Mehnat munosabatlariga oid yana bir xalqaro Konvensiya ratifikatsiya qilindi

06:17 12 May 2023 Jamiyat
1164 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquq va qonuniy manfaatlarini himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish, inson hamda uning baxt-saodatiga xizmat qilish, xalq farovonligi haqida gʻamxoʻrlik qilish kabi insonparvarlikning asosiy mezoni mujassam, desak, ayni haqiqat.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash masalasida ham tizimli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Oʻtgan yillar davomida ijtimoiy mehnat sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini taʼminlash borasidagi faoliyat ham muntazam ravishda takomillashtirib borildi. Bu borada xodimlarning mehnat huquqlariga daxldor amaliy ishlar statistik maʼlumotlar orqali yanada aniqroq tasavvur uygʻotadi.

Eʼtiborlisi shundaki, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Konvensiyalari hamda Oʻzbekiston Respublikasining mehnat sohasidagi qonunlari va huquqiy-normativ hujjatlarining mazmun-mohiyati gʻoyatda keng hamda muhim. Yurtimizda oxirgi yillarda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan yuksak eʼtirof etilayotgani ham haqiqat.

Yaqinda mehnat munosabatlariga oid xalqaro hujjat, xususan, Prezidentimiz tomonidan imzolangan qonun (OʻRQ–840, 06.05.2023-y.) bilan Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1977-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilindi. Bu ham ushbu yoʻnalishda qoʻyilgan muhim qadamlardan biridir.

Xoʻsh, ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilishdan koʻzlangan maqsad nima? Umuman, hujjatning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati nimalardan iborat?

Taʼkidlash joizki, Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy qonunchilik yoki meʼyoriy hujjatlar orqali ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish va cheklashga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi xodimlar huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha kafolatlarini yaratish imkonini berishi va mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga sezilarli turtki beradi.

Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkilotining mazkur konvensiyasi muhim xalqaro standartlarni tatbiq etish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni ham yaratadi. Konvensiya ratifikatsiyasi bilan birga, albatta, tegishli milliy qonunchilik xujjatlarimizni ham ushbu Konvensiyaga implementatsiya qilish ham dolzarb masala.

Keling, Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish toʻgʻrisidagi 148-sonli Konvensiyasi haqida kengroq maʼlumotlar berib oʻtsam.

Mazkur Konvensiya 5 ta bob va 24 ta moddadan iborat boʻlib, uning maqsadi milliy qonunchilik yoki qoidalar orqali ish joylarida havoning ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatarlardan ogohlantirish, ularni cheklashga hamda ushbu xatarlardan himoyalanishga yoʻnaltirilgan choralar qabul qilinishini belgilaydi.

Ushbu Konvensiya ellikka yaqin davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan boʻlib, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi yevropa davlatlari hamda MDH mamlakatlaridan Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon Respublikalari va Rossiya Federatsiyasi shular jumlasiga kiradi.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi ish joylarida mehnat sharoitlarini, jumladan zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining ogʻirligi va tigʻizligini hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligini baholash, shuningdek, mehnat sharoitlarini qonun hujjatlarija belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida ish oʻrinlari mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazishni nazarda tutadi.

Mazkur Konvensiyaga qoʻshilish Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari hamkorligida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga joriy etish boʻyicha izchil choralarni koʻrishga xizmat qiladi.

Bu hali hammasi emas. Xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qoʻllanilmoqda. Yaʼni xalqaro-huquqiy hujjatlar normalari dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning 148-sonli Konvensiyasida belgilangan talablar yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksining mehnatni muhofaza qilish bilan bogʻliq XIII bobi, Oʻzbekiston Respublikasining Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunining oʻndan ortiq moddalari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun va 300 dan ortiq mehnatni muhofaza qilishga oid qoidalar va meʼyorlar, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilangan.

Oʻz navbatida, XMTning 148-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi, milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti hujjatlarida belgilangan, ish joyida havo ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatarlarning oldini olish, aniqlash hamda bartaraf etish borasidagi xalqaro standartlarning samarali joriy etilishi va bajarilishiga xizmat qiladi.

XMTga aʼzo davlat u yoki bu konvensiyani ratifikatsiya qilganda undagi qoidalarni milliy qonun hujjatlarida va amaliyotda qoʻllash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Shundan kelib chiqib, ushbu konvensiya ratifikatsiyasi mehnatni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati hamda tekshiruvini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek, kasaba uyushmalari va, albatta, ish beruvchilar masʼuliyatini yanada oshiradi, albatta.

Muborak USMONOVA,

zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?