“Menga xushxabar ayt, yolgʻon boʻlsa ham...” — Abdulla Oripovnning turmush oʻrtogʻi bilan suhbat

12:53 18 Mart 2021 Madaniyat
4711 0

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. Ayniqsa, bu sana shoir yashagan xonadonda katta tantana bilan kutib olinadi. Xalq shoirining yaqinlari, oila aʼzolari quvonchiga sherik boʻlish, ijodkorni xotirlash, yubiley tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatish maqsadida ushbu uyda mehmon boʻldik.

Shu asnoda shoirning turmush oʻrtogʻi Hanifa MUSTAFOYEVA bilan Abdulla Oripov olami, hayot va ijod yoʻli haqida suhbatlashdik.

— Biz Abdulla Oripovni bir daho ijodkor sifatida bilamiz. Bu zot oddiy inson sifatida qanday edi?

— Abdulla Oripov hamma qatori oddiy odam edi — farzandlari uchun ota, ayoli uchun suyanch boʻla oladigan umr yoʻldoshi, singillari uchun mehribon aka, akalari uchun kuyunchak uka, ota-onasi uchun esa munosib oʻgʻil... Abdulla aka hayotda hamma narsaning meʼyorida boʻlishini yaxshi koʻrardi, ortiqcha hashamni, ortiqcha mulozamatni uncha yoqtirmasdi. Hamma narsaning tabiiy boʻlishini xohlardi. Yolgʻonni yomon koʻrardi, shoir “Menga xushxabar ayt, yolgʻon boʻlsa ham...”, deb bejiz yozmagan. Yomon xabarni hech yoqtirmasdi.

Abdulla akaning butun xayolini, qalbini band etgan, ularga ilhom, ruh va kuch beradigani bu oʻzbek xalqi edi. Elim deb yashadi, yurtim deb kuyundi hamisha. Uylariga endi kelin boʻlgan paytlarimda “Xalqim nega mustaqilmas, nega ozod yashamasligimiz kerak?!” deya oʻksinishlaridan, azoblanishlaridan hayron qolardim.

Abdulla akaning hayotidagi, 76 yillik umri davomidagi eng xursand boʻlgan kuni mamlakatimiz istiqlolga erishgan kundir. Toʻgʻri, baribir oila, turmush tashvishlari odamga taʼsir qiladi, lekin Abdulla aka oʻz qarorlarida hamisha muqim turolardi, bu qaror — adabiyotdir, sheʼriyatdir. Abdulla akaning adabiyoti ham, sheʼriyati ham xalqi bilan, Oʻzbekiston bilan chambarchas bogʻliq. Ularning tashvishi ham, dardi ham butunligicha xalqida edi.

Vatanimizning mustaqillikka erishishi shoirga yangicha ruh, koʻtarinki kayfiyat, gʻayrat-shijoat baxsh etdi. Tabiiyki, bu ijodiga ham koʻchib, sheʼrlarida ozod va hur yashashdek buyuk baxtni asrab-avaylash, uning mohiyatini, ahamiyatini anglash hamda oʻquvchiga ham anglatish asosiy mezonlardan biriga aylandi. El-yurt uchun oʻzini ayamadi. Oʻsha paytlarda Mustaqillik, Navroʻz bayramlarini tashkillashtirishda, hatto uxlamasdan tun boʻyi ishlab chiqardi. Tadbirlar ssenariylarini yozar, goh Doʻrmonga shoiru yozuvchilarni yigʻib, ularning bu boradagi fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslarini oʻrganar, goh tashkilotchilar bilan birga bayramlar oʻtadigan joylarni koʻzdan kechirardi.

Abdulla aka 1996-yilda Yozuvchilar uyushmasiga rais boʻldi. Oʻshandan soʻng esa butunlay mamlakat va xalq ishi bilan boʻlib ketdi. Ishi koʻpayib, shoir odamga baribir vaqt kerakda, sheʼr yozishga payt izlaydigan boʻlib qoldi. Har yilda ikki marta davlat sanatoriysiga yotqizardik. Kasalligi uchun emas, gʻala-gʻovurlardan ajratib, ruhiyati, koʻngli dam olishi uchun. Abdulla aka bu yerda ijod qilardi. Juda koʻplab sheʼrlari, asarlari shu sanatoriyda yozilgan. Bir oy davomida ancha narsani yozishga ulgurardi. Masalan, “Sohibqiron” dramasini toʻliq oʻsha shifo maskanida yozgandi.

— Abdulla Oripov har bir yangi sheʼrini tandirdan uzilgan issiq nondek sizga tuhfa etgan, deb eshitamiz. Shu maʼnoda, shoir asarlarining “tugʻilishi”, ushbu jarayonda ijodkorning ruhu kayfiyatidan yaxshi xabardorsiz...

— Haqiqatan ham, Abdulla aka uyda ijod qilganida yangi yozgan sheʼrlarining birinchi tinglovchisi, albatta, men edim. Bu inson yashirib sheʼr qoralamasdi. Koʻp kuzatardim: ijod stoliga oʻtirishi bilan yozishni boshlardi. Chunki oʻsha yozayotgan narsasi shuurida allaqachon pishgan boʻlardi. Yozib boʻlgach, menga tutardi-da, baland ovozda oʻqishimni soʻrardi. Sheʼr oʻqilish davomida qayta ishlanardi, sayqallanardi. Ohangiga tushib, qoidasi boʻyicha oʻqimasam qoʻymasdi, qayta va qayta oʻqitaverardi. “Sen tutilib qoldingmi, demak, oʻquvchi ham tutiladi”, der va oʻsha mos tushmagan soʻzni yoki misrani oʻzgartirib, yana boshqatdan oʻqitardi. Toki sheʼr ravon boʻlgunicha tahrirlanardi.

Koʻpchilik Abdulla akaning yangi yozgan sheʼrlarini yoddan oʻqishiga qoyil qolganini aytardi. Men bunga hayron qolmasdim. Sheʼr qayta-qayta oʻqilavergach, ishlanavergach, qanday esda qolmasin?! Hatto ushbu jarayonda men ham yodlab olardim bu bitiklarni. Va tabiiyki, yozish jarayonida fikrlarimni soʻrardi. Baʼzan biror soʻzga qofiya top, deb jilmayardi. Bitta menga emas, telefon qilib, doʻstlariga ham yangi yozgan sheʼrini oʻqib berar va ularning ham fikrini soʻrardi. Soʻng, albatta, sheʼr yana tahrir qilinardi.

Baʼzi hollarda hali siyohi qurimagan tizmalarga yashirincha koʻz tashlardim. Chunki Abdulla aka bitmagan deb hisoblagan, oʻzi koʻngli toʻlmagan sheʼrini boshqalar oʻqishini xohlamasdi. Mukammallikni xush koʻrardi.

Yaqinda shogirdlaridan biri aytib qoldi: «Ustoz bizga shunday oʻrgatgan: sheʼrni odamlar yuragiga shunday mixlaginki, uning qalpoqchasi yoʻq boʻlib ketsin, toki boshqa birov sugʻurib ololmasin!». Oʻzi ham shunga amal qilardi. Sheʼrni koʻngli toʻlmagunicha oʻzgartiraverardi, men esa oqqa koʻchiraverardim. Bir kuni «Baribir hozir yana oʻzgartirasiz, boʻldi koʻchirmayman, qogʻoz qolmadi», desam, “Qogʻozni ayagan shoir boʻlmaydi, koʻchiraver”, degan edi qatʼiy. Va oʻsha qogʻozni ikkiga boʻlib tashlab, boshqatdan yozdirgandi.

Yangi yozilgan ijod mahsuli uch-toʻrt kun, hatto bir oy davomida ana shu yoʻsinda ishlangach, soʻng uni gazetaga berardi. Baʼzan asar to nashr etilguniga qadar uni qayta-qayta oʻqib, zarur hisoblasa, yana oʻzgartirishlar qilardi. Tungi soat necha boʻlishidan qatʼi nazar, gazeta hali bosmaxonaga yuborilmagan boʻlsa, muharrirga telefon qilar va sheʼrni tahrirlardi. Tongda esa oʻsha gazetani olib kelishlarini poylab oʻtirardi, uni qoʻliga olgach, obdan koʻz tashlardi va avaylab buklab choʻntagiga solib qoʻyardi. Bu roʻznomani bir haftalar yonida olib yurgach, soʻng menga tutqazar hamda uni taxlamga tikib qoʻyishimni tayinlardi.

Turmush qurganimizdan keyin yozgan sheʼrlarining deyarli hammasining qanday dunyoga kelganiyu, uni yozishga nima turtki boʻlganini yaxshi bilaman. 1968-yilda Toshkentga koʻchib kelgan boʻlsak, shundan keyin “Saraton” va “Yurtim shamoli”ni yozgandi. “Yurtim shamoli” sheʼrining asli “Oʻzbek shamoli” edi, sarlavhasida ham, bandlarda takrorlanib keladigan birikmada ham. Ammo uning qatiga yashiringan milliy oʻzlikni qoʻmsash, istiqlolga tashnalik tuygʻularini pardalash uchun sheʼrni shunday tahrirlashga majbur boʻlgandi. Mana, yaqinda oxirgi chop qilingan saylanmasida sheʼr “Oʻzbek shamoli”ga oʻzgartirildi. Endi asardan joy olgan obrazlardagi ramziylikni oson ilgʻash mumkin. Ushbu sheʼr oxirida shunday yozadi shoir:

Lekin Abdullaning boqiy kamoli,

O, oʻzbek shamoli, oʻzbek shamoli.

Bu bilan oʻzining ham, yurtimizning ham kamoli boqiy ekaniga ishonchini ifodalagan edi.

— Abdulla Oripov uchun hayot haqiqati nima edi?

— Sheʼriyat. Abdulla aka adabiyotni barcha narsadan ustun bilardi, sheʼrga tayanardi, sheʼrga suyanardi. Yozganlari xalqiga mayoq boʻlishini ham, oʻzining ikkinchi umrini yashashini ham yaxshi anglardi. Shu bois adabiyotga borligʻini baxsh etdi.

Bilasizmi, u kishi hatto oʻz nikoh toʻyida ham sheʼr oʻqigan. Sanʼatkorlar oʻz toʻyida qoʻshiq kuylagan boʻlsa kuylagandir, ammo shoirning oʻz toʻyida sheʼr aytgani tarixda kuzatilmagan boʻlsa kerak. Hartugul, men eshitmaganman. Abdulla aka oʻshanda avval Erkin Vohidovning «Azganush» gʻazalini, keyin oʻzining “Yozajakman” degan sheʼrini oʻqigandi:

Doʻstlar, demangiz, men sheʼru doston yozajakman,

Men sheʼru doston ichra bir afgʻon yozajakman.

Hayrona boqur bu manim ahvolima har kim,

Men ersam oʻzgalar ahvoliga hayron, yozajakman...

Bu misralar hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi. Men bu voqeaga nega eʼtiboringizni qaratyapman? Sabab shuki, men oʻshandayoq umr yoʻllarimni qanday inson bilan bogʻlayotganimni anglagandim. Bu inson sheʼrsiz yasholmasligini, adabiyot, millat va xalq taqdirini oʻz taqdiri deb bilishini tushunganman. Axir hayotining yangi pallasiga qadam qoʻyayotgan, yurak oʻzgacha hislardan junbushga kelib turgan, hayajonli bir paytda — nikoh toʻyida hamma ham ashʼor haqida oʻylamaydi. “Sen sheʼrga qoʻling choʻzmagil, ey johili nokas, Boʻlsangda “Xudo” nomingni shayton yozajakman”, deya hayqirmaydi...

Ushbu sheʼrda “Boshingga agar qoʻnsa shu kun sharpai iqbol, Poyingga, elim, bosh urib qurʼon yozajakman”, degan bayt bor. Ushbu bitiklar shoirning orzu-umidlarini ifodalaydi. Bilamiz, Qurʼoni karim — eng muqaddas kitob. Ushbu soʻzni maʼjoziy maʼnoda qoʻllagan ijodkor “Xalqim agar boshingga iqbol sharpasi qoʻnsa, ozod va hur boʻlsang, poyingga bosh urib, eng muqaddas bitikni bitaman”, deydi. Ushbu goʻzal istakka farishtalar omin degan ekanmi yoki Alloh koʻngliga solganmikan, shundan 25 yil oʻtib, istiqlolimiz ramzi — barchamiz uchun nihoyatda qadrli boʻlgan Davlat madhiyasini yozdi. Bu bejiz emasdi. Shoirda kelajakni koʻra bilish, roʻy beradigan voqealarni oldindan sezish qobiliyatlari ham bor edi. Bunga hayotda koʻp bor guvoh boʻlganman.

— Ijodkorga nima armon boʻlib qoldi, deb oʻylaysiz?

— Armonmi? Har qanday insonning ushalmagan orzu-istaklari boʻladi. Shubhasiz, Abdulla akaning ham dilida xalqiga aytmoqchi boʻlgan gaplari, roʻyobini intiq kutgan orzu-umidlari koʻp edi.

«Qadimda chinakam ovchiyu sayohatchilarda ajoyib bir odat boʻlgan ekan. Ular oʻrmonnimi, togʻnimi tark etganlarida oʻzlari panoh topgan gʻorda yoki oʻngirda chaqmoqtosh va bir oz tuz qoldirib ketarkanlar. Toki bu joyga keyinchalik yoʻli tushgan odam ulardan foydalansin. Sheʼrlarimiz ham kelgusi avlod uchun oʻsha chaqmoqtoshu bir chimdim tuz qadar zarur boʻlarmikan?! Mana shu jihat meni koʻp oʻylatadi», degandi bir safar.

Shoirni umrining soʻngida yolgʻizlik va eʼtiborsizlik juda qiynadi. Doim xalq va davlat ardogʻida yurmaganmi, bundan qattiq siqildi. Anchayin xonanishin boʻlib qoldi. Lekin shunday kunlarda ham birgina insonning — oʻsha vaqtlarda mamlakatimizning Bosh vaziri boʻlgan Shavkat Mirziyoyevning doimiy yoʻqlab turishi Abdulla akaga ertangi kunga ishonch va umid berardi. “Shavkat degan bir inson borda, gʻayrati doim joʻshib turadi, — deb koʻp gapirardi Abdulla aka. — Koʻzida, soʻzida ulkan mehrni tuyaman”.

Darhaqiqat, bu eʼtiborga, mehr-muhabbatga keyinchalik oʻzim koʻp bor guvoh boʻldim. Abdulla aka davlat ishidan boʻshab, uyda oʻtirganida ham har Navroʻzda, tugʻilgan kuni — 21-martda, Davlat madhiyasi tasdiqlangan kun — 10-dekabrda bu insonning nomidan tabriknomalar, sovgʻa-salomlar kelardi. Buni koʻrgan shoirning quvonchdan boshi osmonga yetar, baʼzan koʻzlariga yosh olib, “shu inson bor ekan, yukim yerda qolmaydi”, derdi...

Darvoqe, Prezidentimiz xalq shoiriga hurmat-eʼtibori ramzi sifatida meni ham davlatimizning yuksak mukofoti — “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlaganidan xabaringiz boʻlsa kerak. Bu kun hayotimda unutilmas boʻlib qolgan. Oʻshanda Yurtboshimiz ordenni koʻksimga taqarkan, kulib, “Sizni Amerikadan ham chaqirtirib oldimmi?” deganlari menga juda taʼsir qilgandi. Davlat rahbarining shuncha yumushlari boʻla turib, mening okean ortidan yetib kelishimgacha eʼtibor bilan qaragani qalbimni gʻoyat toʻlqinlantirib yuborgandi. Prezidentimizning tadbirda “Oʻzining ilmiy va adabiy maktabini yaratgan ulkan olim va ijodkorning rafiqasi boʻlish oson emas. Buni bilgan biladi, bilmaganlar bilib qoʻysa, faqat foyda boʻladi”, degan soʻzlari koʻnglimni faxr-iftixorga toʻldirgandi.

Uyga kelib, xursand boʻlganimdan ikki soatcha yigʻladim. Butun hayotim, baxtli, gʻamli damlar, Abdulla aka bilan oʻtgan kunlar, ularning qalb yaralariga malham boʻlishga intilganim, ijod mashaqqatlarini yengishga koʻmakdosh boʻlganim koʻz oldimdan oʻtdi. Abdulla aka “Oʻzbekiston Qahramoni” boʻlganida ham shunday ahvolga tushgandim. Mehnatlar natijasini koʻrish odamga boshqacha taʼsir qiladi.

Hayotda moʻjiza sodir boʻlmaydi, uni inson oʻz qoʻli, mehnati bilan yaratadi. Shavkat Miromonovich buyuk qalbi, serzahmat mehnatlari bilan bugun ana shunday moʻjizani yaratmoqda — hayotimizda tub burilishlar yasamoqda. Har bir kishi oʻz hayotida inson sifatida qadrlanib yashashga haqli ekanini yurakdan his etyapti. Islohotlar natijalarini, oʻzgarishlarni oʻz turmushi misolida koʻryapti.

— Prezidentimizning “Oʻzbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ardoqli shoirimizga boʻlgan yuksak eʼtiborning yana bir yorqin ifodasi boʻldi. Ushbu tarixiy hujjatni siz va oila aʼzolaringiz qanday qabul qildingiz?

— Behad katta quvonch bilan! Abdulla akaning 80 yoshlik yubileyini oʻtkazish koʻnglimizda bor ediyu, ammo dunyoda pandemiya kuzatilayotgani sabab bu sananing davlat miqyosida nishonlanishini, toʻgʻrisi, kutmagandik.

Keyingi yillarda xalq shoirining xotirasini abadiylashtirish, asarlarini targʻib etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyot fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internat ochildi. Haykali Adiblar xiyobonida savlat toʻkib turibdi. Kitoblari muntazam chop etilmoqda. Bundan hamisha xursand boʻlamiz, cheksiz faxr-iftixor tuyamiz. 

Shoir tavalludining 80 yilligini keng nishonlash borasidagi qaror quvonchimizga-quvonch qoʻshdi. Albatta, bunday ehtiromga loyiq odamgina munosib koʻriladi, shu munosiblar qatorida Abdulla akaning ham borligi bizning baxtimiz. Mazkur hujjatga koʻra, shoirning asarlari hamda ijodi va hayoti haqidagi kitob nashr etilmoqda. Abdulla aka hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film tasvirga olinishi, asarlari asosida spektakllar sahnalashtirilishi, yoshlar oʻrtasida turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida Abdulla Oripov ijodiga bagʻishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari, kitobxonlik va sheʼriyat kechalari uyushtirilmoqda.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida shoir ijodi hamda faoliyatiga bagʻishlangan muzey tashkil etilmoqda. Bu muzeyga Abdulla akaga tegishli koʻp yodgorliklarni berib yubordik. Chunki ijodkordan qolgan barcha narsalar, u qoʻlyozmalarmi yoxud kitoblar — bularning hammasi shu xalqqa tegishli. Abdulla Oripov tiriklik chogʻida ham, dunyodan oʻtganidan soʻng ham shu xalq bilan birga.

Bu qutlugʻ sanani keng nishonlashga oilamizda ham katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Har yili 21-mart qoʻshaloq bayram xonadonimizda. Shu kuni ham Navroʻz, ham Abdulla akaning tugʻilgan kuni munosabati bilan sumalak pishiramiz. Bu oilaviy anʼanaga aylangan. Abdulla aka sumalakni yaxshi koʻrardi, baʼzan yaqinlariga bu totli neʼmatdan oʻzi ulashardi. Joriy yil ham sumalak qilishni koʻnglimizga tugib qoʻyganmiz.

Shu oʻrinda menga bir fikr tinchlik bermaydi. Koʻpchilikning xabari bor, Abdulla aka umrining oxirgi kunlarini Amerikaning Texas shtatida oʻtkazdi. Biz yashagan qizimning uyida shoir oʻz ijodxonasini ham tashkil qilgandi. Oʻylaymanki, Abdulla aka hayotining soʻnggi kunlari kechgan uy ham bir kun muzeyga aylanadi. Shoir ijodini sevuvchilar bir kuni izlab borishadi, ustoz qaysi uyda yashagan, qanday ijod qilgan deb qiziqishadi. Qizimga doim dadangning narsalarini asrab qoʻy, oʻsha sariq qogʻozdan tortib ushlagan ruchkasigacha, deyman. Amerikadayam oʻzbeklar juda koʻp ekan, bir kun ularning baʼzilarini chaqirib aytdim: “Agar oʻqiyman, oʻrganaman, muzey tashkil etib, asrayman desangizlar, shoirga tegishli narsalarni sizlarga sovgʻa qilib qoldiraman”. Chunki bular biz uchun bir xotira boʻlsa, adabiyot odamlari va xalq uchun — meros. Buni asrashni har kim oʻz burchi deb bilsa, nur ustiga nur boʻlardi.

Mehnatlar, yaxshiliklar hech qachon zavol topmaydi. Abdulla Oripov Vatanimizni chin yurakdan sevdi. Tuprogʻini koʻzlariga toʻtiyo aylashga tayyor turdi, ona xalqimizga doimo taʼzimda boʻldi. Bugun shoirga boʻlayotgan eʼzozu ehtiromdan yana bir marta amin boʻlmoqdamanki, ezgulikning umri boqiy. Abdulla akadan taralgan nur bugun millionlab yurtdoshlarimizning, yoshlarimizning qalbini yoritib turgani buni yana bir bor namoyon etmoqda.

Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?