“Menga berilgan sinov shu boʻlsa kerak...”
Hayot turli sinov va qiyinchiliklardan iborat boʻlishi tabiiy. Ammo sabrli, qatʼiyatli va umidli insonlargina barcha sinovlarni yengib oʻtishga qodir. Bunga misollar juda koʻp.
Ana shunday qiyinchiliklarni mardonavor yengib oʻtgan yoshlardan biri — Zuhra Usmonova, desak, mubolagʻa emas. Ayni paytda u Samarqand davlat universiteti Sport faoliyati va sanʼat fakulteti talabasi.
Suhbatimiz chogʻida u oʻzining taqdir yoʻllari, hayotiy faoliyati va yutuqlari, kelajakdagi niyatlari xususida gapirib berdi.
— Men sogʻlom boʻlib dunyoga kelganman. Yoshligimdan surat chizishga juda qiziqaman. Ishonasizmi, bugun hayotimni rang-tasvirsiz tasavvur qila olmasam kerak, — deydi Zuhra Usmonova. — 14 yoshimgacha qoʻllarim bilan chiza olardim…
Albatta, hayotda hamma uchun berilgan sinovlar boʻlarkan. Menga berilgan sinov shu boʻlsa kerak, maʼlum sabablarga koʻra qoʻllarim oʻzimga boʻysunmay qoldi. Ilojim qancha, peshonamda shu yozilgan ekan. Lekin shu bilan tushkunlikka tushib, ijod qilishdan toʻxtab qolmadim.
Qaysidir kinoda koʻrib qolgan edim, nomini eslolmayman. Unda juda bir katta isteʼdod egasi boʻlgan musavvir bola oʻng qoʻlida ajablantiruvchi suratlar chizardi. Lekin bu bolaning iqtidorini koʻrolmay oʻng qoʻlini mayib qilishadi. Mening qahramonim bu bilan toʻxtab qolmay, boshqa mamlakatda chapaqay rassom borligini eshitib, unga shogird turish uchun boradi. Ijod sirlarini oʻrganib, buyuk musavvir boʻlib yetishadi…
Shu kinodan taʼsirlanib men ham suratlarni oyogʻim bilan chizishga qaror qildim. Toʻgʻri, boshida juda qiyin boʻldi, hattoki ich-ichimda yigʻlardim. Yaqinlarim, ota-onamning daldasi bilan sinovlarni yengib oʻtdim.
Ijodkorda xohish boʻlsa bas, har qanday qiyinchilikni yengib oʻtsa boʻlarkan. Bugungi natijalarga sabrim bilan erishdim, deya ayta olaman.
2019-yil Samarqand davlat universiteti Sport faoliyati va sanʼat fakultetiga oʻqishga kirdim. Bu yerdagi mutaxassis oʻqituvchilar tomonidan ham nazariy, ham amaliy bilimlarni egallab kelyapman.
Bundan tashqari, boʻsh vaqtlarimda kitob mutolaa qilishni, shashka oʻynashni, qolaversa, zakovat intellektual oʻyinlarini doimiy kuzatib boraman. Oʻz oldimga ulkan marralarni zabt etishni maqsad qilganman. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahon boʻylab oʻz koʻrgazmalarimni ham namoyish etmoqchiman. Shuningdek, oʻz musavvirlik maktabimni shakllantirib, yetuk shogirdlarni tayyorlash niyatim ham yoʻq emas.
SamDU axborot xizmati xodimi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring