Migratsiyadan qaytgan yigitga subsidiya berildi

15:05 14 Oktyabr 2024 Jamiyat
166 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, xususan, maqsadli daftarlarga kiritilgan fuqarolarning moddiy ahvolini yaxshilashda ularga davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiya qoʻl kelmoqda. Kuni kecha Toʻraqoʻrgʻon tumanida ana shu toifaga kiruvchi shaxslardan 39 nafariga subsidiya mablagʻlari hisobidan daromad topib ishlash vositasi boʻlgan asbob-uskunalar taqdim etildi. Ulardan biri Qoʻshqayragʻochlik Isoqjon Normirzayev bundan ikki hafta ilgari Rossiyadan migrantlikdan qaytgan edi.

– Bir necha yildan buyon xorijda qurilish sohasida mehnat qildim, – deydi Isoqjon. – Musofirchilikning oʻziga yarasha mashaqqati bor, buni boshidan oʻtkazgan biladi. Aslida oʻsha mablagʻni halol mehnat bilan oʻz yurtimizda ham topsa boʻlarkan. Uyga qaytganimdan soʻng mahalla yettiligi tavsiyasi bilan menga amaliy yordam koʻrsatildi. Bugun subsidiyaga berilgan motokultivator oilamiz uchun doimiy daromad topish vositasiga aylanadi.

Shu kuni yana uch nafar fuqaro ham motokultivator bilan taʼminlandi. Kasb-hunarga tayyorlash qisqa muddatli kursini tamomlagan 34 nafar xotin-qizga zamonaviy tikuv mashinasi topshirildi.

– Nochor oilalarni maqsadli qoʻllab-quvvatlash orqali kambagʻallikdan chiqarish dasturi doirasidagi amaliy tadbirlar doirasida keyingi paytlarda 815 nafar fuqaroga 3 milliard soʻmlikdan ziyod subsidiya mablagʻlari yoʻnaltirildi, – deydi tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari Dilshod Mirzaahmedov.

Darhaqiqat, bandlik masalasi bilan bogʻliq daromadsizlarga “Baliq emas, qarmoq berish” tamoyili qoʻllanib, kundalik mablagʻ topishga xizmat qiladigan mehnat qurollari va vositalar ajratilayotganligi kutilgan natijani bermoqda. Ularning aksariyati ayni imkoniyatdan foydalanib, kambagʻallik roʻyxatini tark etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер