Mehnat migratsiyasi: ishonch va xavfsizlik – bosh mezon

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda mehnat migratsiyasi eng rivojlangan davlatlarda ham mavjud va globallashuv davrida ushbu jarayon yanada kengayib borayotgani ayni haqiqatdir. Shu bois tartibli, xavfsiz va kafolatli migratsiyani yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda bu boradagi munosabat tubdan oʻzgarib, mehnat muhojirlarining muammo va ehtiyojlarini oʻrganish hamda ijobiy hal qilish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Keyingi besh yilda migratsiya sohasida Oʻzbekiston Respublikasining 2 ta qonuni, davlatimiz rahbarining 3 ta farmon va 9 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori qabul qilingani fikrimizning yorqin dalilidir.
— Ayni jarayonda “Xorijga ish – mahalladan” tamoyili boʻyicha eng quyi boʻgʻinga tushib, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlik koʻlami tobora yaxshilanib bormoqda, — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi Fargʻona filiali boshligʻi Bahromjon Haydarov. —Natijada har bir mahallada xorijdagi yuqori daromadli, xavfsiz va kafolatlangan ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlar bazasi shakllantirildi.
Buning samarasi sifatida birgina oʻtgan yilning oʻzida chet elda ishlash istagida murojaat qilganlarning 15,5 ming nafardan ziyodi manzilli va tashkillashtirilgan tartibda Rossiya, Koreya Respublikasi, Germaniya, Buyuk Britaniyaga ishga yuborildi. 2024-yil davomida viloyatdagi monomarkazlar, kasb-hunarga oʻqitish markazlari hamda nodavlat taʼlim muassasalarida qariyb 7 ming nafar fuqarolar zamonaviy kasb va xorijiy tillarga oʻqitildi.
Oʻz navbatida, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimizning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini taʼminlash choralari kuchaytirilib, mehnat muhojirlari bilan doimiy hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi. Xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquqiy yordam koʻrsatish tizimi shakllandi.
Bugungi kunda “Bir ish beruvchi – bir hudud” tamoyili ham amaliyotga keng joriy etilib, shahar-tumanlarda ish beruvchilar bilan hamkorlikda turli tanlovlar oʻtkazish orqali mutaxassislarni saralab olish, qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu kabi izchil saʼy-harakatlar tufayli joriy yilda Fargʻona viloyatidan 21 ming nafar hamyurtlarni dunyoning rivojlangan davlatlariga tashkillashtirilgan tartibda ishga yuborish maqsad qilingan.
Yaqinda Fargʻona shahrida Janubiy Koreyaning Ulsan shahriga malakali mutaxassislar tayyorlash markazi oʻz faoliyatini boshladi. Hamkorlik memorandumiga koʻra, mamlakatning “iqtisodiy poytaxti” — Ulsanda ishlash istagida boʻlgan nomzodlar malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida 3 oylik kasb va til oʻrganish kurslaridan oʻtadi.
Shu tariqa markazni tamomlagan yoshlarga Ulsan shahar hokimligi toʻgʻridan-toʻgʻri ishchi viza berishni yoʻlga qoʻyadi va “Hyundai” kemasozlik kompaniyasiga ishga joylashtiradi. Bu tizim Janubiy Koreyaga ishchi kuchi yetkazib beruvchi jahondagi 17 ta davlat orasida birinchi marotaba faqatgina Oʻzbekiston uchun qoʻllanayotgani eʼtiborga molik.
— Istiqbolli loyiha doirasida EPS-topik testlaridan yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan 421 nafar nomzod “Hyundai” kemasozlik zavodiga mutaxassis yetkazib berishni maqsad qilgan ushbu markazda oʻqish istagini bildirdi, —deydi Bahromjon Haydarov. — Ularning 202 nafari saralashdan muvaffaqiyatli oʻtib, birinchi bosqich oʻquvlarida 105 nafari ishtirok etmoqda.
Otabek Ermatov ezgu tashabbus doirasida koʻp yillik orzusini amalga oshirish imkoniga ega boʻlgan fargʻonalik yoshlardan biri boʻlib, u hozirgi kunda Fargʻona shahridagi kasbiy koʻnikmalar markazida tashkil etilgan oʻquv markazida tahsil olmoqda. U oʻquv jarayoni yakunlangandan soʻng Janubiy Koreyaning “Hyundai” kompaniyasida ishlash niyatida. Shu maqsadda astoydil oʻqib-oʻrganmoqda.
Aytish joiz, ayni paytda Fargʻona viloyatida 526 ta xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan oʻquv markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, ixtisoslashgan markazlarda 60 ming nafar yoshlar chet tilini oʻrganyapti. Shu yilning birinchi choragida 3,5 ming nafar fuqarolar xorijiy tillar hamda kasb-hunar oʻrgatish kurslariga jalb etilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring