Milliy qadriyatlarimiz va demokratik taraqqiyot asosi

BMT Bosh Assambleyasi sessiyalari doimo insoniyat oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama etish, ularga yechim izlash masalalariga qaratilgan boʻlib, bu borada davlatlarning qarashlari oʻrtaga tashlanadi, xalqlar manfaatidan kelib chiqib xulosalar belgilanadi.
BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatimiz tashqi siyosatidagi ustuvor yoʻnalishlarni aniq ifoda etdi. Nutq global muammolardan tortib, mintaqaviy hamkorlik, milliy islohotlar, ekologiya, suv xavfsizligi, logistika va yoshlar masalalari kabi koʻp qirrali yoʻnalishlarni qamrab oldi.
Davlatimiz rahbari dunyoda urushlar, ijtimoiy va texnologik tengsizlik, iqtisodiy hamda gumanitar inqirozlar ortib borayotganini qayd etib, bu jarayonlarda BMTning asosiy platforma sifatidagi roli muhimligini alohida taʼkidladi. Xavfsizlik Kengashi transformatsiya qilinishi va “BMT-80” tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash zarurligi bildirildi.
Yangi Oʻzbekiston islohotlari natijasida mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha tushirilgani, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida katta natijalarga erishilgani aytib oʻtildi. Maktabgacha taʼlimda qamrov 27 foizdan 78 foizga, oliy taʼlimda esa 9 foizdan 42 foizga oshgani koʻrsatildi. Shuningdek, Butunjahon professional taʼlim sammiti va bolalar saratoniga qarshi kurashga bagʻishlangan tadbir Oʻzbekiston tashabbusi bilan oʻtkazilishi eʼlon qilindi.
Davlatimiz rahbari nutqlarida anʼanaviy tarzda Afgʻoniston masalasi muhim oʻrin tutadi. Bu gal ham Afgʻonistonning xalqaro maydondan chetda qolmasligi zarurligi qayd etildi. Transport va energetika koridorlarini ushbu davlat orqali rivojlantirish rezolyutsiyasi taklif etildi. Gʻazo va Ukrainada siyosiy yechim topish zarurati va tinchlikka chaqiriq bildirildi.
Bundan tashqari, dengizga chiqish imkoniyati yoʻq mamlakatlarning muammolariga eʼtibor qaratilib, “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy qilish taklif etildi.
Asosiy mavzulardan biri Orol dengizi muammosi boʻldi, deyish mumkin. Jumladan, ekologiya va suv xavfsizligi boʻyicha Orol dengizi tubida 2030-yilga qadar 80 foiz maydonda yashil qoplamalar yaratish rejasi tilga olindi. Shuningdek, Suvni tejash boʻyicha jahon forumi va iqlim migratsiyasiga qarshi Global pakt ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Raqamli tengsizlikni kamaytirish zarurligi qayd etilib, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellekt yechimlarini almashish boʻyicha xalqaro mexanizm yaratish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz oʻz chiqishida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratib, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifini ilgari surdi. Shu bilan birga, islom maʼrifati gʻoyalarini chuqur oʻrganish, Islom sivilizatsiyasi markazini ochish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosiga bagʻishlangan taqdimotlarni BMTda oʻtkazish rejasi bildirildi.
Deputat sifatida bu nutqni Yangi Oʻzbekiston islohotlarining izchil davomi va milliy manfaatlarimizning xalqaro maydonda munosib himoya qilinishi sifatida baholayman. Ushbu nutq parlament oldiga qonun ijodkorligi yoʻnalishida ilgari surilgan takliflarni qonunchilik asoslariga joriy etish, ularning samarali amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, jamiyat va davlat institutlari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi vazifalarni qoʻymoqda. Undagi gʻoyalar milliy qadriyatlarimiz va demokratik taraqqiyot gʻoyalari bilan uygʻun tarzda ham xalqimizning, ham jahon hamjamiyatining umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.
Azamat PARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring