Milliy Olimpiya qoʻmitasi tashkil etilganining 30 yilligi keng nishonladi

18:04 23 Yanvar 2022 Sport
2016 0

Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi tashkil etilganiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan qoʻmita binosida bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Toshxoʻjayev, uzoq yillar yurtimizda Olimpiya harakati targʻibotida, Qoʻmitamiz tashkil etilishida mehnati singan faxriylar, Olimpiya oʻyinlari chempionlari va sovrindorlari ishtirok etishdi. Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov olib bordi va bugungi tadbir mohiyati haqida gapirib oʻtdi.

Kirish qismidan soʻng Oʻzbekiston MOQning 30 yillik faoliyatiga bagʻishlab ishlangan maxsus videorolik qoʻyib berildi.

Shundan keyin Rustam Shoabdurahmonov Olimpiya harakati oilasiga oʻzining bayram tabrigini yoʻlladi.

“Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi oʻtgan qisqa vaqt ichida Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, Osiyo Olimpiya kengashi va qator xalqaro sport federatsiyalari hamda tashkilotlari bilan oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi. Bugungi kunda sport va sogʻlomlashtirish jarayonlarining natijadorligi Yangi Oʻzbekistonni barpo etish vazifalari bilan uzviy bogʻliq ekanini anglagan holda temir intizom bilan harakat qilishimiz lozim. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan bizni har jihatdan qoʻllab- quvvatlab kelayotgan, barcha zarur sharoitni yaratib berayotgan davlatimiz va hukumatimiz rahbarlariga va shaxsan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga, shuningdek biz bilan hamkorlik qilib kelayotgan Turizm va sport vazirligiga, faxriylarimizga va sport federatsiyalariga oʻz minnatdorlik izhor etamiz”, — dedi MOQ rahbari.

Tadbir davomida MOQ tashkil etilishida bevosita ishtirok etgan va uzoq yillar Qoʻmita vitse-prezidenti lavozimida ishlagan Igor Baraban, 2005-2009-yillar MOQni boshqargan Rustam Qurbonov ham soʻz olib, bugungi kunda Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan Olimpiya harakati rivojiga koʻrsatilayotgan eʼtibor haqida gapirib oʻtishdi. Shuningdek, Igor Petrovich Rustam Shoabdurahmonovga tarixiy hujjat – Oʻzbekiston MOQ tashkil etilgani haqidagi 1-protokolning nusxasini taqdim qildi.

Tadbir davomida Olimpiyachilarimiz nomidan Mustaqil Oʻzbekiston uchun yozgi Olimpiya oʻyinlarida birinchi oltin medalni taqdim qilgan Sidney-2000 Olimpiadasi chempioni Muhammadqodir Abdullayev oʻz tabriklarini yoʻlladi.

Shundan soʻng Aziz Abduhakimov hukumatimiz, Turizm va sport vazirligi nomidan barchani qutladi.

«Bugun juda muhim tadbirda birgalikda jam boʻldik. Afsuski, hozirgi vaqtda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat sabab bayramni katta hajmda oʻtkaza olmayapmiz. Biroq epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, Osiyo Olimpiya kengashi va boshqa yirik xalqaro sport tashkilotlarining vakillari ishtirokida mazkur bayramni oʻzgacha shukuhda nishonlashni rejalashtirganmiz. Prezidentimiz Olimpiya harakatini qoʻllab-quvvatlashga qaratayotgan eʼtiborlari barchangizga maʼlum. Yaqinda Oksana Chusovitina, Bahodir Jalolov kabi sportchilarimiz sharafiga ularning maktablari ochiladi. Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni bugungi ayyom bilan samimiy muborakbod etaman!», – dedi Aziz Abduhakimov.

Tadbir davomida uzoq yillar mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi, Olimpizm gʻoyalari targʻibotida faoliyat olib borgan koʻplab insonlarga, sport federatsiya va assotsiatsiyalariga Oʻzbekiston MOQning esdalik sovgʻalari taqdim etildi.

Bayramning ajoyib qismlaridan biri ogʻir atletika boʻyicha jahon rekordini oʻrnatgan ilk oʻzbek polvoni, ogʻir atletikamiz rivojiga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshgan Erkin ota Karimovni tavallud ayyomi bilan qutlash boʻldi. Qoʻmitamiz bilan bir kunda tavallud topgan Erkin ota bugun roppa-rosa 80 yoshni qarshi oldilar. MOQ hamda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi u kishini ushbu muborak yosh bilan qutlab, esdalik sovgʻalarini topshirishdi.

Tadbir soʻngida Rustam Shoabdurahmonov davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashi ostida MOQ hamda Turizm va sport vazirligi Yangi Oʻzbekiston uchun yangi gʻalabalar taqdim qilish yoʻlida birgalikda faoliyat olib borishini taʼkidlab, barchaga oʻzining samimiy tilaklarini yoʻlladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?