Meʼmoriy shakli Qurʼon kitobini eslatuvchi madrasani bilasizmi?

09:04 11 Oktyabr 2020 Madaniyat
2092 0

Yurtimiz, jumladan Buxoroi sharifdagi har bir osori atiqa, tarixiy obida xalqimizning boy oʻtmishidan, yuksak tafakkuridan darak beradi.Bunyod etilganiga salkam 500-yil boʻlgan Mir Arab madrasasini bunga dalil sifatida keltirish mumkin.

— Bu madrasa naqshbandiya tariqatining ulugʻ piri murshidi, sohibkaromat avliyo hazrat Mir Arab qoddasallohu sirrahu Yamaniy tomonidan milodiy 1530 — 1536-yillarda qurdirilgan, — deydi Mir Arab oʻrta maxsus bilim yurti mudiri oʻrinbosari Asatullo Habibullo oʻgʻli. — 1536-yilning boshida Mir Arab hazratlari vafot etganlari bois, u zotning vasiyatlariga koʻra, qurilishni kuyovlari Shayx Zakariyo oxiriga yetkazgan.

Shu oʻrinda “Nega aynan qadimiy shaharning qoq markazida shunday madrasa qurish fikriga kelingan”, degan savol tugʻilishi tayin.

Ayrim tadqiqotchilaru muallimlar, jumladan, mudarris Erkinjon Qudratovning bildirishicha, asli yamanlik boʻlgan Mir Arab Samarqandga kelib, Xoja Ahror Valiyga shogird tushgan. Tasavvufni oʻrgangan. Xoja Ahror Valiyning vafotlaridan keyin Buxoroni manzil tutadi. Xon Ubaydullaxon huzuriga keladi. Bu orada Movarouannahrga Eron qoʻshinlari bostirib keladi. Ubaydullaxon bilan Mir Arab oʻz harbiy sanʼatlarini ishga solib, bosqinchilar ahvolini tang qiladilar. Yov ortga qaytadi. Shunda Ubaydullaxon Mir Arabning gʻalabaga qoʻshgan hissasini taqdirlamoq niyatida “Tilagingizni tilang”, deydi. Tasavvuf ilmini chuqur egallagan, maʼnaviy dunyoqarashi keng boʻlgan Mir Arab xondan madrasa qurmoq uchun Shahristondan yer ajratib berishni soʻraydi. Tilagi bajo keltiriladi.

Aytishlaricha, madrasaning meʼmoriy tuzilishi Mir Arabning tushida zohir boʻlgan. Uyqusida koʻrgan koshona tasvirini quruvchi-ustalarga soʻzlab berib, qiyomat qoyim boʻlgunga qadar ilmu maʼrifat ziyosini tarqatadigan madrasa bunyod etmoqni buyurgan. Qoʻli gul ustalar buni qiyomiga yetkazib bajarishgan.

— Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, madrasaning meʼmoriy shakli Qurʼon kitobini eslatadi, — deya davom etadi Asatullo Habibullo oʻgʻli. —Bu yerdagi hujralarning 114 taligi esa Qurʼon suralari soniga mos keladi.

Aytish oʻrinliki, ortda qolgan salkam 500-yil davomida madrasada son- sanoqsiz tolibi ilmlar saboq olishdi. Bu goʻshadan koʻplab buyuk zotlar yetishib chiqdi. Masalan, Markaziy Osiyo, Kavkazorti va Rossiya musulmonlarining deyarli barcha muftiylari shu goʻshada ilm olib, islom dini va madaniyati ravnaqiga hissa qoʻshdilar, desak aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Zero, bu dargohda hozir ham Mir Arab oʻrta maxsus islom bilim yurti faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Taʼlim maskanida diniy fanlar bilan bir qatorda umumtaʼlim fanlari ham oʻqitilyapti. Talabalarga arab, ingliz, rus, fors tillari oʻrgatiladi. Saboqlar oʻzbek va arab tillarida olib boriladi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Mir Arab oliy madrasasi ham tashkil etilganidan xabardorsiz, albatta. Oʻrta maxsus islom bilim yurtini tugatganlar mazkur oliy madrasada oʻqishni davom ettirishlari mumkin.

Aytmoqchi, Mir Arab madrasasi madaniy yodgorlik sifatida davlatimiz tomonidan koʻz qorachigʻidek asrab-avaylab kelinmoqda. Zero, salkam besh asrga tengdosh bu goʻsha allaqachon maʼrifatparvar ota-bobolarimizning boqiy timsoliga aylanib ulgurdi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер