Mini-futbol boʻyicha Oʻzbekiston Notarial palatasi kubogi turnirining gʻolibi aniqlandi
Foto: "Xalq so`zi"
“Notariuslar sogʻlom turmush tarafdori”shiori ostida Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi kubogi uchun mini-futbol boʻyicha turnir tashkil etildi.
Bu yil toʻrtinchi bor oʻtkazilgan musobaqaning hududiy bosqichlarida jamoalar 4 ta — “A”, “V”, “D”, “S” guruhlariga boʻlingan holda oʻzaro bellashdi. Hududiy bosqichlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Surxondaryo, Namangan, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahri notariuslaridan tashkil topgan jamoalar finalda oʻzaro bellashdi.
Qurʼaga koʻra, final bosqichi oʻyinlarini Xorazm va Namangan viloyati jamoalari boshlab berdi. Qizgʻin va hujumlarga boy oʻtgan bahsning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida Xorazm viloyati notariuslariga omad kulib boqdi — 3:2.
Final yoʻllanmasi uchun kechgan ikkinchi bahsda Toshkent shahri hamda Surxondaryo viloyati jamoalari oʻzaro kuch sinashdi. Unda 3:2 hisob bilan poytaxtlik notariuslar gʻalaba qozonishdi.
Shu tariqa Surxondaryo va Namangan viloyatlari jamoalari uchinchi oʻrin uchun oʻzaro bellashadigan boʻldi. Oʻyinda 7:2 hisobida namanganlik notariuslar gʻalabaga erishdi.
Xorazm viloyati va Toshkent shahar notariuslari oʻrtasida boʻlib oʻtgan final bahsining asosiy vaqtida gʻolib aniqlanmadi — 2:2. Penaltilar seriyasida Xorazm viloyati notariuslari 4:3 hisobida gʻalaba qozonishdi va Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi kubogi sohibiga aylanishdi.
Havaskor futbolchilarni Adliya vazirligi notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar boshqarmasi boshligʻi Maʼsum Hotamov, Oʻzbekiston Notarial palatasi rahbariyati qutladilar.
— Ushbu sport bayramlari notariuslar orasida muntazam oʻtkazib kelinishidan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash, notariuslar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, doʻstona munosabatlarni kuchaytirishdan iborat, — dedi taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palata raisi Dilshod Ashurov.
Yakunda gʻoliblikka erishgan va sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalarga Notarial palata kubogi, diplom, medallar hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring