“Miniatyura tomoshasi”
...Surxondaryoda edik. Sayrob qishlogʻiga kiraverishda, sovxoz idorasi qoshida “Gazik”ni toʻxtatdim.
– Choyxonasiga boraylik, choyxonasiga, – dedi Said Ahmad aka.
– Hozir boramiz, – dedim.
Biz Qumqoʻrgʻondan kelayotgan edik. Kun salqin. Yomgʻir tingan edi.
Qaragʻaylar ostidan oʻtib, idoraga kirdim. Direktor xonasiyam ochigʻu, hech zogʻ yoʻq.
Nomer teradigan girragi yoʻq telefon trubkasini koʻtardim.
– Alyo, alyo-o! – dedi kommutatordan.
– Menga Omon aka kerak.
– Omon aka yoʻq-ku.
Men qanday gaplashishni bilardim.
– Top! – dedim.
– Hozir, aka...
Bir necha daqiqadan keyin trubkadan Omon aka Toshmatovning ovozi eshitildi:
– Kim oʻ-oʻ?
– Salom alaykum. Men – Shukur, – dedim.
– E, Shukurboy? Munday... bir yozuvchi bilan qidirib juripti, deb eshitaman. Joʻnatdingizmi?
– Yoʻq. Moshinada oʻtiripti.
– Berman opkeling! Hozir. Emasa xapa boʻlaman...
– Xoʻp.
“Gazik”ka qaytdim...
Omon aka Toshmatov – togʻdek kishi sariq beqasam choponda, darvozasi ogʻziga chiqib turgan ekan.
Men bilan quchoqlashib koʻrisharkan:
– Oti nima? – deb soʻradi.
Keyin u Said Ahmad bilan quchoqlashib koʻrishdi. Ichkariga kirdik...
Fotiha oʻqidik...
– Biz Shukurboyning otasini qoʻliga suv quyib jurgich edik... – deb tost ayta boshladi Omon aka. – Shoʻoʻnda u kishi rayon gazetasining redaktiri edi. Mana, ota kasbini olib deng, odam boʻp qoldi. Sizday yozuvchi akalarini iyartib juripti. Bunga rahmat. Lekin rahmatning kattasi sizga aka!... – Omon aka menga zimdan qaradi. “Said Ahmad” deb shivirladim. – Ha, rahmat sizga, Said Ahmad aka!
Soʻz aytish gali Said Ahmad akaga keldi.
– Siz Shukurni yaxshi bilmas ekansiz, – deb qoldilar.
– Bu katta yozuvchi boʻlib qoldi.
– Yolgʻon, – dedim.
– Ha, – dedi Omon aka.
– Yozuvchi – siz!.. Biz sizning birashuralaringizni koʻp oʻqiganmiz. Maqola, kitap...
– Omon aka yana menga zimdan qaradi.
Falakning gardishi-da, televizorda “Miniatyura tomoshasi” boshlangan, ekranda “SAID AHMAD” yozuvi yolqinlanib turardi.
Omon akaga ekranni koʻrsatdim. U kishi tikilib qoldi. Pichirlab oʻqidi. Keyin oʻrnidan irgʻib turib, har ikkala qoʻlini Said Ahmad akaga uzatdi.
– E, shoʻ miniatyurachi sizmi, a? A, munday tushuntirib aytmaysizlarmi?.. aka, minaturalaringizni koʻrib, toza moz-za qilamiz!
Said Ahmad aka xijolatomuz kulimsirab turardi.
–Bilasizmi, Omon aka,– dedi keyin. – ... Mana shu Shukurboyingiz minaturaniyam qotirib tashlaydi. Mana shunday-shunday kitoblar yozayapti...
–Joʻgʻ-ye, – dedi Omon aka.
–E, ishonmaysiz-da!
–Sizga ishonamiz-u...
–Ishonsangiz, shu! Bizni qoʻying... buni hurmat qiling!
–Ha, endi, otalarining qoʻligʻa...
–E, oʻziyam ota boʻp qoldi!
Hozir buning shogirdlari ham bor... Keling, shu yigit uchun ichaylik.
–Obbo, Shukurboy-ye! – dedi Omon aka va piyolani paqqos boʻshatdi-da, turib ketdi.
–Bir maydon gurunglashib turinglar.
U kishi chiqqach:
– Nega unday deysiz? – dedim Said Ahmad akaga.
–Kerak, bolam, kerak, – dedi u kishi. – ... Lekin men bu odamning kitob oʻqimasligidan xafa boʻlmayman. Xoʻjalik rahbarlariga maʼlum: vaqti yoʻq... Lekin qara, qanday koʻngli ochiq odam. Bunday odamlar hozir topilavermaydi. Bularni qadrla.
–Mayli-yu...
Omon aka qaytib kirdi.
–Obbo, boysunligim-yey, shoʻytib, yozuvchi boʻp ketdik deng? Oʻnda-munda eshitib jurgich edig-u... Said Ahmad aka, sizlarga rahmat Izlaringdan jurib...
–Sizlarga rahmat! – dedi Said Ahmad aka. – Shunday yozuvchini berganlaring uchun!
Men xoʻrsindim.
–Ey, chini bilan-a! – deb yubordi Omon aka...
–Said Ahmad aka, yetar, – dedim.
–Jim oʻtir! – deb doʻq qildi u kishi. – Nima, sal maqtasam, maqtabman-da!
Keyin menga oʻychan tikildi.
–Bilasanmi, odatda eng yaxshi yozuvchilarniyam faqat yurtdoshlari qadrlamaydi: oldingdan oqqan suv… u yogʻini soʻrasang, men bu narsani ustozlarimdan oʻrganganman. Ular mening borimni, yoʻgʻimni yashirib yoʻlga solgan desam boʻladi.
–Lekin ular ham baʼzilarga…
–Ana “oʻsha”dan saboq olishgan-da! – yana doʻq qildi Said Ahmad aka.– Sen uchun ham saboq boʻlsin. Qumqoʻrgʻonda bir maqol eshitdim: “Boʻlar elning bolasi bir-birini botir der”. Qandoq yaxshi! Yozib qoʻy!..
... Ertasi Buxoroda yozuvchi Ahadjon Hasanning uyida boʻldik. U kishi rayon rahbarlaridan ham chaqirgan ekan. Gap-guring orasida raykomning birinchi kotibi:
–Endi-i, Saydamat aka, siz... raskaz yozasiz. Raskazchik. Gʻafur Gʻulom – shoir, – dedi.
–Oybek roman yozgan. Demak, u kishi romantik, a?
Men boshimni xam qildim.
Said Ahmad aka oyogʻimni bosib qoʻyib:
– Juda toʻgʻri aytdingiz, – dedi. – Lekin mana bu Ahadjon Hasaningiz ham yozuvchi, ham romantik, ham shoir!
Davra ahli Ahadjon akaga hayratlanib qaradi.
Ahadjon aka...
Shukur XOLMIRZAYEV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring