MENING PREZIDENTIM! (Falsafiy-publitsistik esse)

Nafsilamrini aytganda, mavjud va bir necha oʻn yillardan buyon hukmron boʻlgan muhitni, sharoitni oʻzgartirib, xalq hayotini yangi, nurli manzillarga burib yuborish dunyo davlatchiligi tarixida juda kam odamlarga nasib qilgan. Va oʻz navbatida, xalq ham mudom shunday Yoʻlboshchilar, Sardorlarga ehtiyoj sezganini tarixdan yaxshi bilamiz.
Shu maʼnoda gapirganda, bugun jamiyatda, odamlar orasida bir mehrga yoʻgʻrilgan istiloh paydo boʻldiki, u singdirilgan yo uqtirilgan emas, balki samimiy bir eʼtirofdir. Xalqning, odamlarning oʻz Prezidentiga bildirayotgan samimiy dil izhoridir.
Bu qariyb yuz yil davomida xalq tomonidan davlatga berilayotgan ilk xolis baho, mafkuralashmagan, oddiy va samimiy – “Mening Prezidentim!” degan kalomdir!
“Xalq — demokratik davlatning avom raiyati emas, balki fuqarosidir. Qachonki, davlat oʻz fuqarolarining huquqlarini himoya qilsa, bunga javoban fuqarolar ham davlatga nisbatan sadoqatli boʻladi. Ayni paytda jamiyatdan oʻzini ayri tutgan avtoritar tuzum hukumati esa oʻz xatti-harakatlariga xalqdan rozilik olish majburiyatini bermagan holda, ulardan itoatkorlik va sodiq xizmat talab qiladi...”
2000-yillarda AQSH Davlat departamenti axborot boʻlimi tomonidan tayyorlangan hisobotdan olingan ushbu iqtibosda toʻgʻridan-toʻgʻri sobiq sovet davlati va yoki postsovet jamiyatlari haqida gapirilmayotgan boʻlsada, matn ohangi bizning ruhiyatimizga uncha begona emasdek tuyuladi. Bu ichki tuygʻu esa total va avtoritar boshqaruvga qurilgan tuzumlarning formulasi bir xilligini koʻrsatishga yaxshi misol boʻlishi mumkin.
Vaholanki, shunday ekan, biz ham ushbu nazariyalar toʻlqinini hayotimizda koʻrdikmi? Zikr etilayotgan manzara xolstida oʻzimizni koʻrib, tanib olishimiz mumkinmi? Ha, mumkin, hatto baʼzi oʻrinlarda bundan hamon qutula olganimiz ham yoʻq.
Bizning davlat haqidagi tushuncha va tasavvurlarimiz koʻpchilik hollarda epik xarakter kasb etib keldi: yer davlatniki, suv davlatniki, koʻchalar, uylar, shaharlar, daryoyu koʻllar, bilagi kuchga toʻla koʻp millionli, horish nimaligini bilmaydigan ishchilar (odamlar) sinfi hamma-hammasi davlatniki, xalq uni asrashi, avaylashi va neʼmatlarni yana-da koʻpaytirish uchun xizmatkor boʻlishi kerak.
Xuddi qadim ertaklardagiday... Davlat goʻyoki bir ummon oʻrtasidagi tiyiqsiz girdob — suv yuzida koʻringan narsa borki, tortib, yutib ketadi. Mehnat, mehnat, mehnat... Koʻrayotgan kunidan norozi boʻlish, savol berish, insoniy haq-huquq haqida gapirish, hatto sitamlar ogʻrigʻidan ovoz chiqarib ingranish bu davlatga xiyonat va shakkoklik boʻlishi mumkin edi.
Adolat nuqtayi nazaridan aytganda, shu insofdanmi? Uchinchi ming yillikda, axborot asrida yashayapmiz, deya hayqirayotgan odam uchun-a?..
1
Albatta, davlat va jamiyat orasidagi qutblashuv shunday haddidan oshib ketgan paytlarda bunday sarkash munozaralarning tugʻilishi notabiiy boʻlmaydi. Afsuski, bizda uzoq yillar shakllantirilgan zehniyat (mentalitet) — kommunistik axloqqa koʻra, davlat haqidagi tasavvurlarimiz shunday shaklga doʻndi: davlat biz uchun qoʻl yetmas yerdagi muqaddas nimadir. U targʻibot mashinalari orqali barcha narsaga qodir, bizning mavjudligimiz va barhayotligimizni taʼminlovchi, xato-nuqsonlardan xoli, qattiqqoʻl va ayni paytda bagʻringni oʻrtar darajada gumanist, avliyosifat koʻrinmas «Zorro» kabi targʻib qilib kelindi. Yoki kamida raiyatning ongiga shunday singdirildi va odamlar davlat haqida ilohiy bir umumlashmani koʻrishga ruhan majbur etildi: va yana unga koʻra, davlat shunday moʻtabar bir xilqatki, unga sajda qilish kerak, ertayu kech uning uchun sadoqat bilan ishlash kerak, Xudo bergan umrni uning «baxtu saodati» uchun sarflash kerak va bu vatanparvarlik boʻladi...
Jamiyatlarga tatbiq qilingan ijtimoiy nazariyalar koʻp hollarda zoʻravon usullarni qoʻllashga tayanadi. Masalan, koʻp millatlardan tashkil topgan jamoadan umumlashgan bitta millat yasashga va umumvatan tushunchasini (SSSR — umumvatan misolida) shakllantirishga urinish, oʻylaymanki, koʻp chalkashliklarni keltirib chiqardi. Lekin hukmron tizimning tazyiqlariga qaramay, xalq ongidan Vatan tuygʻusi sitilib chiqib ketmadi. Bu, albatta, xalqimizning ruhiy-maʼnaviy bardamligini koʻrsatadi.
Kolumbiya universiteti professori va tarixchi Edvard Ollvort 1987-yilda oʻzining “Zamonaviy oʻzbeklar” kitobida “The Modern Uzbeks: From the fourteenth Century to the Present: A Cultural History (Studies of Nationalities)” qadrdon yurt gʻoyasi qanday tavsiflanganini adabiyot va bosma nashrlar matnlarida kuzatadi. Mamlakatda Oʻzbekistonga nisbatan “ona yurt” atamasi ishlatilar, bu SSSR davridagi maktab darsliklarida katta harf bilan yoziladigan “Vatan” tushunchasidan farq qilar edi. SSSRga nisbatan “ona yurt” emas, “ona Vatan” ifodasi qoʻllanar edi.
Tarixchi nazdida etnik jihatdan betaraf kishilarni yaratishga urinishlar boʻlganiga qaramay, XX asrning 80 yillarida ham oʻzbeklar uchun SSSRga umumiy tegishlilikdan farq qiluvchi Vatan tushunchasi mavjud edi. Biroq mafkura mashinasi shunday puxta ishlardiki, ilgari surilayotgan gʻoya (umumvatan va umummillat gʻoyasi) garchi etnik ayroliq va yoki oʻtmish xotiralari bilan toʻyingan milliy “ruh” bilan toʻqnash kelib, “sinar” ekan, unda qudratli qurol boʻlgan siyosiy-maʼmuriy kuch — “davlat” fenomenining oʻzidan “qurol” sifatida foydalanamiz, degan fikr ham yoʻq emas edi.
Shunday boʻldi ham. Tengsiz qudrat va qoʻrquv ustiga qurilgan saltanat soʻngsiz qatagʻonlari, tikanli sim bilan oʻralgan “qoʻrgʻon”lari bilan odamlar qalbiga qoʻrquv urugʻini sepdi. Bu urugʻ bir vatan, bir xalq gʻoyasini sovet grajdanlari qalbida undirishi kerak edi. Endi jugʻrofiy va etnik omillarni surib qoʻygan holda davlat (KPSS)ning oʻzi “Vatan”likka daʼvo qilayotgan edi. Vatan — davlat, Davlat — bu Vatandur!
Garchi axloqiy nuqtayi nazardan buzgʻunchi koʻrinsa-da, bu urugʻ bepusht emas edi. U unib chiqdi. Hatto shunday boʻldiki, bu oʻtli va pafosli mafkura soʻzlar, tushunchalar va hatto tuygʻularu estetik qarashlarni ham isloh qilib yubordi. Endi “Vatan” va “davlat” soʻzlari maʼnodosh istilohlarday ishlatila boshlandi.
Afsuski, mustaqillik tongi ham “siyosiy qadriyat” tusiga kirgan bunday qarashlarni oʻzgartira olmadi. Baʼzi shoirlarimizning juda mashhur boʻlib, hatto marshga aylanib ketgan, odamni favqulodda esankiratib, mulzam qilib qoʻyar darajadagi pisandaga yoʻgʻrilgan “Vatan uchun sen nima qilding, Vatan uchun qancha ter toʻkding” mazmunidagi sheʼrlari kontekstidagi “Vatan” joʻgʻrofiy-tarixiy hududdan koʻra, siyosiylashgan maʼmuriy boshqaruv instituti — davlatni nazarda tutishini zukko, ozgina badiiy tafakkuri bor odamning payqamasligi mumkinmas.
Biroq nima boʻlganda ham davlat maʼbud emas. Unga zamonaviy dunyo va demokratik jamiyatlarda, soddagina qilib aytganda, xalqning xizmatkori va jafokashi deya tavsif beriladi hamda legitim qadriyat sifatida qaraladi.
2
Abdul Valid Shalabiy “Ijtimoiy munozaralar chogʻida «inqiroz” soʻzi prinsip sifatida mutlaqo tilga olinmagan kezlarda jamiyat chin maʼnoda inqirozga yuz tutadi», degan edi.
Bizda shunday tamoyillar kuzatildimi? Gapni gajaklashtirmay aytganda, biz bunday, juda yengil tarzda va sipo ohangda aytilgan koʻp “inqiroz”larni boshimizdan oʻtkazib yubordik. Buning oʻziga xos sabablari bor.
Birinchidan, davlat haqidagi tushunchalarimiz koʻpchilik hollarda oʻsha-oʻsha: ilohiylashtirilgan mustabid va yakkahukmdor partiya oʻziga nisbatan shakllantirgan tavoze, hadik va mutelik onglarimizda hamon barhayot. Bunga misol tariqasida keltirish mumkinki, postsovet mamlakatlari jamiyatlari aksariyatining erkin dunyo uchun osgan qozonining tubida oʻsha mafkura qirmochlari mudom koʻzga yaqqol tashlanib turadi. Davlat va jamiyat orasidagi munosabatlar uzil-kesil hal etilmagan. Rasmiy doiralarda hamon davlatning majburiyatlari emas, xalqning davlat oldidagi vazifalari haqida koʻp gapiriladi.
Ikkinchidan, koʻpchilik hukumatlarda jamiyat oldidagi qarzdorlik tuygʻusini his etishga bir necha omillar monelik qiladi. Bular rejimlardagi avtoritar siyosat istagining tiyiqsizligi, iqtisodiy nochorlik va albatta, siyosiy irodaning moʻrtligi boʻlishi mumkin...
Ushbu koʻz yumib boʻlmas sabablar esa koʻpchilik hollarda oʻsha “inqiroz”larni xaspoʻshlashga, bekitishga yoki umuman u haqda eslamaslikka majbur qiladi. Albatta, tashlandiq va xarobazor hududlarni shovullagan sharsharalar oqib tushayotgan koʻm-koʻk maysazorli xushmanzara landshaft aks etgan pannolar bilan bekitish inqirozni bartaraf etmaganidek, quruq, balandparvoz gap-soʻzlar ham zim-ziyo qalblarga nur taratolmaydi. U asl manzarani koʻzdan pana qilib, oniy kayfiyat, xotirjamlik ulashishigina mumkin, xolos. Lekin baxtsizlikning sukuti baxt boʻlolmaydi, deganlaridek, bu bizga yechim boʻlolmaganini hammamiz hayotda koʻrdik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ish boshlagan ilk kunlarda soʻz erkinligi va ijtimoiy tarmoqlarning “jilovini boʻshatish” haqida munozaralar qizigan paytlarda koʻpchilik qatori, ochigʻi, men ham xavotirlanganman. Negaki, ichkaridagi ahvoldan hammamiz yaxshi xabardor edik. Ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va maishiy muammolar bir-biriga oʻrin bermas darajaga kelgan edi. Shunday bir pallada oʻnlab yillar davomida OAV uchun deyarli yopiq boʻlgan jamiyat — odamlarga oʻz fikrini ochiq bayon qilish huquqini berishi, goʻyoki dambaning tiqinlarini birvarakayiga boʻshatishday gap edi. Shunday boʻldi ham. Ijtimoiy tarmoqlar odamlarning chaqiriqlari, bayonotlari va adolat soʻrab yozayotgan nomalariga toʻlib ketdi.
Va ayni shu narsa bizda uzoq yillar davomida Shalabiy aytgan “ijtimoiy inqiroz” soʻzi prinsip sifatida mutlaqo tilga olinmaganini isbotlab berdi, desam, yanglishmagan boʻlaman, nazarimda.
Iloji boricha “istalmagan ovoz” chiqadigan tirqishlarni bekitish, matbuot va boshqa targʻibot qurollari orqali ortiqcha zavq-shavqqa berilish davlat bilan jamiyatning orasiga harir bir parda tashladiki, aslida u har ikki ijtimoiy toifani bir-biridan begonalashtirishga xizmat qildi.
Bu usul mohiyatan qaralganda, mustabid tuzum anʼanasining maʼnaviy asorati edi. Xalq bilan hisoblashmaslik, jamiyat ovozini nazar-pisand qilmaslik, bularning ustiga, tinimsiz tarzda itoatkorlik va sodiqlikni talab qilish ayni oʻtmish atmosferasini esga solib turardi.
Odamlarning davlat tushunchasidan qoʻrqishi, taysallashi bir huquqshunos doʻstimiz koʻp takrorlaydiganiday, xalqning huquqiy savodi pastligida emas, balki xalqning davlat haqidagi tasavvurlari dahshatli xotiralar bilan toʻlib-toshib ketganida edi. Davlatniki, davlatga tegishli, davlat odami, degan mulohazalar ortida, albatta, qandaydir jazo muqarrarday, hech boʻlmaganda yashirin turganday tuyulishi hech qanday Freydcha shizofrenik simptomlarga emas, balki tajribaga tayanardi. Chunki bu xalq yaqin bir asrda bosqinlarni, qatagʻonu qatliomlarni, ocharchiliklar va soʻngsiz tuhmatlarni boshidan kechirgan edi. U muttasil qoʻrqitilgan, xiyonat va aldovlarning qurboni boʻlgan edi.
Balki shuning uchun ham uning davlat haqidagi tasavvurlari epik xayollarga qorishib ketdi, skepsis (shubha va ishonchsizlik bilan qarash) tus oldi. Ochiqchasiga davlatdan qoʻrqdi, choʻchidi, undan begonasiradi. Davlat, uning yuqori lavozimli mulozimlari ham xuddi uningdek oddiy odam, shu elning bolasi ekanini tasavvuriga sigʻdira olmadi.
Yaqinda televizorda bir ayolning intervyusini koʻrdim. Qizi gematologik kasallik bilan ogʻrib, kasalxonaga tushgan asakalik Dilfuza Xolmatova muxbirga bemor qizining ahvoli, yaratilgan sharoitlar haqida gapira turib, Hayit kuni ularni qutlab, bu yerga davlatimiz rahbari kelganini hikoya qilib, taassurotlarini shunday soʻzladi: «Men Prezidentni oldin televizorda koʻrganman, yonidan birinchi koʻrishim... Sodda, samimiy odam ekan, mehribon, bizga boʻlgan mehri shundoq koʻzlaridan koʻrinib turibdi... Men hech bunday oʻylamovdim».
Oddiy xalq vakili tomonidan aytilgan shu detal sizga jamiyat va davlat orasidagi masofaning qanchalik uzoqlashib ketganini koʻrsatib berishga yetadimi, yoʻqmi?!
3
Albatta, biz ochiq jamiyatda yana-da erkinroq koʻrinishni istaymiz. Koʻpchiligimiz allaqachonlar “siyosiy populizm” degan dardga ham chalinib ulgurdik. Tanqid qilish, inkor etish, boʻlayotgan ishlarga, yoʻq unday emas, deya oyoq tirash orqali yengil obroʻ orttirish hadisini ham oldik. Lekin masala shundaki, bugun kecha emas. Davlatning, siyosatning ruhiyati bugun oʻzgardi.
Men keyingi besh yilda xalqqa unday boʻldi, hayotimizda bunday boʻldi, deya boʻlayotgan ishlarni yengil-yelpi sharhlashdan tiyilishni afzal bilaman. Matbuotda, ayniqsa, rasmiy OAVda bugun trendga aylangan “keyingi yillarda” degan jumlaning koʻp uchrayotgani bir omil — bizning davlat rahbari yuritayotgan yangi siyosatni toʻligʻicha, chuqur anglamayotganimizni koʻrsatadi.
Juda tez va deyarli ortiqcha shovqin-suronsiz amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar bizni goʻyoki esankiratib qoʻydi: oʻrganganimiz muhitdan bir yuz sakson daraja teskari aylanayotgan jarayonlar dinamikasini tushunib olishga, hayot va siyosat qay tomonga burilib ketganiga, ochigʻi, hali koʻpchiligimizning aqlimiz yetganicha yoʻq. Shu bois, yengilgina qilib, umumiy tarzda “oldin unday edi, hozir bunday boʻldi”, deyishdan nariga oʻtolmayapmiz, goʻyo.
Garchi munozaramizga davlat va jamiyat, oddiygina qilib aytganda, xalq va hukumat oʻrtasidagi tafovut, ijtimoiy munosabat mavzu qilib olingan ekan, bir omilni ochiq hisobga olish kerak boʻladi: zotan, qariyb 100-yillar davomida bu faktorga deyarli eʼtibor qilinmadi. Uni sharhlash, tushunishga urinib koʻrish, nazarimda, keraksiz narsaday eʼtiborsiz qoldirildi.
Oqibat nima boʻldi? Shunday boʻldiki, davlat oʻz yoʻlida, jamiyat oʻz biligicha yashay boshladi. Davlatning jamiyat haqida va oʻz oʻrnida jamiyatning ham davlat haqida individual tasavvurlari shakllanib bordi. Taassufki, ushbu tutum mustaqillikdan keyin kechgan yillarimiz uchun ham begona emas. Siyosiy bir qadriyat sifatida kolonial (mustabid) tuzumdan meros olganimiz — xalqni itoatkorlik va sodiqlikda majburiy ushlab turishga boʻlgan urinishlar oradagi masofani yana-da uzoqlashtirib yubordi. Oqibatda bu “sovish” davlatni oʻz fuqarolaridan shubhalanadigan qildi, odamlarga ishonchsizlik bilan qarash tamoyilini yana-da mustahkamladi. Sodda qilib aytganda, davlat oʻz fuqarolaridan qoʻrqa boshladi.
Eʼtibor qiling, aynan mustaqillik yillari kuch tizimlari va yuqori davlat idoralarini qoʻyib turaylik, xalq bilan bevosita ishlashi kerak boʻlgan oddiy, maʼmuriy boʻlinmalar — soliq, xalq taʼlimi, FHDYO, adliya organlari, hokimiyat tizimidagi tashkilotlar ham bino atrofini mustahkam temir panjaralar bilan oʻrab, xalqdan oʻzini ihotalab oldi. Goʻyoki, bitta jugʻrofiy hududda bir-biridan ayro holdagi ikkita ijtimoiy “individ” — hukmron davlat va mute jamiyat?!
Nazarimda, ayni mana shu omillar bizni ijtimoiy tanazzulga yaqin olib keldi. Deyarli bir asrdan uzoqqa choʻzilgan tafovut — davlat va jamiyat orasidagi qutblashuv hayotimizda, turmushimizda qanday iz qoldirganini aytmasam ham hamma yaxshi biladi. Biroq rivojlangan dunyo hamjamiyati yashayotgan tizim bugun paydo boʻlib qolgan emas. Uning yaratilganiga bir necha asrlar boʻlgan. Faqat biz uni nazarga ilmadik, undan choʻchidik, allaqachon tarix chiqindixonasidan joy olgan nazariyalar bilan yashashdan tiyilmadik.
Albatta, yuz yil amal qilib kelingan, deyarli qadriyatga aylanib ketgan aqidalardan birdan voz kechish uchun katta kuch, qolaversa, jasorat talab etilar edi.
Men Shavkat Miromonovich surati va siyratida shu kuchni koʻrdim. Uning ish boshlagan ilk kunidanoq Xalq qabulxonalari tizimini joriy qilgani, rahbar va masʼullarni poytaxtdagi salqin kabinetlardan olis ovullardagi xalqning ichiga chiqarib yuborgani bir narsani, xalq bilan davlat oʻrtasida tortilib, ingichkalashib ketgan ipni, birdamlik rishtasini mustahkamlashga qaratilgan edi.
Prezident yaxshi tushunar ediki, baxtsizlikka duchor etilgan jamiyat bilan kuchli va qudratli davlat qurib boʻlmaydi. Qolaversa, davlatning asosini tashkil etuvchi xalqsiz “buyuk kelajak” haqida oʻylashning oʻzi mantiqsizlik edi.
Hayit kunlari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va gematologiya markaziga borib, u yerda davolanayotgan bolalar ahvoli bilan tanishgan Prezident safari soʻngida masʼullar bilan oʻtkazgan yigʻilishda oʻta taʼsirli tarzda bir mulohaza bildirdiki, bu biz nazarda tutayotgan masala mohiyatidagi keskin burilishning oʻzagini ochib berishi mumkin: “...Shu kasal bolalarning koʻzlariga qaranglar, hayotga, yashashga boʻlgan intilishni koʻrib, bu hayotda hamma narsaga, nima boʻlsa qilishga tayyor boʻlasan...».
Samimiy va yurakning tub-tubidan otilib chiqqan bu iqror davlatning jamiyatga yuz yildan buyon aytmay kelayotgan, xalq kutaverib, hatto esidan ham chiqarib yuborgan samimiyati edi. Obrazli qilib aytganda, Shavkat Miromonovich bu bilan davlatning oʻz xalqi oldida qarzdorligini uqtirayotgan, shu zahmatkash xalqsiz davlat hech narsa ekanini mulozimlarga va qolaversa, jamiyatning oʻziga tushuntirayotganday edi. Mana shu nuqtada Oʻzbekistonda boshlangan yangi hayot qanday ruhiy-maʼnaviy poydevor ustiga qurilayotganini payqab, aniqlab olish mumkin boʻladi. Buni oʻta jaydari tarzda mana bunday ifodalasa ham boʻladi: davlat oʻzining qoʻl yetmas joyga tikilgan koʻshkidan chiqdi, odamlarga, oʻz xalqiga xizmat qilishi shartligini anglab yeta boshladi.
Munozaraning shu joyida nima ilgaridan shunday qilinsa boʻlmasmidi, zotan, bu azaliy nuqson ediku, deganga oʻxshash eʼtirozlar tugʻilishi mumkin. Toʻgʻri, davlatning xalq xizmatkori ekani, oʻz fuqarolari uchun balogardon boʻlishi shartligi bugun yo kecha paydo boʻlgan qoida emas. Faqat uni toʻgʻri qabul qilish, avtoritar istaklarni yengish va albatta, buning uchun iqtisodiy asoslarni yaratish: eng muhimi, Yoʻlboshchida shu istakning mavjudligi, qalbida bunga shasht va jasorat topa olishida edi. Bizning baxtimiz shundaki, oradan yuz yillar oʻtib, davlat va jamiyat oʻrtasidagi muvozanatni tartibga sola oladigan shunday fenomen paydo boʻldi. Bu katta muddatmi yoki qisqa, buning javobini tarix aytadi, albatta!
4
Shavkat Mirziyoyevning rahbarlikka kelishi Oʻzbekistonda postsovet oʻtish davrini nihoyalab berdi, deb yozadi koʻp tahlilchilar. Xoʻsh, shunday ekan, yangi boshlangan davrda amalga oshirilgan eng sezilarli ish nima boʻldi? Men bunga hech ikkilanmay, oʻzbek davlatchiligida global dunyo bilan integratsiyalashgan holda milliy oʻzlikni anglash masalasi boʻldi, qolaversa, shu bugun qalamga olayotgan mavzuimiz — davlat va jamiyat oʻrtasidagi qarashlarni, shakllanib, qolipga tushib qolgan tendensiyalarni “yumshatish”, oʻz oʻzaniga solish boʻldi, deb ayta olaman.
Bundan bir qancha vaqt muqaddam telekanallarning birida, soʻngra ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonda onasini davolatayotgan bir mushtipar qizning oʻtinchli murojaati paydo boʻldi va koʻplar unga sidqidildan hamdard boʻldi. Murojaatda chorasizlikka tushib qolgan farzand onasining oyoqqa turishida yaxshilardan koʻmak soʻrayotgandi... Buni Prezident ham koʻrgan va oʻsha kuni zarur choralar koʻrib, musofirlikda qiyin ahvolda qolgan hamyurtimizga yordam koʻrsatilgan. Bemor yurtdoshimiz bugun bevosita davlat rahbarining yordami bilan sogʻayib uyiga, farzandlari va yaqinlari davrasiga qaytgan. Albatta, mamlakat Prezidentining oddiy bir fuqaroga koʻrsatgan eʼtibori katta shov-shuvlarga, eʼtiroflarga sabab boʻldi. Biroq masalaning biz nazardan qochirishimiz kerak boʻlmagan jihati shundaki, Prezident bu harakati bilan bizning onglarimizda qotib qolgan tasavvurlarni “sindirayotgan” edi. Davlat faqat talab qilishi va taqiqlashigina mumkin, degan konservativ fikrlarni toʻzgʻitayotgan va nihoyat, davlat uchun har bir fuqaro, odam taqdiri endi aziz, degan hayotiy qoidani ilgari surayotgan edi.
Shalabiy nazarda tutgan inqiroz haqida gap ketar ekan, koʻp hollarda bu odamlarning daromadi, roʻzgʻoridagi qozon qaynashi va salomatligi bilan bogʻliq masalalar tagmatndan boʻrtib koʻrina boshlaydi. Misol tariqasida ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib koʻring, anglaysizki, turli kasalliklardan aziyat chekayotgan, kasalxonaga yotish va davo topishga qoʻli kaltalik qilayotgan hamda mazkur muassasalardagi mavjud sharoitdan koʻngli toʻlmayotgan odamlarning zorlanishlariga ustma-ust koʻzingiz tushadi. Bu bugun paydo boʻlib qolgan muammolar emas, u ancha yillar davomida, yuqorida keltirganimizdek, “inqiroz” soʻzi prinsip sifatida mutlaqo tilga olinmagan oʻsha davrlardan buyogʻiga yigʻilib, toʻplanib kelayotgan muammolardir. Mavridi kelganda shuni aytishim kerakki, ehtimol davlat rahbarining ilk ish boshlagan kezlaridanoq tibbiyotga, odamlar salomatligini asrashga ustuvor vazifa sifatida qarayotganiga shu omillar sabab boʻlgandir.
Umumiy maʼnoda, Shavkat Mirziyoyev fenomeni haqida gapirganda bir narsaga alohida eʼtibor berish kerakki, aynan shu davrga kelib oʻzbek davlatchiligida ham, jamiyatida ham sifat, va aytish mumkin boʻlsa, xarakter (ruhiyat maʼnosida) nuqtayi nazaridan keskin oʻzgarishlar yuz berdi.
Yuqorida aytganimizdek, maʼmuriy boshqaruv — davlatchilikda deyarli bir asrdan oshiq vaqt davomida shakllanib, qotib qolgan stereotiplar eriy boshladi. Buni Prezident komandasining, qolaversa, oʻzining ham xalqning ichiga kirishi, muhtasham minbarlardan koʻra, mahallalar, shifoxonalar, qariyalar uyi ostonasi va nihoyat, odamlar orasida boʻlishni afzal deb bilayotgani misolida ham koʻrish mumkin.
Yana bir muhim jihat borki, buni davlatning, uning asosini tashkil qiluvchi siyosiy elitaning maʼnaviy-axloqiy nuqtayi nazardan sovet ateistik kosmopolitizmi va dogmatik ish yurituvidan yuz burib, xalqqa yaqinroq fikrlay boshlashi bilan izohlasak boʻladi.
Hukmron tuzumlar va ular oʻrnatgan mafkuralar choʻchib, begonasirab hamda allaqanday submadaniyatlar tarzida qarab kelingan anʼanaviy qadriyat va madaniyatlarga yangi hukumat oʻzi suv ichadigan zilol buloq sifatida qarashini namoyon qildi. Buning eng yuqori nuqtasini xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat va saxovatpeshalikning yuqori siyosiy doirada nafaqat qoʻllab-quvvatlanishi, balki davlat rahbarining aynan oʻzi bunga bosh boʻlayotganida koʻrish mumkin.
Endi yana bir jihat borki, u rasmiy siyosat va jamiyat hayoti oʻrtasidagi katta turlanishga uzil-kesil yakun yasab berdi. Buni quyidagicha izohlash mumkin: mohiyatan qaraganda, Oʻzbekiston mintaqaning musulmonlar eng koʻp yashaydigan mamlakati hisoblanadi. Yurtimiz islom madaniyati oʻchoqlaridan biri ekani ham maʼlum. Bizda din rasman taqiq etilmagan. Minglab masjidlar xalqimiz xizmatida. Diniy marosimlarga cheklov qoʻyilmagan. Faqat bir munozaraga oʻrin borki, din va umuman, diniy qadriyatu madaniyatlarga va u bilan bogʻliq koʻplab anʼanaviy amallarga rasmiy doiralar shu paytgacha begonasirab qarab keldi. Hukmron siyosiy madaniyat (kolonial siyosat) qadim anʼanaviylikka yoʻl bermadi. Chunki uning yoʻrgakda tekkan bir dardi bor ediki, unga koʻra, koʻhna ham, oliy ham, kechib va alishtirib boʻlmas ham uning (amaldagi siyosat) oʻzi edi. Katta ehtimol bilan aynan shuning uchun ham jamiyatning tabiatini, ruhiyatini belgilovchi bu omillar hech mahal rasman, ochiq-koʻngillik bilan qoʻllab-quvvatlanmadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev esa oʻsha rasmiy qonun-qoidalarni “sindirdi”. U bir rahbar, qolaversa, bir musulmon sifatida janozalarda ishtirok etib, oʻz insoniy, maʼnaviy amallarini yashirmasdan ado etishga kirishdi. Musulmonchilikning ulugʻ bayramlari Hayit kunlari shifoxonalar, qariyalar uylari, yolgʻiz va qarovchisiz qolgan yurtdoshlari holidan xabar olishdan, ularni diniy bayramimiz bilan qutlashdan, Qurʼon tilovat qildirib, fotihaga qoʻl ochishdan oʻzini chetga olmadi. Hatto Turkmanistonda davlat rahbari otasi xotirasiga bagʻishlab oʻtkazgan diniy marosim — iftorlikda boshiga milliy doʻppimizni qoʻndirib duoga qoʻl ochib turgan Shavkat Mirziyoyevning turli nuqtalardan olingan suratlari Yurtboshining koʻngliga tukkan, oʻzi va davlat uchun belgilab olgan yoʻl tamoman yangi va qatʼiy ekanini koʻrsatdi.
Holbuki, bizda shu paytgacha nafaqat oliy rahbariyat diniy amallarni ochiqchasiga bajarishi, balki jamiyat uchun cheklovlarni ozginagina yumshatganining oʻzi katta voqea tuyulib kelgan. Xullas, yangi siyosatdagi ayni shu qirralar yangi Oʻzbekistonning tom maʼnoda maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan oʻziga xos yoʻlga tushganini anglatadi.
Tarixni kuchlilar yozadi, degan gap bor. Shart-sharoitga qarab, bu hikmatsifat aytim negizidagi “ega” “kuchlilar” oʻrniga “gʻoliblar”ga ham oʻzgarib turadi. Gʻolibki, yuz yillar davomida metinday qotib kelgan, hech kim agʻdarishga jurʼat eta olmagan fikrdagi, qarashlardagi, anʼanalardagi, hayotdagi tushunchani joyidan jildirish, uning notoʻgʻri va xato ekanini isbotlash…
Bu bir odamning, shaxsning tarixiy missiyasi boʻlishi ham mumkin. Xuddi Nyutonning sharafli qismatiday. Deylik, yerning tortishish kuchi Nyutongacha ham mavjud edi. Uning daholigi esa shundaki, u buni angladi, asosladi va insoniyatga qoida sifatida tuzib, tushuntirib berdi. Bu hassos kashfiyot esa bashariyat hayotini qanday baxt va saodatga chulgʻaganini aytmasam ham bilasiz...
5
Men Prezident faoliyatiga oid bugungacha oʻnlab maqolalar yozdim. Biroq ularning har biriga nuqta qoʻyganimda, uning faoliyatining yana bir necha muhim jihatlari nazardan chetda qolib ketganini anglayman.
Bu tabiiy! Zotan, bugun u boshchiligida kechayotgan jarayonlar kuzatuvchiyu tahlilchilardan xuddi uning oʻzidek harakatda doimiy bardavomlikni, tinimsiz izlanishni, ishlashni talab etadi.
Ha, Shavkat Mirziyoyev favqulodda hassos shaxs. Uning bunyodkorlik qudratini, oʻz xalqiga, qolaversa, insoniyatga va hayotga boʻlgan mehru muhabbatini bugun hamma koʻrdi.
Oʻzbekiston tashqi va ichki siyosatidagi yangi format, aytish mumkin boʻlsa, butun mintaqa hayotiga taʼsir oʻtkazdi. Uzoq yillar bir-biriga ters munosabat qilib kelgan Markaziy Osiyo davlatlari aynan Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari va jonkuyarligi ortidan oralaridagi sunʼiy toʻsiqni olib tashlay boshladi. Bu qadam mintaqaning oʻzligini saqlab qolish masalasida juda katta ahamiyatga ega.
Negaki, deyarli 90 yillarning soʻngida nufusi va madaniy-tarixiy taʼsir koʻlami boʻyicha mintaqadagi eng old mamlakat Oʻzbekistonning qoʻshnilardan oʻzini tortishi ortidan sovuq munosabatlarga oʻtishi mintaqa siyosiy “iqlimi”ni boshqa tomonlarga burib yuborgan edi. Parokandalik bu yerda qudratli oʻyinchi davlatlar kuchini oshirib yuborgani ham bor gap.
Mayli, mintaqa integratsiyasi sari qoʻyilayotgan dadil qadamlar, yaqin qoʻshnichilikning qayta tiklanayotgani va u beradigan iqtisodiy va geosiyosiy samaralar toʻgʻrisida gapirish alohida, qolaversa, oʻta jiddiy masala. Men hozir ushbu siyosat bergan birgina sof insoniy tuygʻu — qadim-qadimdan qoʻshni yashagan, dini, madaniyati, qadriyatlari va oʻtmishi bir boʻlgan xalqlarni uzoq ayrolikdan soʻng yana birga qilish, bir-birlari bilan yuz koʻrsatish, ogʻir va xursandchilik kunlarida belini bogʻlab baqamti tura olish baxtini qaytarib bergan, bera olgan insonparvar siyosat haqida bir ogʻiz gapirmoqchiman.
Bunga kechagina Prezidentimizning Tojikiston Respublikasiga qilgan tashrifi jarayonlarida yaqqol guvoh boʻldik. Oʻzbek va tojik xalqlarining oʻtmishi, ular oʻrtasidagi qoʻni-qoʻshnichilik tarixi haqida gapirib oʻtirish, menimcha, ortiqcha.
Albatta, orada oʻtgan yillar va munosabatlardagi qiyinchiliklar bugun unutildi. Xalqlarimiz oʻrtada qayta tiklanayotgan doʻstlik va qoʻshnichilik aloqalaridan boshi osmonda. Buni Prezident safari davomida joylarda yigʻilgan tojikistonlik ziyolilar, yoshlar, oddiy odamlar gap-soʻzidan, qarashlari va kayfiyatlaridan anglab olish koʻp qiyin emas. Va, oʻz oʻrnida, vatandoshlarimiz ham qoʻshnilarimiz bilan aloqalarimiz tiklanayotganidan mamnun ekanliklarini har nafasda his qilish mumkin.
Nafsilamrini aytganda, mavjud va bir necha oʻn yillardan buyon hukmron boʻlgan muhitni, sharoitni oʻzgartirib, xalq hayotini yangi, nurli manzillarga burib yuborish dunyo davlatchiligi tarixida juda kam odamlarga nasib qilgan. Va oʻz navbatida, xalq ham mudom shunday Yoʻlboshchilar, Sardorlarga ehtiyoj sezganini tarixdan yaxshi bilamiz.
Shu maʼnoda gapirganda, bugun jamiyatda, odamlar orasida bir mehrga yoʻgʻrilgan istiloh paydo boʻldiki, u singdirilgan yo uqtirilgan emas, balki samimiy bir eʼtirofdir. Xalqning, odamlarning oʻz Prezidentiga bildirayotgan samimiy dil izhoridir.
Bu qariyb yuz yil davomida xalq tomonidan davlatga berilayotgan ilk xolis baho, mafkuralashmagan, oddiy va samimiy — “Mening Prezidentim!” degan kalomdir!
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring