“Mehrli qoʻllar”: ijtimoiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanining Nosgar mahallasida faoliyatini boshlagan “Mehrli qoʻllar” nodavlat muassasasida 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyildi.
Prezidentimizning joriy yil 3-fevralda qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra tashkil etilgan muassasa 18 nafar oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga oldi. Bolalarning tayanch-harakat aʼzolaridagi nuqsonlarni jismoniy chiniqtirish mashqlari yordamida yengillatish, rivojlanmagan ichki va tashqi hissiy sezgilarni uygʻotish, nutq va eshitish bilan bogʻliq muammolarga amaliy yondashish uchun uqalovchi, defektolog va logoped kabi mutaxassislar jalb etilgan.
— Mutaxassislarimiz sohada 10 yillik tajriba ega, — deydi muassasa rahbari Subhidam Soliyeva. — Shu bois amaliy tajriba va koʻnikma asosida har bir bola bilan alohida ish olib boriladi. Shuningdek, ota-onalarga bolalarni uy sharoitida parvarishlash boʻyicha tavsiyalar beriladi.
Gulmiraxon Tursunova qoʻshni Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd viloyatidan kelgan. U oʻn yoshli oʻgʻli Yusufning tayanch-harakat aʼzolaridagi nuqsonlar asta-sekin yoʻqolib borayotganini aytib, yurtimizdagi nogironligi boʻlgan bolalarga mehr va eʼtibor kuchli ekanligidan mamnunligini taʼkidlaydi.
Rishtonlik Nodiraxon Yoqubjonovaning qizi Mohinur 14 yoshga kirgan boʻlsada, muttasil ravishda uning parvarishi bilan band, biron joyda ishlamaydi. Yaqinda mahalladagi ijtimoiy xodim tavsiyasi asosida farzandi kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olindi. Oʻzi esa ushbu muassasaga ishga qabul qilindi.
— 14 yildan buyon qizimning bir ogʻiz gapini eshitish orzusi bilan yashayman, — deydi u koʻzda yosh bilan. — Shu muassasaga olib kelgach esa birinchi marotaba “aya” degan soʻzini eshitdim. Mohinur oʻtgan qisqa vaqt mobaynida oʻnga yaqin soʻzni talaffuz qilishni oʻrganib oldi. Qizimdagi oʻzgarishlar bir tomon, oʻzimning ushbu muassasaga ishga joylashganim yana bir tomon boʻldi. Shuncha yillik diqqinafaslik ortda qolganiga shukr!
Rishton tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlash shuʼbasi mudiri Ahliyor Jumayevning maʼlum qilishicha, mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan oʻtkazilgan xatlov natijasida tumanda kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olish mumkin boʻlgan bolalar soni 96 nafarni tashkil etishi aniqlangan. Pedagogik tibbiy-psixologik komissiyasi hozirga qadar ularning 18 nafarini kunduzgi parvarish xizmatiga jalb qilish yuzasidan xulosa berdi. Kelgusida alohida taʼlimga jalb qilinmagan bolalarni ushbu xizmat bilan toʻliq qamrab olish maqsad qilingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Jasorat maktablari”ga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi belgilandi
- Boshqaruv sohasida xotin-qizlar ulushi necha foiz ekani ma’lum qilindi
- Nodavlat oliy taʼlim muassasalari ustav fondini kamida 2 million AQSH dollari ekvivalentida shakllantirilishi shart – Vazirlar Mahkamasi qarori
- Yetakchilar “Imorat” tarixiy-meʼmoriy majmuasiga bordi
- “Liverpul” yulduzi Diogo Jota avtohalokatda vafot etdi. U yaqindagina oila qurgandi
- “Anorbank” rahbari Parijda oʻgʻirlab ketildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring