrda Kengash a’zoligiga kirdi. 2024-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov MDH ishtirokchi davlatlari Adliya vazirlari kengashiga raislik qilmoqda.
Rahim SHERQULOV
(“Xalq so‘zi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulugʻ bir gʻoya bor. U ham boʻlsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring