“Men qolmayman hech vaqt benavo...”
20-fevral — Matnazar Abdulhakim tavallud topgan kun
Oʻzining otashin va falsafiy sheʼrlari, Bedil-u Pahlavon Mahmuddan qilgan mumtoz tarjimalari bilan adabiyot boʻstoni koʻrkiga koʻrk qoʻshgan ijodkor, koʻplab qalblardan joy egallagan shoir Matnazar Abdulhakim bugun hayot boʻlganida 76 yoshga toʻlgan boʻlardi.
Shoir boshqa maslakdoshlaridan farqli oʻlaroq poytaxtga kelmasdan viloyatda — Xorazmda yashab, ijod qilganiga qaramay ovozi Toshkentda ham jaranglab turgan. Bugun shoir nainki Xorazm, balki Oʻzbekiston, turkiy olam adabiyot muhiblari tomonidan sevib oʻqiladi va oʻqilajakdir.
TARJIMAI HOL
Koʻrinmasdim har kim-har kimga,
Men – saharlar ufurgan nafas.
Gardsizligim, tozaligimga
Cheksizliklar qilardi havas.
Bir tong nogoh boʻldim men shabnam,
Soʻng bulutga, yomgʻirga doʻndim.
Maysalarga aylandim kam-kam,
Tuproq boʻlish dardiga koʻndim.
Ming yilliklar turkum va turkum
Qorildilar zulmat, ziyoga.
Saodatli qandaydir bir kun
Daraxt boʻlib keldim dunyoga.
Hayot bir yoʻl – soʻngsiz, betimsol,
Ming tirilib, ming oʻlib chopdim.
Nasib boʻldi noyob bir visol,
Jonzot boʻlib tavallud topdim.
Qanoatlar, toqat, sabrlar
Gʻildiragi aylandi gir-gir.
Kechdi necha tuman davrlar,
Inson boʻlib tugʻildim axir.
Endigina orom topib jon,
Yetdi desam tolega xush gal,
Har toʻkisda – necha ming nuqson,
Har toʻkisda – necha ming ishkal.
Zulmat toʻydi, yutib ziyoni,
Zulmatlarga ziyo ham toʻydi.
Diydoriga toʻydim dunyoning,
Diydorimga dunyo ham toʻydi.
Qoʻying, soʻylab boʻlmay men nolon,
Siz ham tinglab boʻlmangiz halak.
Shu oʻzingiz bilgan toʻpolon,
Shu oʻzingiz bilgan charxpalak.
Nomard boʻlay agar nolisam,
Boshqa tirilmayman, oʻlmayman.
Bir qutulsam, bir ketib olsam,
Dunyoga men boshqa kelmayman.
QOR QOʻSHIGʻI
Lahza tinim bilmay kutdim bu kunni,
Bugun orzularim, mana, ushaldi.
Sen atayin uxlab oʻtkazding tunni,
Men-chi yogʻaverdim, men-chi toʻshaldim.
Boʻronlarda yelib, hovlingga kelib,
Uyingni aylanib kezdim jon halak.
Nihoyat, nihoyat, uygʻotdim seni
Derazangda boʻlib girdikapalak.
Yogʻduga koʻmildi bedor hislaring,
Ular bois boʻldi oppoq faxrimga.
Ohista-ohista bosgan izlaring
Oʻyilib-oʻyilib qoldi bagʻrimga.
Istasang, doʻstingga ot. Turibman shay.
Axir nechun bundan qilay orlar man.
Sevib, shodligimdan osmonga sigʻmay,
Senga zorlar boʻlib yogʻgan qorlar — man.
Men uchib qoʻnayin, sen quvna yal-yal,
Sen sira qilmagin shodlikni kanda.
Kechir koʻzyoshingga oʻxshab qoʻysam sal,
Kiprigingga asta qoʻnayotganda.
Shodligingga qisqa umrimni berib,
Oh-figʻon qilmasdan, nolimasdan, jim,
Asta yer qaʼriga ketaman erib
Senga atab gullar yuborish uchun...
* * *
Tanho fasl emasdi bahor,
Unga tanho mehrimni berdim.
Bamisoli kungaydagi qor
Gʻamlar nigohingda eridi.
Men ovozim boʻgʻilguncha to,
Husning kuylab kuydim jizgʻanib.
Biroq hansiragan saraton
Yondi seni mendan qizgʻanib.
Quyosh yerni olovga chayib,
Tinib qoldi mushfiq epkinlar.
Ipak soching badtar sargʻayib,
Ruxsoringga toshdi sepkillar.
Qasd qilganlar, axir, mudom past,
Yoz ham oʻtdi armonda, oʻsal.
Avvalgidek men hamon sarmast,
Avvalgidek sen hamon goʻzal.
Shodliklarim niqoblangan dard,
Sen bu dardni anglaysan arang.
Koʻzlaringdan yogʻilgan madad
Avvalgidek hamon osmonrang.
Sen koʻrgach shu toleni ravo,
Gʻurbatlardan men nolimayman.
Men qolmayman hech vaqt benavo,
Men hech qachon sensiz qolmayman.
Senga xazon tegmas. Sen asl.
Senga daxl qila olmas kuz.
Fasl kelib, ketadi fasl,
Faqat mehrim bilmas tanaffus.
Ishq faslida hamisha hamal.
Bordir hayot. Yoʻqdir oʻngishiq.
Men uchun sen mangu mukammal,
Mangu oʻn sakkiz yashar qoʻshiq!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring