Millat, xalq va mintaqa manfaatlari yoʻlidagi muzokaralar
Arxiv foto
Tanzila NORBOYEVA,
Oliy Majlis Senati Raisi
Aslida AQSH va Markaziy Osiyo diplomatik platformasini yaratish gʻoyasi 2015-yilda BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasida yuzaga kelgan. Oʻtgan yillar davomida mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar oʻsha davrdagi siyosiy muhitga xos tarzda turlicha kechganini kuzatishimiz mumkin.
Oradan oʻn yil oʻtib Markaziy Osiyo davlatlari bilan AQSH oʻrtasidagi hamkorlik butunlay yangi formatda — oʻzaro manfaatdorlik, doʻstona munosabatlar hamda qatʼiy ishonch asosiga qurildi.
Yaqinda Vashingtonda oliy darajada boʻlib oʻtgan “C5+1” formatidagi sammit Markaziy Osiyo va AQSH hamkorligida yangi davrning boshlanishi boʻldi.
Bunda AQSH hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining tashqi siyosat bobidagi qatʼiy pozitsiyasi asosiy omil boʻlganini isbotlashning hojati yoʻq.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari mintaqaviy savdo, transport va energetika aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylangan “S5+1” formatidagi sammit Markaziy Osiyo va AQSH oʻrtasidagi strategik muloqotni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishini taʼkidlar ekan, bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu tashabbuslar investitsiya va savdo, transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish, muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish masalalarini qamrab oldi.
Shuningdek, mamlakatlarning oʻzaro aloqalarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan tashkiliy masalalarga doir takliflar “C5+1” formatini siyosiy muloqot maydonidan iqtisodiy, texnologik va madaniy hamfikrlikning amaliy platformasi darajasiga olib chiqishda muhim rol oʻynadi.
Ushbu tashabbuslar nafaqat Oʻzbekiston, balki mintaqaning barcha davlatlari uchun ham birdek ahamiyatli ekanini nazarda tutsak, Prezidentimizning tashqi siyosatda Markaziy Osiyo oʻzaro raqobatlashmaydigan, balki bir-birini kuchaytiradigan yagona iqtisodiy makon, degan gʻoyaga sodiqligini yana bir bor namoyon etganiga guvoh boʻlamiz.
Haqiqatan ham, ushbu formatni zamonaviy siyosat arxitekturasidagi muhim vosita, deb atash mumkin. Bu, birinchi navbatda, mintaqa resurs va strategik imkoniyatlarining yuqoriligi bilan bogʻliq. Qozogʻiston va Oʻzbekistonda uran va nodir metallar, Qirgʻiziston va Tojikistonda suv-energetika quvvatlari, Turkmanistonda esa yirik gaz zaxiralari mavjud. Bu resurslar “yashil” iqtisodiyot hamda yuqori texnologiyalar sanoatida asosiy ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo strategik jihatdan qulay joylashgan mintaqa. Bu yerda Qoʻshma Shtatlar oʻzini ishonchli, uzoq muddatli hamkor sifatida koʻrsatishi uchun noyob imkoniyatga ega. “C5+1” sammiti buning uchun ideal platforma yaratadi — kelgusi oʻn yillik uchun AQSH — Markaziy Osiyo munosabatlarini strategik asosda mustahkamlaydi. Eng muhimi, format oʻz maqsadlarini savdo va iqtisodiy manfaatlarga tayangan holda tashkil etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oq uyda Prezident Donald Tramp bilan oʻtkazgan muzokaralari chogʻida Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Uchrashuvda joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbarining Vashingtonga tashrifi muhim siyosiy voqelik sifatida mamlakatimiz va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashda tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning AQSH yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi ham nihoyatda samarali kechdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yoʻnalishlariga batafsil toʻxtalib oʻtdi. AQSH kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini, Oʻzbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati boʻlib qolishini taʼkidladi.
Albatta, uchrashuv yakunida geologiya, nodir metallar, qishloq xoʻjaligi hamda raqamli texnologiyalar kabi muhim sohalar boʻyicha imzolangan ikki tomonlama bitimlar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida mamlakatlarimiz taraqqiyoti, xalqlarimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi kun tartibida parlamentlararo hamkorlik masalasi ham asosiy oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston rahbari tashrif davomida Kongressning nufuzli vakillari bilan uchrashdi.
AQSH Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qilar ekan, Kongress oliy darajada erishilgan, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishi muhimligini taʼkidladi.
Mamlakatimiz rahbari AQSH Senatidagi Markaziy Osiyo boʻyicha kokus hamraisi, senator Stiv Deyns bilan boʻlib oʻtgan muloqotda mazkur tuzilma faoliyatiga yuqori baho berdi va u vakillik qilayotgan Montana shtati bilan faol hamkorlikni davom ettirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Muloqot chogʻida shtat ishbilarmonlari delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
AQSH Kongressi aʼzolarining davlatimiz rahbari yuritayotgan pragmatik tashqi siyosat hamda unda parlamentning roliga qaratilayotgan katta eʼtibordan bevosita voqif boʻlishi ikkala davlat vakillik organlari oʻrtasidagi aloqalarning izchil rivojlanishiga kuchli turtki boʻlmoqda. Kongressda Oʻzbekistonga xayrixoh boʻlgan aʼzolarning koʻpayib borayotgani oliy darajadagi kelishuvlarning toʻlaqonli ijrosini taʼminlash hamda yuqori natijadorlikka erishishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi aloqalar jadal rivojlanmoqda. AQSH Kongressida Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha kokus samarali faoliyat olib boryapti. Har yili Kongressda kokus koʻmagida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan Oʻzbekiston kunlari oʻtkazib kelinmoqda.
Albatta, bunday tadbirlarni tashkil etishda faollik koʻrsatayotgan Stiv Deyns haqida gap ketganda, uning Oʻzbekiston va mintaqa uchun muhim boʻlgan qator tashabbuslarni ilgari surganini aytib oʻtish lozim. Jumladan, u va Kris Myorfi boshchiligidagi senatorlar guruhi Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jekson-Venik tuzatishini uzil-kesil bekor qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Senatga kiritgan.
Ushbu hujjat bir vaqtning oʻzida Vakillar palatasida ham roʻyxatga olingan boʻlib, bu tashabbusning ikki partiyaviy qoʻllab-quvvatlanishini bildiradi. Mazkur tuzatishning bekor qilinishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining AQSH bozoriga kirishini kengaytirish, Amerika investitsiyalarini jalb etish, mintaqaning Vashington bilan strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Milliy parlamentimiz, xususan, Senat AQSH Kongressining Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha kokusi bilan birgalikda ushbu tarixiy tashrif davomida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning toʻlaqonli ijrosini taʼminlash va oʻzaro munosabatlarning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha reja-dasturlarini tuzib oladi. Oʻzaro tashriflarimiz orqali mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissamizni qoʻshishimiz zarur.
* * *
Nafaqat AQSH va Oʻzbekiston, balki jahonning koʻplab davlatlari jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotgan ushbu tashriflar hamda ularning doirasida boʻlib oʻtgan muzokaralarda millat, xalq va mintaqa manfaati uchun, degan tamoyil ustuvorlik kasb etib turdi.
Tashrif davomida oʻtkazilgan tadbirlarni xalqimiz ham nihoyatda katta qiziqish bilan kuzatib borgani, ular bugun ochiq minbar hisoblangan ijtimoiy tarmoqlarning asosiy mavzusiga aylangani bor gap. Xususan, ularda Oʻzbekiston yirik davlatlar oʻrtasidagi global qarama-qarshilikda qaysi tomonda, kimning pozitsiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, degan mulohazalar muhim oʻrin tutadi.
Fikr — uygʻoqlikdan, daxldorlikdan dalolat. Bugungi global oʻzgarishlar davrida, jahonda geosiyosiy raqobat kuchayib, transport-kommunikatsiya yoʻnalishlari va energiya taʼminoti zanjirlari oʻzgarayotgan bir vaqtda xalqning oʻz taqdiriga qiziqishi, kechayotgan jarayonlarga befarq boʻlmasligi ham tabiiy holdir. Shu oʻrinda Prezidentimizning quyidagi soʻzlari yodga keladi: “Zamon juda murakkab. Hozir katta-katta davlatlar “Oʻzbekiston, sen kim tomondasan?”, deyapti. Qattiq-qattiq aytib, vakillari ham kelib, oʻzlari ham shunga daʼvat qilyapti. “Oʻzbekiston aholisi 36 million boʻldi, uch-toʻrt yilda 40 millionli katta davlat boʻladi, sizlar kim tomondasiz?”, deb soʻrayapti. Bunday ogʻir savolga javob bitta — men xalqim tomondaman. Millatim, xalqim, buyuk Oʻzbekistonimning manfaati uchun jonimni berishga ham tayyorman”.
Aslida bu tuygʻu “shu Vatan farzandiman, uning taqdiri — mening, kelgusi avlodlarimning taqdiri”, deb yashayotgan har bir yurtdoshimizning qalbidan chuqur joy olishi zarur.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring