Millionlarni maftun etayotgan shahar

18:06 30 May 2024 Jamiyat
223 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Har manzilning oʻz xislati bor. Namangan haqida gap ketganda darrov xonadonlardan tortib koʻcha va xiyobonlar, ishxonalar atrofigacha gullarga burkangan kent gavdalanadi kishining koʻz oʻngida. Tabiatsevar shaharning yana bir qadriyati bor – har yili bahorda bu yerda gullar bayrami Xalqaro darajada nishonlanadi. Mana navbatdagi 63-festivalning boshlanganiga ham oʻn kundan oshdi. Bu yerda gul-u chechaklardan yaratilgan betakror manzaralar, istirohat bogʻlarida namoyish etilayotgan madaniy va koʻngilochar tadbirlardan bahramand boʻlish uchun tashrif buyurayotganlarning keti uzilmaydi. Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan vaqt ichida gul sayliga kelgan mehmonlar soni toʻrt million kishiga yaqinlashibdi. Ularning 150 ming nafardan koʻprogʻi uzoq va yaqin xorijdan kelgan sayyohlardir.

Festivalga tashrif buyurgan nafosat oshuftalari eng avvalo shahar markazidagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻiga oshiqadilar. Anjumanga hozirlik jarayonida bu yerda 30 million tupga yaqin yuzdan oshiq turdagi gul koʻchatlari oʻtqazildi. Landshaft dizayni ustalari va mohir bogʻbonlar tasavvuri yordamida tabiiy gul va chechaklardan yaratilgan koʻrgazmalarning har biri hayratli, koʻrib koʻzingiz quvnaydi. Bogʻning kiraverish qismida dunyoning yetti moʻjizasi koʻrinishlari — Hindistonda boburiylar tomonidan qurdirilgan Tojmahal maqbarasi, Misr piramidalari, Parijdagi Eyfel minorasi va boshqa inshootlarning mini nusxalari eʼtiborni tortadi. Anjuman haqida eshitib olis hind oʻlkasidan atayin tashrif buyurgan Praveyenlar oilasini shu yerda uchratdik. Er-xotin Nair va Anipama ikki qizlari bilan betakror manzaralarni tomosha qilib yurishgan ekan.

— Gulning oʻzi goʻzal. Undan yana bir goʻzallik yaratish esa mahorat. Har biri maʼlum bir mazmun-maʼnoni anglatuvchi kompozitsiyalardan zavq olib, tasvirlarni fotokameramizga muhrlayapmiz, — deyishdi mehmonlar.

Darhaqiqat, festivalning dovrugʻidan xabar topib, uni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun kelgan xorijliklar safi bu yil ancha kengaygan. Yaponiya, Turkiya, Germaniya, Eron, Rossiya va boshqa davlatlarning sayyohlari oʻz taassurotlarini internet orqali hamyurtlariga bayon etish bilan band. Gul sayliga ommaviy ravishda kelayotgan qirgʻizistonlik qoʻshnilarning salmogʻi, ayniqsa, eʼtiborga molik. Oʻtgan kunlar ichida ularning soni 80 ming kishidan ortdi.

— Azaldan bir ariqdan suv ichib kelgan oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining doʻstligi tobora mustahkamlanmoqda, — deydi Oʻsh viloyatidan kelgan sayyoh Nilufar Saidova. — Bayramlarimiz esa bizni yanada yaqinlashtiradi. “Mundis turist” firmasi orqali kelgan oʻttiz kishi gul saylidan oʻzgacha zavq-shavq oldik.

Shu oʻrinda xalqaro anjuman nafaqat gullar namoyishi, balki, turli madaniy tadbirlar, koʻngilochar tomoshalar bilan ishtirokchilar sayliga mazmun kiritayotganini taʼkidlash oʻrinlidir. Xususan, dastlabki haftada Markaziy Osiyoda bioxilma-xillikni taʼminlash, Namangan turizmining istiqbollari va boshqa mavzularda oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda dolzarb masalalar koʻrib chiqilgan boʻlsa, taniqli sanʼatkorlar tomonidan tashkil etilayotgan oqshom konsertlari millionlab muxlislarga xush kayfiyat bagʻishlamoqda. “Afsonalar vodiysi” tematik parkida jahon va oʻzbek estradasi yulduzlari- Gʻafur va Shahriyor taqdim etgan dastur davomida ijro etilgan qoʻshiqlarga hamohang raqsga tushgan yigit-qizlarning quvonchi bunga misol.

Qirq kun davom etadigan nafosat sayli kun tartibida hali koʻplab tadbir va tomoshalar muxlislarini kutib turibdi. Kecha oqshom start berilgan “Moda va isteʼdod-2024” haftaligi fayzli tadbirlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Uning dastlabki kuni namanganlik yosh dizaynerlar tomonidan yaratilgan bejirim kolleksiyalar taqdimoti bilan boshlandi. Namoyish etilgan milliy va zamonaviy liboslarning yangicha talqinlarida qadriyat va urf-odatlarimiz uygʻunlashgan brendlar ustuvorligi shundoqqina sezilib turibdi. Iyunning birinchi kuni uyushtiriladigan dron shou Namangan osmonida porlaydigan turfa manzaralar bilan tomoshabinlarga hayajonli lahzalarni tuhfa etishi tayin. “Barkamol avlod” sport majmuasida shotokan karate-do boʻyicha ikki kun oʻtkaziladigan xalqaro ochiq turnirga jahonning bir qator davlatlaridan 500 nafar qoʻl jangi ustalari tashrifi kutilmoqda. “Axsikentdan Tojmahalgacha” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishtirokchilarini binokorlikning uch ming yillik oʻzbek davlatchiligi timsolida arxitektura moʻjizalari bilan tanishtiradi. Bundan tashqari Chustdagi Mavlono Lutfulloh bogʻida “Oʻzbek palovi madaniyati” osh chempioni, Popda “Lavanda sayli”, “Olovli fonarlar” shousi, Davlatobodda “”Zakovat” intellektual musobaqalari, Bobur bogʻida askiya kechasi, “Fargʻona vodiysida miniatyura sanʼati” koʻrgazmasi singari rango-rang tadbirlar ham koʻzda tutilganki, ularning har biri festival mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirishi turgan gap.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер