Jumladan, mehmonxonalarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan xonalar imkon qadar birinchi qavatda boʻlishi, evakuatsiya chiqish joyigacha boʻlgan masofa 50 m dan oshmasligi, bino yoki kompleks tarkibidagi ijtimoiy xizmatlar, tashrifxonalarga yetib borishning qulayligini taʼminlashi (nogironlar talabiga javob beruvchi jihozlarning qoʻllanilishini hisobga olgan holda) kerak.

20:48 21 Iyul 2020 Siyosat
1196 0

Mehmonxona biznesini hozir qoʻllab-quvvatlamasak, unda buni qachon qilamiz?

Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasiga mehmonxonalardan foydalanish toʻgʻrisida yangi, 24-modda kiritilgan.

Hukumat tomonidan kiritilgan tahrirga koʻra ushbu modda bilan “Mehmonxonalarning mulkdorlari harakatlanadigan aravachadan foydalanadigan nogiron shaxslar uchun umumiy xona fondining kamida bitta xonasini jihozlashlari, shuningdek, eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarning tegishli ehtiyojlarini eʼlon qilish uchun displey va ovozli qurilmalar bilan taʼminlashlari shart”ligi belgilanmoqda.

Qonun loyihasining ikkinchi oʻqishga tayyorlangan tahririda modda nomi mehmonxona xonalarining qulayligi deb oʻzgartirilgan, ammo uning mazmuni oʻzgarishsiz qoldirilib, ushbu talab barcha turdagi mehmonxonalar uchun majburiy boʻlib qolmoqda.

Amaldagi turizm xizmatlari, mehmonxona va oʻxshash joylashtirish vositalari, shuningdek, tasniflash tizimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standarti (OʼzDST 3296:2018)ga muvofiq “Toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalarda umumiy xonalar fondining bir foizi, biroq kamida bitta xonasi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlangan boʻlishi shart”ligi belgilab qoʻyilgan.

Yaʼni bir, ikki va uch yulduzli mehmonxonalar uchun bu talab tegishli emas. Lekin, taklif etilayotgan moddada ushbu toifadagi mehmonxonalar mulkdorlari oldiga qoʻyilayotgan talab ular faoliyatiga mavjud oʻrinlar sonidan kelib chiqib, shuningdek, vaqt va mablagʻ nuqtayi nazaridan qanchalik jiddiy taʼsir qilishi inobatga olinmagan.

Davlat standarti (OʼzDST 3220:2017)ga muvofiq mehmonxonalar 15 ta nomergacha mini mehmonxona, 16-50 nomerlilari kichik mehmonxona, 51-200 nomerlilari oʻrtacha va 200 nomerdan yuqorisi yirik mehmonxonalar toifasiga ajratilgan. Taklif etilayotgan modda aynan 50 oʻringacha boʻlgan kichik mehmonxonalarni rekonstruksiya qilishda ular faoliyatida turli murakkabliklar paydo boʻlishiga olib keladi.

“Insonlarning hayoti va faoliyati muhitini nogironlar ehtiyojlari va aholining kam harakatlanuvchi guruhlarini hisobga olgan holda loyihalash” toʻgʻrisidagi 2.07.02-07 Shaharsozlik norma qoidalariga koʻra nogironlar va qariyalar turarjoylari shaharsozlikning 2.08.01 meʼyoriga muvofiq loyihalanishi kerak.Turarjoylarni loyihalashda kursi-aravachadagi nogironlarning talablari bilan bir qatorda koʻrish va eshitish qobiliyati zaif nogironlarning ham talablari hisobga olinib, maʼlumot signalizatsiyalarining turli moslamalari (tovushli yoki chiroqli)ni qoʻllash nazarda tutilishi kerak.

Kursi-aravachadagi bir nogiron yashashi uchun turarjoy maydoni 14 kvadrat metrdan kam boʻlmasligi (bu oddiy nomerlarga nisbatan 2-5 metr kvadratga koʻp), ikki kishi, shuningdek, biri nogiron boʻlsa, 16 kvadrat metrdan kam boʻlmasligi, kursi-aravachadagi ikki nogiron uchun 18-20 kvadrat metr boʻlishi nazarda tutiladi.

Turarjoyning kiraverishi kursi-aravachalarni qoʻyish (saqlash) uchun kengligi 1,6 m dan, kirish qismining maydonchasi esa 4 kvadrat metrdan kam boʻlmasligi lozim.

Koʻrinib turibdiki, shaharsozlik norma va qoidalariga muvofiq rekonstruksiya qilib, xonalarni qayta tayyorlash uchun mablagʻ va vaqt talab etiladigan bir qancha talablarni bajarish shart. Qolaversa, jihozlar nomi va xususiyatlari ham amaldagi shaharsozlik meʼyorlarida aniq belgilab qoʻyilgan. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslarga boʻshliqda oʻz vaqtida moʻljal olishni taʼminlaydigan va harakat xavfsizligiga yordam beradigan yoki biror bir xizmatlarni olish imkoniyati haqidagi axborot tashuvchilar toʻplami, axborotning taktil (koʻrlar tomonidan sezgi orqali qabul qilinadigan) vositalari, tiflotexnika vositalari – diktofon, brayl shriftli klaviatura, tekstofon - eshitish qobiliyatida nuqsoni borlar uchun axborotni ekranda tasvirlash uchun klaviatura va displey bilan taʼminlangan apparatlar bilan taʼminlangan boʻlishi shart.

Ushbu jihoz va qurilmalar hamda ularni oʻrnatish, ekspluatatsiya qilish ham albatta, muayyan mablagʻga borib taqaladi.

Afsuski, mazkur talablarning hozirgi pandemiya sharoitida eng koʻp zarar koʻrayotgan mehmonxona biznesi bilan shugʻullanadigan kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga qanchalik taʼsir koʻrsatishi hech kimni qiziqtirmayapti.

Yangi qurilayotgan va loyihalashtirilayotgan mehmonxonalarda ushbu talab albatta inobatga olinadi, lekin, ayni paytda faoliyat koʻrsatmayotgan shuningdek, pandemiya sababli oʻzgarayotgan dunyoning iqtisodiy manzarasida mehmonxonalar, ayniqsa, kichik mehmonxonalarga bu talab ogʻirlik qilishi aniq.

Yuqoridagilardan kelib chiqib berilgan bir nechta takliflarning inobatga olinmaganligi, eng qizigʻi, ularni inkor etadigan asos yoki dalillarning keltirilmayotganligi taajjublanarli holdir. Shuningdek, taklif etilayotgan moddada oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan, eshitish yoki koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay sharoit yaratish masalasi qoʻyilgan.

Yana bir savol: Uch toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun bitta xonaning jihozlanishi majburiyligi belgilab qoʻyilishi ham mantiqqa zid emasmi? Ehtimoli kam boʻlsa-da (har holda yoʻq emas) bitta xona bilan bir vaqtda uch toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslarga qanday xizmat koʻrsatish mumkin? Qolaversa, eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulaylik yaratish oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulaylik yaratishga qaraganda bino yoki xonani rekonstruksiya qilish, xona maydonini kengaytirish talab etilmasligini inobatga olsak, har uch toifa uchun alohida-alohida xonalarni jihozlash mehmonxona mulkdorlariga qulay va arzon tushishi mumkin.

Xullas ushbu moddani yuqorida keltirilgan qator fikr va mulohazalardan kelib chiqib, davlat standartlari hamda shaharsozlik qoidalariga asoslangan holda, shuningdek bugungi pandemiya va uning asoratlarini hisobga olib takomillashtirish maqsadga muvofiqdir. Aks holda qonunchilikda ishlamaydigan, mohiyatiga koʻra korrupsiyaga sharoit yaratadigan, jarima va ortiqcha xarajatlarga olib keladigan yana bitta normaga yoʻl ochib beriladi.

Botir MARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?