Mehnat kodeksi loyihasida qanday yangi normalar aks etmoqda?

15:06 19 Noyabr 2020 Siyosat
388 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 19-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. 

Qonun loyihasi yuzasidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N. Husanov maʼruza qildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksida koʻplab havolaki normalar mavjudligi, barcha zarur masalalar aniq tartibga solinmagani, uni amaliyotda qoʻllashda bir qator muammolar yuzaga kelayotganini koʻrsatmoqda. Shu bilan birga, unda fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishi hisobga olinmagani, ish beruvchilarni, xususan, qoʻshimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini keltirib chiqardi.

Majlisda deputatlar Mehnat kodeksi loyihasini qabul qilish uchun asoslar va undan kutilayotgan natijalarga alohida eʼtibor qaratdilar.

Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilamoqda.

Binobarin, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi normalarni oʻz ichiga oladi.

Ushbu hujjatning ahamiyatli jihatlaridan biri — unda ish beruvchi subyektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega boʻlgan tashkilotlarning alohida tarkibiy boʻlinmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanayotganidir. Deputatlarning fikricha, mazkur qoidaning belgilanishi ishchi oʻrinlarining koʻpayishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlari doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi.

Shu bilan birga, Kodeks loyihasida mehnat shartnomasini tuzish bilan bogʻliq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Xususan, ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladigan yoshga aniqlik kiritilib, ishga qabul qilishda dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilyapti. Mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari eʼlon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritish shartlari, jumladan, moslashuvchan qulay rejimga oʻtish, toʻliqsiz ish vaqti, masofadan turib ishlash kabilar belgilanmoqda.

Majlisda Mehnat kodeksining yangi tahrirda qabul qilinishi bir qator imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi qayd etildi. Bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanatini taʼminlash, ularni ijtimoiy hamkorlikka jalb qilish, tomonlar oʻz mehnatining natijadorligiga qiziqishini oshirish, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilish shular jumlasidan. 

Muhokamalardan soʻng, qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?